Линклар

logo-print

Novosibirskda o‘zbekistonlik lo‘lilar ushlandi


Novosibirskda ushlangan o‘zbekistonlik lo‘lilar asosan shahar axlatxonasidan tunuka va polietilen idishlarni yig‘ib sotish bilan tirikchilik qilganlarini aytmoqdalar.

Novosibirskda ushlangan o‘zbekistonlik lo‘lilar asosan shahar axlatxonasidan tunuka va polietilen idishlarni yig‘ib sotish bilan tirikchilik qilganlarini aytmoqdalar.

Novosibirsk rasmiylari Rossiya hududida noqonuniy yurgan muhojir lo‘lilarni qo‘lga oldilar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Novosibirsk viloyat migratsiya xizmati xodimlarining mahalliy politsiyachilar bilan birgalikda olib borgan “Noqonuniy migrant” reydi chog‘ida 27 kishi ushlangan.

O‘zbekistonlik lo‘lilar ekani aytilayotgan bu shaxslar Novosibirskning Dzerjinsk tumanidagi tashlandiq hovlida istiqomat qilayotgan bo‘lgan.

Novosibirsk viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarining ma‘lum qilishlaricha, ichida 7 nafar balog‘atga yetmaganlar bo‘lgan lo‘lilarning bir qismi yog‘och uyda, qolganlari esa kartonu matolardan tiklangan chodirlarda yashaganlar.

O‘zbekistonlik lo‘lilarning hujjatlari tekshirilganda ularning Novosibirsk viloyatida noqonuniy yurgani, ulardan ayrimlarining Rossiyada yurish muddati iyul oyidayoq, ba‘zilariniki esa avgust oyi boshida tugagani aniqlangan. Chor-atrofda yashagan kishilarning aytishlaricha, ular bu uyga bahordayoq ko‘chib kelganlar.

“Migratsiya xizmati nozirlari lo‘lilar O‘zbekistondan Novosibirsk viloyatiga “pul ishlash” maqsadida kelganlarini aniqlab bildilar. Biroq pul topish jarayonining o‘zi uncha tushunarli bo‘lmayapti. Hovlining har yog‘ida iflos likoplar, choynaklar, kanistrlar, turli-tuman temir-tersak qalashib yotardi. Lo‘lilarning o‘zlari har kuni erkagu ayol jam bo‘lib, shahar axlatxonasiga borishlarini, u yerdan tunuka bankalar, polietilen xaltalar, butilkalar terib kelib topshirib, buning evaziga 100-150 rubl topishlarini aytdilar”, deya keltiradi Novosibirsk viloyat migratsiya xizmatining matbuot xizmati.

Pirovardida Novosibirskda noqonuniy yurgan lo‘lilarning 13 nafarini mamlakatdan badarg‘a qilinish uchun sudga hujjatlar yuborilgan, shuningdek, bu holat bo‘yicha 20 ta ma‘muriy bayonnoma tuzilgan. Endilikda o‘zbekistonlik bu noqonuniy muhojirlarning har biri 2 mingdan 5 ming rublgacha jarima to‘lashi lozim bo‘ladi.

Ayni paytda ularga uyini topshirib qo‘ygan kishining shaxsi ham aniqlanmoqda. Agar uy egasi topilsa, mahalliy qonunchilikka ko‘ra, u ham ma‘muriy javobgarlikka tortiladi.

Novosibirsk viloyat migratsiya xizmatining matbuot xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda o‘zbekistonlik lo‘lilar bor-budini yig‘ishtirib, Rossiya hududini tark etishga chog‘lanmoqdalar.
XS
SM
MD
LG