Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:00

O'zbekiston raqibiga prezident o'g'li shaxsan javobgar bo'ladi


Tojikiston prezidentining o'g'li Rustami Emomali mamlakatning futbol bo'yicha terma jamoasiga mutasaddi sifatida tayinlandi. Uning zimmasiga mamlakat terma jamoasining Jahon chempionati saralash o'yinlarining uchinchi bosqichida ijobiy ko'rsatgichlarga erishishini ta'minlash vazifasi yuklangan.

"Tasodifan" saralash o'yinlarining uchinchi bosqichi "C" guruhiga qo'shilgan Tojikiston terma jamoasi kelayotgan 5 oy mobaynida Jahon chempionatiga chiqish ikoniyatini qo'lga kiritish uchun O'zbekiston, Yaponiya va Shimoliy Koreyaga qarshi kurash olib boradi.

Eslatamiz, 2014 yili Braziliyada o'tadigan Jahon chempionati saralash o'yinlarining uchinchi bosqichida "o'lim guruhi" deya nomlanmish "C" guruhida avvaldan O'zbekiston, Suriya, Yaponiya va Shimoliy Koreya terma jamoalari o'rin olgan edi. Biroq Suriya terma jamoasi qo'pol qonunbuzarlikdan so'ng saralash o'yinlaridan chetlatilgani sabab, uning ikkinchi bosqichdagi raqibi Tojikiston "C" guruhiga "bepul" yo'llanma olgan edi.

Bir qator hukumat lavozimlarini egallab kelayotgan Rustami Emomali Tojikiston Futbol Federatsiyasi prezidenti o'rinbosari hamda Dushanbening "Istiqlol" futbol klubining muassisi va hujumchisi hamdir. "Istiqlol" klubi saytiga bergan intervyusida prezident o'g'li Tojikiston termasiga oson bo'lmasligini aytib o'tdi.

- Albatta biz juda ham kichli guruhga to'g'ri keldik. Guruhni "o'lim guruhi" deb atasa ham bo'ladi. Yaponiya va Shimoliy Koreya terma jamoalari Janubiy Afrikada o'tgan Jahon chempionati qatnashchilaridir. O'zbekiston esa Qatarda o'tgan Osiyo Kubogida yuqori darajadagi o'yin ko'rsatdi. Yaponiya, Shimoliy Koreya va O'zbekiston kabi kuchli jamolalar bilan o'ynab, o'z kuchini sinash va tajribasini orttirish imkoniyati milliy terma jamoamiz uchun ko'p chiqavervaydi. Men o'ylaymanki bizning terma jamoamiz Jahon chempionati saralsh o'yinlarining uchinchi bosqichida munosib o'yin ko'rsatadi, - deydi Rustami Emomali.

Tojikiston terma jamoasi mutasaddisi 2 sentyabr kuni O'zbekiston terma jamoasi bilan bo'ladigan uchrashuvga tayyorgarlik boshlangani haqida ham aytib o'tdi.

- 2 sentabr kuni O'zbekiston bilan bo'ladigan birinchi uchrashuvgacha sanoqli kunlar qoldi. 22 avgust kuni terma jamoamiz Qayraqumda tayyorgarlikni boshlaydi. Ayni damda biz terma jamoamiz safiga chetda faoliyat ko'rsatayotgan legionerlarimizni ham taklif qilmoqdamiz, - dedi prezident o'g'li, Tojikistonning futbol bo'yicha terma jamoasi mutasaddisi Rustami Emomali.

Eslatamiz, Jahon chempionatiga saralash o'yinlarining uchinchi bosqichi O'zbekiston terma jamoasi uchun 2 sentabr kuni Tojikiston bilan bo'lgan uchrashuvdan boshlanadi. O'yin Dushanbe shahrining "Metallurg" stadionida o'tishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG