Линклар

logo-print

Dunyodagi o‘zbeklar: kim, qayerda, qanday iftor qilayapti?


Koreya ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar bugungi iftorlikka o‘zbekcha osh qilishibdi.

Koreya ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar bugungi iftorlikka o‘zbekcha osh qilishibdi.

Koreya ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar bugungi iftorlikka o‘zbekcha osh qilishibdi.

Ramazonning 23 kunida Ozodlik muxbiri turli davlatlarda ro‘za tutayotgan o‘zbekistonliklar huzuriga iftorga "bordi".

Birinchi bo‘lib, Toshkent vaqti bilan soat 13:30, Praga vaqti bilan 10:30 bo‘lganda yer yuzida iftorlikni birinchilardan bo‘lib qiladigan Rossiyadagi Primore o‘lkasiga bog‘landik.

Rossiya -"Bizda iftor qorinparastlik emas"

Naxodka shahrida yashayotgan asli o‘zbekistonlik imom Damir Eshmuhammedov ayni biz bog‘langan kezda iftorlikka otlanib turgan ekan.

- Naxodkada katta machit bor. Har kuni iftorga 50-60 kishi yig‘ilayapti.

Ozodlik: Jamoatdagilarning qanchasi o‘zbek?

- Bu yerda o‘zbeklar kamroq. 20-30 kishi bor. Vladivostokda juda ko‘p o‘zbeklar. 80 foiz o‘zbeklar.

Ozodlik: O‘zbeklar iftori bo‘larkanda-a?

- Vladivostokda shunaqa.

Ozodlik: Iftorlikda dasturxon qanaqa bo‘ladi?

- Asosan o‘zbekcha. Ko‘proq osh, sho‘rva qilishayapti. O‘zi odatan bitta ovqat. Bu yerda odamlar maishatparastlikka emas, ko‘proq ibodatga yig‘iladi.

Ozodlik: O‘zbekistonda iftor salkam ziyofatbozlik. O‘zbekistonda iftorga borsangiz, nechta ovqat yerdingiz?

- Shunaqa edi endi. U yerda endi ko‘proq maishatparastlik, qorinparastlik. Bu yerda ko‘proq ma‘naviyatga, ibodatga ko‘proq qaraladi.

Ozodlik: Hali og‘zingiz ochilgani yo‘q, bunaqa savol berayotganim uchun uzr. Sizga Toshkentdagi iftor ko‘proq yoqarmidi yoki Vladivostokdagi yoqadimi?

- Albatta Toshkentda yaxshi bo‘ladi. Chunki u yerda to‘kin-sochin, o‘zimizda pishgan meva-chevalar. Endi faqatgina ovqat uchun emas-ku. Qarindosh-urug‘lar, og‘aynilar qolgan. O‘sha narsani ko‘proq sog‘inadi endi, - deydi Damir Eshmuhammedov.

“O‘ldirsa osh o‘ldirsin”, deyishardi O‘zbekistondagilar. Rossiyada imomlik qilib yurgan Damir aka uchun iftor xuddi vatandagidek osh va uning ustiga yana osh ekan.

Avstraliya - "Yurtda iftor zo‘r edi, ammo bu yerda erkinlik bor"

Bu yerdan keyin shosha-pisha Avstraliyaga qo‘ng‘iroq qildik. Adelaidadagi suhbatdoshimiz Ravshanbek Vahobovga bog‘langanimizda, iftorga birozgina kech qolibmiz. Bu yerda og‘iz kechki 6 dan o‘tiboq ochilayotgan ekan.

- Iftorga jinday kech qoldinglar.

Ozodlik: Sizlar ham iftorga machitga yig‘ilasizlarmi?

- Ba‘zan machitda yig‘ilamiz. Katta machitimiz bor Abu Bakr Siddiq nomli.

Ozodlik: Iftorda qancha odam yig‘iladi?

- 70-80 ta.

Ozodlik: Odatan qanaqa ovqatlar bo‘ladi?

- Bu yerda uyg‘urlar bor, turklar bor. Turklarning oshi, uyg‘urlarning har xil xamirli taomlari, shashlik pishirishni yaxshi bilishadi, lag‘monlar.

Ozodlik: Sizlarda iftor to‘kin-sochinroq ekan-da. Har holda, O‘zbekistondagi ovqatlarni u daraja sog‘inmaydigan ekan.

- Har qalay eplayapmiz. Bu yerda hatto tandir ham qurib olganmiz. Somsalar yopayapmiz. O‘zbekistonlik akalar, opalar, oshna-og‘aynilar bor. O‘zimizning yurtda ham o‘tirardik shunaqa qilib, lekin mana bu yerdagining o‘ziga yarasha erkinligi bor, - deydi Adelaidadagi suhbatdoshimiz Ravshanbek Vahobov.

