Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:05

O‘zbekistondan Rossiyaga nos olib kelish cheklandi


O‘zbekistondan Rossiyaga nikotin moddasiga ega mahsulot hisoblanmish nos olib kirish cheklandi va kishi boshiga 250 gramm qilib belgilandi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Rossiya so‘roviga asosan bu mamlakatga nos olib o‘tish cheklangani va kishi boshiga 250 grammdan ziyod bo‘lmagan miqdorda nos olib kirishga ruxsat berilgani haqida qaror chiqardi.

“Ko‘rsatilgan miqdordan oshgan bu turdagi mahsulot musodara etiladi va yo‘q qilinadi”, deyiladi milliy aviakompaniyaning matbuot markazi tarqatgan xabarnomada.

Namangan aeroportining o‘zini tanishtirmagan xodimi so‘zlariga ko‘ra, bu taqiq Rossiyaga chiqayotgan barchaga tegishli.

- Yo‘q, faqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” emas, balki umuman Rossiga kirishda har bir kishiga 250 grammdan ruxsat berilgan, xolos. Sababini bilmadim. Bizga telegramma keldi: Rossiyadan xat bilan aviakompaniyamizga chiqqan, keyin bizga xat kelgan.

Nosni tovar sifatida olib ketmoqchi bo‘lsangiz¸ siz tamojenniy komitetga borasiz, o‘shalardan maslahat so‘raysiz, hammasi zakonniy bo‘lsa¸ biz jo‘natavyeramiz – uning muammosi yo‘q yuk tashishga. Lekin buning uchun valyuta hisobi bor yuridik shaxs bo‘lishi kerak, muammo shunda, deydi Ozodlikka “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining Namangandagi vakili.

Ayni cheklov “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat Aksiyadorlik Temir Yo‘l Kompaniyasida ham joriy etilganini kompaniyaning Yuk va yo‘lovchilarni tashish bo‘limining o‘zini Ziëda deb tanishtirgan xodimasi ma‘lum qildi.

U nos tashishning ajoyib va zamonaviy o‘lchov vositasi joriy qilinganini gapiradi.

- Ruxsat yo‘q ekan. Faqat bitta baklashkaga mumkin ekan, u ham bo‘lsa faqat o‘zingiz uchun ekan. A tak Rossiyada uni kontrabanda deyishar ekan, narkotik hisoblanar ekan. Sababini bilmadik. Buyruq chiqqan shunaqa. Bu narsa bizda oddiy nos hisoblangani bilan Rossiyada narkotik hisoblanadi. Shu sababli cheklangan. Uni baribir u yerda tamojnyadan o‘tkazmaydi. Bitta 1,5 litrli baklashkaga mumkin, undan ortig‘ida ruxsat yo‘q, deydi O‘zbekiston temir yo‘l xizmati xodimasi.

Demak, nosni O‘zbekistondan Rossiyaga olib kirish ham havo yo‘li, ham temir yo‘l orqali keskin cheklandi.

O‘zbekiston Bojxona xizmatida bu taqiq nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlarga ham taaluqli ekanligini bildirishdi.

- Ha, ta‘qiqlangan. 200 gram ruxsat etilgan hozircha hamma mamlakatlarga. Sababini aytishmadi. Bu qaror kuchga shu oyning boshidan kirdi, dedi O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi rasmiysi.

O‘zbek rasmiylarining iddaolariga ko‘ra, bunday cheklov joriy etilishiga birinchi navbatda Rossiya O‘zbekistonga yo‘llagan so‘rov asos bo‘lgan.

Millionlab mehnat muhojirlarining so‘nggi yillarda Markaziy Osiëdan Rossiyaga ommaviy ravishda ko‘chib kelaëtgani oqibatida mahalliy aholi orasida nosning keng ommalashishi kuzatilmoqda. Bundan xavotirga tushgan mahalliy qonun chiqaruvchi vakillar mintaqalarda nos savdosini cheklash urinishlarini kuchaytirmoqda.

2009 yil dekabrida Kemerovo viloyatida gubernator Omon Tuleyev tashabbusi bilan nos va boshqa qator tamaki mahsulotlarini sotish va ishlab chiqarish umuman taqiqlandi.

Rossiyaning boshqa o‘lkalarida “Tamaki mahsulotlarining texnik reglamenti”, deb nomlangan amaldagi hujjatga binoan nos oddiy chaynaladigan tamaki mahsulotiga tenglashtirilgan.

Rossiya Bojxona xizmati rasmiy vakili Larisa Ledovskix Ozodlik bilan suhbatda nosning Rossiyada yengil narkotik sirasiga kiritilmaganini tasdiqlaydi.

- Nos tamakining sochma turi bo‘lib, bojxona qoidalariga ko‘ra bir kishi xoh Qozog‘istondan, xoh O‘zbekistondan 250 grammdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda olib kirishi mumkin. U narkotiklar turiga kirmaydi. Bu yangilik shu yilning 1 iyulidan joriy qilingan. Qolgan ma‘lumotlar “Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish qoidalari”, degan hujjatda yoritilgan, deydi Ozodlik bilan suhbatda Rossiya Bojxona xizmati matbuot bo‘limi rahbari Larisa Ledovskix.

Nosga qarshi kurashning nafaqat Rossiya, balki MDHning boshqa mamlakatlarida ham boshlanganini kuzatish mumkin.

Jumladan, 2008 yilda prezident Berdimuhamedov Turkmanistonda nos ishlab chiqarish, sotish va mamlakatga olib kirishni taqiqlovchi qarorga qo‘l qo‘ydi.

Buning ortidan Qozog‘iston va Tojikiston parlamentlarida nosni taqiqlash to‘g‘risida muhokamalar boshlandi.

Rossiyaning Novosibirsk o‘lkasida mehnat qilayotgan yangiyerlik Akbarjon hozircha Rossiyada nos sotib olish muammosi yo‘qligini gapiradi.

- Ha, nos chekaman. Bolalar olib keladi, bo‘lmasa bozordan olamiz. Bir paketchasi 15-20 rubl. Bizning bozorda doimo bor. Bir-ikki oy oldin orada yo‘qolib qoldi, keyin yana paydo bo‘ldi. O‘zim ham yarim kilo- bir kilo olib kelaman, odatda. O‘ris qizlarni bozorda olib nos chekkanini ham ko‘rganman. Sotuvchi tanish edi, “Nima qiladi?”, desam “Bu mening postoyanniy kliyentlarim”, dedi. Bir xilda rus bollar ham so‘rab keladi nosni. Hammasi biladi, bizdan yaxshi biladi, deydi Akbarjon.

Rossiyadagi “Grandtabak” tamaki mahsulotlari distribyutorlari assotsiatsiyasi 2004 yili o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Rossiyaga 67 tonna nos olib kirilgan.

Markaziy osiëlik muhojirlar soni bir necha barobarga ko‘paygan 2011 yilga kelib Rossiyaga yiliga qancha nos olib kirilayotganini hech kim hisoblaganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG