Линклар

logo-print
Viloyat hokimi qahriga uchragan yuzdan oshiq fermer ikki hafta mahalliy kollej yotoqxonasida "harbiy holat"da ushlab turilgan.

Ozodlik manbalarining xabar qilishicha¸ Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumani fermerlari kasb-hunar kolleji yotoqxonasida ikki haftalik kechayu kunduzni “birgalikda” o‘tkazganidan so‘ng, ularga uy-uylariga tarqalishga ruxsat berilgan.

Viloyat hokimi buyrug‘iga ko‘ra, fermerlar dala ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik va hokimiyatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshiriq olib turish uchun, ikki hafta mobaynida ko‘rpa-to‘shagi bilan tunni birga o‘tkazishga majbur qilingan.

Ozodlik besh tunni boshqa hamkasblari bilan kollej yotoqxonasida o‘tkazgan jarqo‘rg‘onlik fermer bilan suhbatda bo‘ldi:

Ozodlik: Tungi navbatchilik hali ham bo‘lyaptimi?

- Yo‘q. Kecha tugatib keldik.

Ozodlik: Necha kun bo‘ldingiz?

- Men dam olishda edim. Chaqirib olishdi. Besh kecha bo‘ldim. Qolganlar mendan ko‘proq turishgan.

Ozodlik: Xo‘sh, nima ish qildilaring tunda navbatchilikda?

- Hech narsa, yotib dam oldik, selektor eshitdik.

Ozodlik: Oziq-ovqat, yeb-ichish kimning hisobidan bo‘ldi?

- Kimning hisobidan bo‘lardi, o‘zimizningda. Fermerlar pul tashlashib u bu narsa olib keldirib yedik, deydi ismi sir tutilishini so‘ragan jarqo‘rg‘onlik fermer.

Jarqo‘rg‘on tumani kollejining ismi oshkor etilishini istamagan o‘qituvchisiga ko‘ra, yuzga yaqin fermer xuddi harbiy holatdagiday ko‘rpa-to‘shaklari bilan kollej yotoqxonasiga kelib yotib olgan va ularga nisbatan qattiq tekshiruv joriy qilingan:

- Mana hozir hamma fermerlarni bitta joyga yopib o‘tiribdi. Misol uchun¸ 100-100ta fermerni gruppa qilib, kollejlarning yotoqxonalariga yotqizyapti. Buni ustiga har bitta fermer yotoq joyi uchun 10-15 ming so‘mdan pul ham to‘laydi. Kechasi esa armiyadagiga o‘xshab pereklichka qilib chiqadi. Yana yarim kechasi ham turg‘izib, pereklichka qilar ekan. Ertalab esa hammani ishiga jo‘natar ekan. Kechqurun esa qilingan ishlar haqida hisobot olinar ekan. Xuddi harbiy holatday, deydi Jarqo‘rg‘on kolleji o‘qituvchisi.

Suhbatdoshga ko‘ra, viloyat hokimligi bunday "harbiy safarbarlik" sababini, qishloq xo‘jaligida favqulodda holat yuzaga kelgani bilan izohlagan:

- Men o‘zim o‘qituvchiman, hech kim bilmaydi, nima uchun shunday qilinganini. Bizda viloyat hokimi bor, Turob Jo‘rayev degan. Hammani so‘kadi, fermer bormi, ayol bormi, farqi yo‘q, so‘kadi. Yana “ona” bilan so‘kadi. O‘zi ilgari Maorif vaziri bo‘lib ishlagan, endi surxondaryoliklarni faqat onasi bilan “siylayapti”. Eshitishimcha, hatto tuman hokimlarini ham urib, so‘kar ekan. Mana shunday boshqaruv ketyapti-da, Surxondaryoda, deydi o‘z xavfsizligi uchun ismini sir tutishga majbur bo‘lgan surxonlik o‘qituvchi.

Jarqo‘rg‘onlik boshqa bir suhbatdosh, O‘rol aka fermerlarning ikki hafta tunu kun safarbar qilingani sababi ochilgan paxtani o‘g‘rilardan himoyalash ekanini aytadi:

- Bir hafta oldin shunday bo‘lgan to‘g‘ri. Paxta ochilgan, uni terishga hali ruxsat bo‘lgani yo‘q. Lekin kechqurunlari o‘g‘rilar terib ketayotgan ekan, shunga fermerlarni ikki hafta rosa qattiq ushlabdi, deydi O‘rol aka.

Qiziriq tumanida fermerlik qilayotgan Abdurahmon aka so‘zlariga ko‘ra, Jarqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan paxta o‘g‘irlash holati viloyat hokimining fermerlarni bir joyga qamab jazolashiga bahona bo‘lgan:

- Jarqo‘rg‘onda shunday fakt bo‘lgan. Viloyat prokurori bilan Jarqo‘rg‘on tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, bir fuqaroning paxta ko‘saklarini yulib, paxtani terib olayotgan paytda shu voqeaning ustidan chiqib qolgan. Shuning uchun jarqo‘rg‘onlik fermerlarga shunday choralar qo‘llanilgan, toki ular bee‘tibor bo‘lishmasin degan maqsadda, deydi fermer Abdurahmon aka.

Surxondaryo viloyat hokimligi qoshidagi Qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha bo‘limining o‘zini tanishtirmagan yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda, fermerlarni majburiy yotoqqa jalb qilinishi yuzasidan hech qanday axborot berolmasligini aytdi.
XS
SM
MD
LG