Adelaidadagi o‘zbek ro‘zadorlar ham o‘zbekcha tandirda non yopib, somsa pishirib, uyg‘urcha lag‘monlar bilan iftor qilayotgan ekan. Xuddi vatandagidek. Ammo Ravshan aka uchun Adelaidadagi ibodatda Andijonda bo‘lmagan erkinlik bor ekan.

Koreya - "Bu yerda musulmon oz, ammo musulmonni tushungan ko‘p"

Ozodlikka kunda-shunda bog‘lanadigan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi Koreyadan.

Uchinchi bo‘lib Toshkentdan 4 soat oldin iftorlik qiladigan Koreyaning Chin-Chan shahridagi o‘zbekistonlik Alijon Karimovga qo‘ng‘iroq qildik.

Bu yerdagi iftorga ulgurdik va Alijon aka har kuni o‘zining shinamgina qarorgohida bo‘ladigan iftorlik haqida biz bilan o‘rtoqlashdi.

- Iftor 15 minutdan keyin (suhbat 23 avgust kuni yozib olingan - tahr.).

Ozodlik: Qayerda iftor qilasiz bugun?

- Xonada-da.

Ozodlik: Ahli musulmon yig‘ilib iftorlashadigan joy yo‘qmi?

- Ro‘za tutadigan odamning o‘zi kam-da.

Ozodlik: Pokiston, Hindiston kabi boshqa davlatlardan borganlar yo‘qmi?

- Ulardan boru faqat o‘z kuniga o‘zi bilan bo‘lib yuribdi hammasi.

Ozodlik: Yoningizda machit yo‘qmi?

- Yo‘q. Hayit bayramiga Icheonga borib kelsammi, deb niyat qilib turibman.

Ozodlik: U yoqda machit bormi?

- Seulning machitida.

Ozodlik: Seulda o‘zbek ham ko‘p-a?

- O‘zbeklar ham, boshqa millatlar ham ko‘p. Musulmon millatlar ko‘p.

Ozodlik: Bugun iftorga nima yeysiz?

- Qovurilgan tuxum, qovurilgan baliq, qaynatilgan mol go‘shti, qaynatilgan guruch. Har ikki-uch kunda o‘zimiz non qilamiz. Sharoit zo‘r, yaxshi, Xudoga shukur. Ertalab 4.30 da yopayapman, kechqurun 7.15 da ochayapman. Bu yerda karislar “sen och qolib ketayapsan” deydi. Musulmonchilikni tushunmaydi-da. “Ozgina bo‘lsa ham yeyavyer”, deydi. Ular musulmonchilikni tushunmasa ham menga sharoitni yaratib berib qo‘yibdi. Rahmat shunga.

Ozodlik: O‘zbekistonda ham ro‘za tutarmidingiz?

- To‘rt-besh yil tutgandim, Xudoga shukur.

Ozodlik: U yoqdagi iftor qandayu bu yerdagi iftor qanday bo‘layatpi?

- O‘zbekistonda yaxshi edi, Xudoga shukur.

Ozodlik: Birinchisiga somsa, somsaning yonida suyuq, suyuqning ketidan quyuq shirinliklari bilan.

- Bu yoqdan osh, bu yoqdan yana nimadir. Baribir o‘zimizning vatan yaxshi. Endi bu yerda ro‘zg‘or tebratay, o‘zgartirish kiritay, deb ishlab yuribmiz-da. U yoq-bu yog‘imizni to‘g‘rilab olsak, farzandlarimizni o‘qishga kiritib olsak, keyin o‘zimizda o‘qib yuravyeramiz, - deydi Koreyadagi Alijon aka.

Koreyada e‘tiqod boshqa, shunga ko‘ra, musulmon uchun shart-sharoit ham boshqa. Ammo, eshitganingizdek, Alijon aka Hayit namozi uchun Seulga borishni niyat qilib turibdi. Musulmonlar eng yirik konfessiya o‘laroq dunyoning har bir yirik shahrida katta-katta masjidlariga ega. Seuldagi masjidda o‘zbeklar ko‘pchilik ekan.

Malayziya - "Malay politsiyasi soqolimni ko‘rib salom beradi"

Koreyadan keyin Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga yo‘l oldik. Bu yerda o‘zbekistonlik taqvodor tinglovchilarimizda biri Muhammad Oshiq yashamoqda.

