Линклар

Polkovnik Muammar Qaddafiy o‘z qarorgohini tark etish "taktik qadam" bo‘lganini ta‘kidladi.

Muammar Qaddafiy Tripolidagi radiostansiyalardan biri orqali qilgan murojaatida NATO raketa zarbalariga uchraganidan so‘ng qarorgohini tark etganini aytdi.

O‘z murojaatida Qaddafiy, shuningdek, jangda g‘olib bo‘lish yoki shahid bo‘lishlikka qasam ichgan.

Hozirda Qaddafiyning qayerda ekani noma‘lum bo‘lib qolmoqda.

Kecha Tripolidagi mehmonxonalardan biri oldida tarafdorlariga ko‘rinish bergan Qaddafiyning o‘g‘li Sayful Islom otasi shaharda ekani va oxirigacha turib berajagini aytgan edi.

NATO vakillari esa so‘nggi 24 soat ichida Qaddafiy qarorgohiga qarata zarbalar berilmaganini aytishmoqda.

Qaqshatqich janglar ortidan kecha isyonchilar polkovnik Muammar Qaddafiyning Tripoli shahri Bobul-Aziziya mavzesida joylashgan qarorgohini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan edilar.

Liviya o‘tish davri milliy kengashi qurolli kuchlari vakili Ahmad Umar Bani isyonchilar butun Tripoli uzra nazoratni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lganini aytdi.

- Hozir Bobul-Aziziya, qolavyersa, Tripoli to‘laligicha nazoratimizda. Poytaxtning ayrim qismlari, jumladan, Abu Slimda qarshiliklarga duch keldik, lekin hozir u yer ham tinchib qoldi, qarshiliklar yo‘q, - dedi Bani.

Ayni paytda Tripoli ahli, tun bo‘yi poytaxtning bosh maydonida Qaddafiy tuzumi muxoliflari bayram qilib chiqishdi.

- Qaddafiy 42 yil mobaynida bizni dunyodan uzib qo‘ydi. Dunyo bizni ko‘rishini, his qilishini va bu yerda biz bilan bo‘lishini istaymiz, - deydi qo‘lida qizil, qora va yashil rangli bayroq ko‘tarib olgan muxolifatchilardan biri.

Asnoda Liviya o‘tish davri milliy kengashi yaqin kunlarda o‘z qarorgohini Beng‘ozidan poytaxt Tripoliga ko‘chirish niyatida.

Bu haqda kengash qurolli kuchlari vakili Ahmad Bani ma‘lum qildi.

Janob Baniga ko‘ra, kengash kelasi ikki kun ichida Tripoliga ko‘chadi.

Seshanba kuni isyonchilar Tripolidagi Qaddafiy qarorgohini ishg‘ol etgan va u yerda Liviyani 42 yildan buyon idora etib kelayotgan Qaddafiy haykali, uning hukumati ramziga aylangan harbiy uchqichni g‘ijimlab tashlayotgan oltin musht skulpturasi oyoqosti qilindi.
XS
SM
MD
LG