Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:39

Qaddafiyning o‘g‘li Tripolida ozod kezmoqda


Sayul Islom Qaddafiy tarafdorlari bilan, Tripoli, 2011 yil 23 avgust
Sayul Islom Qaddafiy tarafdorlari bilan, Tripoli, 2011 yil 23 avgust
Isyonchilar hibsga olinganini da‘vo qilgan Qaddafiyning o‘g‘li Sayful Islom Tripolida otasi tarafdorlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Muxolifat jangchilarini “kalamushlar” deb atagan Sayful Islom Qaddafiy rejimi tarafdorlarini isyonchilarga qarshi kurashga chorladi.

- Kelishib olganimizdek, bugun biz qurollanamiz va kalamushlarga qarshi kurashamiz. Inshaalloh!, deya bayonot berdi Sayful Islom.

Dushanba kuni isyonchilar poytaxt Tripolining 95 foiz hududini o‘z nazoratiga olganini iddao qilgan edi.

Liviya rahbarining 39 yoshli o‘g‘li 23 avgusi kuni Tripolidagi xorijliklar to‘xtaydigan mehmonxonada jurnalistlar oldiga chiqdi va otasi Muammar Qaddafiyning poytaxtda, xavfsiz joyda ekanini aytib, shahar isyonchilar nazoratiga o‘tganini rad qildi.

Sayful Islam o‘zining qo‘lga olingani haqidagi uydirmaning NATO va G‘arb hukumatlari tomonidan tarqatilganini ta‘kidladi.

- Birinchidan, men ushbu barcha mish-mishlarni inkor qilaman. NATO va G‘arb zamonaviy texnologiyaga ega. Ular aloqa tarmoqlarini bo‘g‘gan va ularga to‘siq qo‘ygan. Menimcha, ular Libyana tarmog‘i orqali Liviya xalqiga bayonotlar yo‘llagan. Ular davlat televideniyesi eshittirishlarini to‘xtatib qo‘ydi. G‘arb Liviyada tartibsizlik va qo‘rquv tarqalishi uchun axborot va elektron urush olib bormoqda, - dedi Sayful Islom.

Qaddafiyning yana bir o‘g‘li Muhammadning ham ozod ekani¸ hibsdan qochishga muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda.

Dushanba kuni Xalqaro jinoyat sudi matbuot kotibi Liviyada fevral oyida tartibsizliklar boshlanganidan beri insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblangan Sayful Islomni Gaaga sudiga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilayotganini bildirgan edi.

Ayni paytda Muammar Qaddafiyning qayerga g‘oyib bo‘lgani noma‘lum bo‘lib qolmoqda.

Liviyalik isyonchilarning Vashingtondagi elchisi Ali Sulaymon Aujali SNN telekanaliga Qaddafiy qochib ketgan bo‘lishini ehtimolgan soqit qilmadi. U Qaddafiy kuchlari Tripolini uzoq muddat o‘z qo‘lida saqlab turolmasligini aytdi.

- Qaddafiy qanday yo‘l tutishini oldindan aytish qiyin bo‘lgan shaxs. Hozir u har qanday ish qilishi mumkin. Shu paytgacha u nima sababdan liviyaliklarni o‘ldirdi? U janglarda g‘alabaga erishmoqchimi? Yo‘q. Bu qasos. U shunchaki odamlarni o‘ldirmoqchi. U Liviya xalqiga saboq bermoqchi. U o‘z xalqiga qarshi har qanday ishni amalga oshirishi mumkin. Ammo men, u ortiq bunday ish qilish imkoniyatiga ega emas¸ deb o‘ylayman, - dedi liviyalik isyonchilarning Vashingtondagi elchisi.

Seshanba kuni rejim tarafdorlari bilan uchrashgan Sayful Islom bir kun oldin prezident saroyiga uyushtirilgan hujum paytda isyonchilarning katta talafot ko‘rganini ta‘kidladi.

NATO rasmiysi bir-biriga zid ma‘lumotlar olinayotganiga qaramay, Tripoli isyonchilar nazoratida ekani bildirdi.

- Tripoli shahrining aksar hududi Qaddafiyga qarshi kuchlar nazoratida, desak adolatli bo‘ladi. Ammo biz muhim o‘tish bosqichida ekanimizni yoddan chiqarmasligimiz lozim. Liviyadan juda ko‘p, asosan, bir-biriga zid ma‘lumotlar olinmoqda. Ikki tomon g‘alabaga erishganini iddao qilmoqda, - dedi NATO matbuot kotibi polkovnik Roland Lavoi.

Lavoi Qaddafiyning qayerda ekani NATOga ma‘lum emasligini e‘tirof etdi.

Seshanba kuni liviyalik isyonchilar mamlakat rahbari Muammar Qaddafiyning saroyiga hujum boshlanganini ma‘lum qildi.

Ular Bab al-Aziziya saroyidan tashqari poytaxtning barcha hududining o‘z nazoratiga o‘tganini iddao qilmoqda.
XS
SM
MD
LG