Biz bog‘langan kezda u kishi iftorlik uchun moshxo‘rda qilayotgan ekan. Uyiga mehmon aytibdi.

- 15 minutlardan keyin og‘iz ochish vaqti bo‘ladi.

Ozodlik: Bugun qayerda iftor qilasiz?

- Uyga Bangladeshdan bir do‘stimizni taklif qilgan edim. Muhammad Imronxon degan do‘stimiz.

Ozodlik: Bugunga mehmonga iftorga nima berayapsiz?

- Iftorga to‘g‘risini aytsam, moshxo‘rda qilayapman. Bular achchiq narsa yeydi. Yeydigan narsasi ko‘proq guruch bilan tovuq. Ko‘proq achchiq narsa-da. yonimda politsiyaxona bor. Hovlisining ichida juda ham katta machiti bor. Hamma joyda hozir iftorlikka tekinga tarqatadi. Misol, 40 etajli binoda turaman. Yettinchi qavatida machiti bor. O‘sha yerda kamida 100 ta odam namoz o‘qiydi. O‘sha yerda hovlisi bor. Bolalar o‘ynaydigan maydoncha, cho‘miladigan basseyni bor, daraxtzor, gulzor. 40 etajli binoning yettinchi qavatida hamma sharoitlar bor. Ko‘chalarning fayzini ko‘rsangiz, hamma yog‘ida bayram.

Ozodlik: Siz boradigan machitda qancha o‘zbek bor?

- Yo‘q o‘zbek. Bu yerda menga politsiyalar salom beradi katta soqolimni hurmat qilib, islomiy kiyimda yuraman. Bizdagi militsiyalar kelib bu yerdagi politsiyaxonani ibrat uchun ko‘rib ketsa edi, - deydi Muhammad Oshiq.

Muhammad aka bilan suhbatlashadiganimiz ko‘p qiziq mavzular bor ekan. U kishi bir muddat avval Jasliq qamoqxonasida o‘tirib chiqqan. Taqdirning taqozosi bilan “Borsa kelmas” nomini olgan qamoqxonada o‘tirgan odam bugun aksar musulmonlar orzu qiladigan Malayziyadek islomiy davlatda uch-to‘rtta oshna-og‘ayniga iftor berayapti. Iftorlik ham sunnatga muvofiq kamtargina – bir kosadan suyuq ovqat va meva-cheva. Go‘zal, xullas.

Eron - "Odam qanchalik haqqini tanisa, shunchalik ozod yasharkan"

Meridianlar osha navbat Toshkent vaqtidan 1 soat orqada bo‘lgan, boshqacha aytsa, o‘zbekistonliklardan bir soat keyin og‘iz ochadigan Eronga keldi.

Bu yerda Ozodlikka ko‘p-ko‘p murojaat qilib turadigan yana bir o‘zbekistonlik Hazrat Jo‘rayev bor. U kishi ham o‘sha atroflarda yashab yurgan yagona o‘zbekistonlik ekan.

- Bir o‘zim.

Ozodlik: Qolganlari mahalliy xalq-a?

- Balujlar, pokistonliklar, bangladeshliklar, afg‘onlar.

Ozodlik: Iftor qanaqa bo‘ladi odatan?

- Yengil iftor bo‘ladi. Oldin azon aytiladi. Azondan keyin qatiq, sut, xurmo, meva, tarvuz-qovun. Endi bu yerda hamisha issiq, hamisha meva bor. Taxminan 15-20 daqiqa iftor qilinadi. Keyin namoz o‘qiladi. Namozdan keyin choy ichiladi. Keyin tarovyeh o‘qiladi. Tarovyehdan keyin ovqat olib keladi. Ovqati yaxshi ularning. Go‘sht, tovuq, baliq - shunaqa yaxshi ovqatlarni olib keladi. Erta bilan saharda asal, qaymoq. Semirib ham qoldik.

Ozodlik: Iftordagi ovqatlarni kim tayyorlaydi?

- O‘zi tayyorlaydi bular. Savob uchun tayyorlaydi. Biz faqat machitda o‘tirib, Qur‘on o‘qiymiz. Hind okeanining yonida bir xillarining to‘rttadan uyi bor, to‘rttadan xotini bor. Uyida ikkita-uchtadan yaxshi mashinalari bor. Men “O‘zbekistondanman, din uchun kelganman” deganimdan keyin 5000 dollar yig‘ilib qoldi taqriban. Men ulardan so‘raganim yo‘q pul ber deb. O‘zi beradi. Puli ko‘p bu odamlarning. O‘zlari ham yaxshi odamlar. Bittasi ishlaydi, uyida 20 tasi yeb yotadi. Shunaqa bir ajib odamlar. O‘zbekistonday odamlarni bosim ostiga olishni men hech qayerda ko‘rmadim. Qayerga borsangiz, ozod odamlar. Odam har qancha o‘z haq-huquqini yaxshi tanisa, shuncha ozod yasharkan-da. Oxiri shu xulosaga keldim, - deydi Hazrat Jo‘rayev.

