Линклар

logo-print

Qirg‘iz chekisti rasmiylarni ayblamoqda


Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rais muovini Marat Imanqulov iqtidordagi hukumat amaldorlarini korrupsiyada aybladi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rais muovini Marat Imanqulov iqtidordagi hukumat amaldorlarini korrupsiyada aybladi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rais muovini Marat Imanqulov o‘z tashkiloti ayrim siyosatchilar qo‘lidagi o‘yinchoqqa aylanib qolgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Marat Imanqulov MXX rahbariyati va qirg‘iz hukumati yuritayotgan noto‘g‘ri siyosatga norozilik sifatida o‘z lavozimidan iste‘foga chiqqanini bildirdi. Uning aytishicha, prezidentlik saylovi arafasida Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati bir guruh siyosatchilar manfaati uchun xizmat qiladigan tuzilmaga aylanib qoldi.

- Xizmat raisi Keneshbek Duyshebayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasini bir guruh siyosatchilar foydasi uchungina xizmat qiladigan qurolga aylantirib oldi. Qo‘mita bugungi kunda siyosatga aralashib, bir tomonlama faoliyat olib bormoqda. Chekistlik kasbiga aloqasi bo‘lmagan odamlar ishga qabul qilinib, ular menga noma‘lum bo‘lgan qandaydir shubhali ishlar bilan shug‘ullanmoqda. Ularning nima ish bilan mashg‘ul ekanini hatto men ham bilmayman. Shundoq ekan, mening rais o‘rinbosari lavozimida qolishimga hojat yo‘q, - dedi Marat Imanqulov.

Prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatgan Marat Imanqulovning aytishicha, iqtidordagi qirg‘iz hukumatining amaldorlari ham avvalgi davrlardagiday korrupsiya kasalligiga duchor bo‘lishgan.

- Mening bayonotimni hukumat piar sifatida talqin etishga harakat qiladi. Biroq mening bunday bayonot bilan chiqishimga hukumatning mas‘uliyatsiz harakatlari majbur qildi. Hokimiyat almashganidan so‘ng xazinadan millionlagan pullarni o‘g‘irlagan amaldorlarning nomi oshkor bo‘ladi. Kim qancha pul o‘g‘irlagani menga ma‘lum. Ular so‘zsiz bu qilmishlari uchun javob berishadi, - dedi Marat Imanqulov.

Marat Imanqulov 2010 yildan beri amaldagi yangi hukumatni keskin tanqid qilib iste‘fo bergan birinchi amaldor bo‘ldi. Aqayev va Bakiyev hukumronligi davrida ham hukumatning oliy pog‘onalarida o‘tirgan uch chekist prezident siyosati bilan kelisha olmasliklarini aytib, iste‘fo bergan edilar.

Tahlilchilarga ko‘ra, ayni paytda Marat Imanqulov o‘z bayonotini dalillar bilan isbotlashi zarur, aks holda, unga qarshi jinoyat ishi ochilishi yoki quvg‘in qilinishi mumkin.

- Imanqulov juda keskin aydlovlar bilan chiqdi. Unda bu ayblovlarni isbotlovchi dalillar bo‘lgani uchun u shunday bayonot berdi, deb hisoblayman. Ayniqsa, chekistlar dalil-isbotlarsiz bunday gaplarni gapirishmaydi. Shuning uchun bu bayonot diqqat bilan tekshirilib, jamoatchilikka uning natijalari e‘lon qilinishi zarur, - dedi xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert Talant Razzaqov.

Marat Imanqulovning bayonoti yuzasidan 25 avgust kuni Milliy xavfsizlik qo‘mitasi o‘z munosabatini yoyinladi. Unda aytilishicha, “Imanqulov o‘z bayonoti bilan jamoatchilik fikrini chalg‘itmoqda va yolg‘on ma‘lumotlarni bermoqda”, shu munosabat bilan chekistlar o‘z sobiq hamkasblarining hatti-harakatlarini qoralaganlar. Qirg‘iz chekistlari “Marat Imanqulov davlatchilikning muqaddas tamoyillariga tahdid qilishga chog‘langan ayrim kuchlarning “loyiha”siga aylangani”ni afsus bilan e‘tirof etadilar.

Aytib o‘tish lozimki, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Asqar Aqayev davrida qo‘mita raisligidan iste‘fo bergan Feliks Qulov, keyinroq esa Artur Medetbekovlarning xatti-harakatlariga ham ana shunday baho bergan edi.
XS
SM
MD
LG