Линклар

Liviyalik isyonchilar poytaxt Tripoli markazida g‘alabani nishonlamoqda. Shaharning Yashil maydonida isyonchilar osmonga o‘q uzib, xursandchilik qilmoqda.

Liviyalik isyonchilar bugun poytaxt Tripoli markaziga kirib bordi va Tripoli markazida g‘alabani nishonlashga kirishdi.

Aytilishicha¸ isënchilar poytaxtda qarshilikka deyarli duch kelmaganlar, poytaxtliklar ularni iliq kutib olgan.

Shaharni va shaxsan polkovnik Muammar Qaddafiyni qo‘riqlab turgan harbiylar muxolifat tomoniga o‘tgan va inqilobchilar saflariga qo‘shilgan.

Sky News kanali isyonchilar Tripoli markazidagi Yashil xiyobonda muxolifat bayroqlarini xilpiratib, g‘alabani bayram qilayotgani aks etgan tasvirlarni namoyish etmoqda.



Qaddafiyning ikki o‘g‘li Sayful Islom va Sa‘d Qaddafiylar isyonchilar tarafidan qo‘lga olingan.

Xalqaro jinoyat sudi vakili Liviya rahbari Muammar Qaddafiyning o‘g‘illari isyonchilar qo‘lida ekanini tasdiqladi.

Ayni paytda Xalqaro jinoyat sudi ularni hibs etishga order bergan.

Sayful Islom Qaddafiy otasi bilan birga Xalqaro jinoyat sudi tarafidan insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanadi.

Avvalroq Sayful Islom televideniye orqali chiqishida taslim bo‘lmasliklarini ta‘kidlagan.

- Taslim bo‘lish yoki oq bayroq ko‘tarish to‘g‘risida hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu allaqachon rad qilingan. Bu Muammar Qaddafiy yoki Sayful Islom qabul qilgan qaror emas. Bu Liviya xalqi qabul qilgan qarordir, - deb aytgandi kuni kecha Sayful Islom.

Hozircha Muammar Qaddafiyning o‘zi qayerda ekani ma‘lum emas.

Isyonchilar, agar Qaddafiy mamlakatni tark etsa, janglarni to‘xtatishlarini aytishgan.

Qaddafiy matbuot vakili Musa Ibrohim NATOni isyonkorlarni dastaklaganlikda aybladi.

- NATO Tripoli atroflarida hujumlarni kuchaytirib, isyonchi kuchlarning xotirjam shaharga bostirib kirishi uchun yo‘l ochib berdi. Bu shaharda qurbonlar tasavvur qilib bo‘lmas darajada, - dedi Musa Ibrohim.

Qaddafiy matbuot vakiliga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida 1300 odam halok bo‘lgan.

Yakshanba kuni ertalab Liviya poytaxti Tripolida to‘rtta yirik portlashlar sodir bo‘lgani va ortidan boshlangan otishmalar bir necha soat davom etgani haqida xabarlar kelgandi.

Liviyalik isyonchilar mamlakatda 42 yildan buyon mavjud Qaddafiy rejimiga qarshi olti oydan buyon jang olib borayotgan edi.
XS
SM
MD
LG