Hazrat Jo‘rayev ahli ilmlardan. Ko‘p yillar davomida Eronning tog‘li qishloqlarida imomlik qilgan.

O‘zbekiston - "Iftorlar ham ancha tejog‘lik bo‘lib qoldi"

Keyin esa navbat O‘zbekistonga keldi. Eshitganingizdek, hamma tinglovchilarimiz O‘zbekistondagi iftorliklarni sog‘ingan. Toshkentlik Abdulla aka bugun iftorni uyida qiladigan ekan.

- Kafelarda yoki uyda qilamiz.

Ozodlik: Jamoat joylarida birga iftor qilsa bo‘layaptimi?

- Bemalol, ha bo‘ladi. Uje odamlar ham o‘rganib qolgan. Oldinroq borib, zakaz berib, joy band qilib ulfatlari bilan kelishayapti.

Ozodlik: Tekinga berilayotgan iftorlar ham bormi?

- Mahallalarda bo‘ladi.

Ozodlik: Bir-ikki yil oldin shunaqa iftorlar bo‘lardi-a Toshkentda?

- Bo‘lardi. Yana bitta narsa bor. Oldinlari kafelarda “iftorlikka marhamat” degan yozuv bo‘lar edi. Bu yil o‘sha narsa yo‘q bo‘ldi. Zapret bo‘ldi. “Iftorlikka marhamat” deb yozib qo‘yish qat‘iyan man qilingan.

Ozodlik: Mana hozir dunyodagi o‘zbeklar iftorni qanaqa qilayotganini gapirib berdi. Ko‘pchiligi baribir O‘zbekistondagi iftorliklarni sog‘inishar ekan.

- Albatta bizlarda turli-tuman mevalar, noz-ne‘matlar, taomlar, shirinliklar bilan to‘ldirib qo‘yiladi.

Ozodlik: "O‘zbekistonda iftorlik emas, ziyofatbozlik bo‘ladi" degan tanqidlar ham bor. Shunaqa bo‘layaptimi hozir ham?

- Oldingiga qaraganda odamlarning ilmi ancha o‘sib qolgan. Sakkizta odam o‘tiribdi deylik. Yeganda ortib qolmaydigan, to‘ymay qolmaydigan kirib kiritiladi.

Ozodlik: Bugun iftor uyda ekan-da.

- Xudo xohlasa, bugun uyga yetib keldik ishdan.

Ozodlik: Bugun iftorga nima bo‘layapti?

- Suyuq ovqat ichamiz, saharlikka quyuqroq u-bu narsa pishiramiz.

Ozodlik: Og‘iz necha soat yopiq bo‘layapti?

- 15 yarim soatlar bo‘layapti, - deydi Abdulla aka.

Abdulla akaga ko‘ra, Toshkentda bo‘layotgan iftorlarda isrof kamayib qolgan. Ammo shunda ham tartib o‘sha-o‘sha – avval suyuq, keyin quyuq, keyin shirinlik, keyin qovun-tarvuz va hokazo.

Turkiya - "Turklarda ham taom mazasi mehmon nufuziga bog‘liq"

O‘zbekistonga sig‘magan ko‘p ahli ilmlar Turkiyada yashamoqda. Toshkentdan bir soat orqada bo‘lgan Istanbul shahridagi Qodirjon Abduhakimga qo‘ng‘iroq qildik. Bu kishi bugun iftorni uyida qilishni rejalab turgan ekan. Turkiyada ham bu yil shahar markazlaridagi chodirlarda tekinga tarqatiladigan iftor yemaklarining ko‘lami qisqaribdi.

- Rayon, shahar, viloyat hokimliklari chodir qurib, insonlarga ma‘lum bir miqdorda yordam berishadi. Keyingi yillarda bu narsa cheklandi. “Uning o‘rniga ehtiyoji bo‘lgan oilalarga yordam beraylik. Shu bilan birga shahar atrofida chodir qurishni davom ettiraylik” deyapti.

Ozodlik: Asosan qayerlarda iftorlik qilayapsiz?

- Ko‘pincha uy iftorliklariga borayapman. Ko‘pincha turk oilalariga boraman.

Ozodlik: Qanaqa bo‘layapti iftorliklar?

- Mazali. Marjimak (yasmiq) sho‘rvasi keladi, keyin asosiy ovqat keladi.

Ozodlik: Odatda orqasidan totlisi bo‘ladi-a?

- Totli bo‘ladi. Arzoni bo‘lishi mumkin, qimmati bo‘lishi mumkin. Mehmonga qaraydi-da. Boy mehmon bo‘lsa, qimmat totli bo‘ladi, aksincha bo‘lsa teskarisi.

Ozodlik: Turklar ham bu masalada o‘zbeklardan qolishmaydi-a?

- Istanbulda yashash oson emas. 1500-2000 lira maoshi bo‘lishi kerak. Kamida 1000 dollar atrofida. Xuddi o‘zbekcha. Faqat ovqat turlari, taomlarni tortiq qilish restoranga o‘xshash. Bular choyni keyin ichadi, bizda oldin ichiladi.

Ozodlik: Bizda aralashtirib ham ichilavyeradi. Mazada kim ustaroq?

- O‘zbekistonniki yaxshi. Noni ham, tuzi ham, shakari ham yaxshi, - deydi Qodirjon Abduhakim.

Shvyesiya -"Dunyoda ochlik bor kezda musulmon taom tanlamasa yaxshi"

Misrdan so‘ng Shvyesiyaga bog‘landik va odatan “Ro‘za qandoq tutiladi, iftorlik qanday bo‘ladi?” kabi ibodatga oid savollarga javob olib yurganimiz Obid qori Nazarovdan bu gal “Sizning o‘zingiz qanday iftorlik qilasiz, qayerlarda qilasiz?” deb so‘rab ko‘rdik.

- Bismillahir rohmanir rohiym. Aslida kim qayerda iftorlik qiladi - o‘zining ixtiyori. Lekin odamlar mana shu fursatdan foydalanib, ya‘ni "ro‘za tutgan odamning ozgina savobicha savobga ega bo‘ladi iftorlik qildirgan odam" degan hadisga binoan insonlar bir-birlarini iftorlikka taklif qiladilar. Biz bugun bir birodarimiz bilan iftorlik qilmoqchimiz.

Ozodlik: Mehmonga aytilgansiz ya‘ni?

- Yo‘q, mehmonga emas. Biz o‘zimiz u insonning ziyoratiga borib, birga iftorlik qilishga niyat qilgandik.

Ozodlik: Nimalar bo‘ladi bugun iftorga?

- Iftorda nimalar bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Olloh nasib etgan narsa bo‘ladi. Iftorlikda oddiy, yengilroq taom bilan kifoyalangan yaxshi, deb bilamiz. Ammo har kimda har xil qoida. Men eshitayapman ba‘zi birodarlar iftor paytida ko‘proq ovqatlanishar ekan va shu bilan saharlik ham qilishmas ekan. Lekin yaxshisi saharlikda albatta turish kerak. Saharlik sunnat. Unda baraka bor. Og‘iz ochilgandan keyin xurmo, suv bilan, shom namoziga boriladi. Kelgandan keyin suyuq ovqat iste‘mol qilinadi. Shu bilan tarovyeh namozining vaqti keladi. Tarovyehni tugatish bilanoq bizda saharlik boshlanadi va saharlikni qilib bomdod namoziga chiqamiz.

Ozodlik: Oralig‘i necha soat?

- Hozir saharlik 2.35 da tugatiladi. Iftorlik 10 minuti kam 9 da. Mana shuning orasida shom, xufton, bomdod, tarovyeh bo‘ladi. Lekin bizda, alhamdulilloh, havo unaqa issiq emas. Biz o‘zimiz ham yangi kelgan paytimizda biroz xavotir qildik bolalardan. Lekin, alhamdulilloh, bolalar ham hech qiynalganini ko‘rmadik, - deydi Obidxon qori Nazarov.

Obidxon qoridan suhbat yakunida "Siz iftorlik qanday taomni afzal ko‘rasiz?", deb so‘ragan edik, u kishi: "Dunyoda qanchadan qancha odamlar ochlik azobini boshdan kechirayotgan bir kezda musulmon odamning taomni tanlamagani yaxshi", deb javob qildilar.

Dunyoning turli nuqtalarida holi-qudrat ro‘za tutayotgan, iftorlik qilayotgan, iftorlik berayotgan o‘zbekistonliklar bilan Ramazon oyining 23 kunida qurgan suhbatlarimiz shunday bo‘ldi.

Qo‘limiz faqatgina okean ortidagi o‘zbeklarimizga yetmadi.
XS
SM
MD
LG