Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:33

Zeromax kreditorlari istiqbolsiz kurashni davom ettirmoqchi


Shvyeysariyada kasodga uchragan Zeromax GmbH shirkati qarz bo‘lgan yuzdan oshiq xorij kompaniyasi vakillari uchrashdi.

23 avgust kungi kreditorlarning ilk yig‘ini Zeromax rasman ro‘yxatga olingan¸ ayni paytda rasman bankrot deb topilgan Sug kantoni politsiyasi binosida yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.

2010 yilning 28 oktabr kuni Sug rayon sudi¸ undan avval esa Toshkent shahar xo‘jalik sudi O‘zbekiston iqtisodiga eng katta sarmoya yotqizgan Zeromax shirkatini bankrot deb e‘tirof etgan edi.

Shundan beri umumiy qarzi 4 milliard Shvyeysariya frankidan iborat bo‘lgan 100 dan oshiq shirkat bankrotga bo‘lguniga qadar Yevropada gaz¸ neft¸ paxta¸ ipak¸ rangli metallar kabi eng bozorbop mahsulotlar bilan savdo qilib kelgan Zeromaxdan o‘z qarzini undirishga urinmoqda.

Ammo bu qarzlarni Zeromax yo‘qotilgach kimdan¸ qaysi yo‘l bilan undirish masalasiga hozircha hech kim javob topa olmayotir.

Germaniyaning Ganter Interior shirkati Zeromax kreditorlaridan biri – bu shirkat Forumlar saroyining ichki bezaklari uchun sarflagan mehnat va materiallari uchun pulini ololmay ovora. Ayni shu shirkat o‘tgan haftaga qadar Shvyeysariya - O‘zbekiston shirkati 200 million yevroga yaqin qarz bo‘lgan 23 nemis kompaniyasi so‘zchisi o‘laroq faoliyat yurg‘izayotgan edi.

"Ammo Zeromaxdan pullarimizni undirish imkoni qariyb yo‘qligini anglaganinimizdan so‘ng¸ biz qolgan kreditorlarni o‘z muammosini o‘zi yechishga chaqirishdan boshqa chora topa olmadik"¸ deydi Ganter Interior shirkati matbuot vakili Klaus Shvayse Ozodlik bilan suhbatda.

- Bu borada so‘nggi vaziyat shuki¸ Zeromaxdan qarzini undirish uchun har bir shirkat o‘zi yugurib yelishi lozim. Buning sababi esa¸ bu qarzlarni undirish imkoni esa 100 dan ikki foiz ham emas¸ deydi o‘tgan haftaga qadar barcha nemis kreditorlari manfaatini himoya qilib kelgan Ganter Interior rasmiysi.

Yevropa shirkatlarini ko‘p million dollarlik shartnomalarga O‘zbekiston hukumatining norasmiy kafolati asosida jalb qilgan Zeromax boshqaruvchisi Mirodil Jalolov¸ nemis kompaniyalarini yirik qurilish loyihalarida ishlatgan. Bu yerda gap¸ asosan¸ Forumlar saroyi va “Bunyodkor” stadioni ustida bormoqda. Ammo kompaniya Toshkent qarori bilan yo‘q qilingach¸ Zeromax qarzini to‘lashga hech kim kafil emas¸ deydi nemis kreditori vakili.

- Biz bu qarzni hech kimdan talab qila olmaymiz. Umidimiz O‘zbekiston prezidentidan edi. Ammo men yaqinda Berlinda uchrashgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri prezidentning Zeromax qarzini to‘lamasligini ochiq bayon qildi. Shunday bo‘lsa-da¸ 23 avgust kuni Sugda uchrashgan kreditorlar uch guruhga bo‘linib kurashni davom ettirishga qaror qildilar. Nemis shirkatlari manfaatini bitta¸ postsovyet hududidagi kreditorlar manfaatini ikkinchi va O‘zbekiston shirkatlari qarzi uchun kurashni uchinchi advokat olib boradi. Ammo ularning uchalasi ham o‘z ishini muvofiqlashtirib¸ imkon qadar yagona strategiya tutishga harakat qiladi¸ deydi Ganter Interior nemis shirkati matbuot vakili.

Nemis kreditorlari so‘zchisi¸ “prezident bizning pulimizni qaytarib bermasligini bildirdi”¸ degan gapni bejiz aytmadi – ham O‘zbekiston ichkarisi¸ ham qolgan dunyoda Zeromaxning aynan prezident Karimov oilasi¸ aniqrog‘i uning katta qizi Gulnora Karimovga tegishli ekani taxmin qilinadi. Ammo hozircha biror ustasi farang advokat ham bu da‘voni isbot qiluvchi dalil-hujjat topa olgan emas.

Bunday vaziyatda¸ O‘zbekiston hukumati rasman Shvyeysariya shirkati deb qaraladigan bozori kasod Zeromax qarzlarini to‘lashdan bundan so‘ng ham bosh tortishda davom etavyerishini taxmin qilish qiyin emas.

Ayrim taxminlarga ko‘ra¸ bir tomondan¸ O‘zbekiston iqtisodining barcha serdaromad sohalaridan tushgan milliardlarni rasmiy kanal orqali Shvyeysariya banklariga joylashtirgan¸ ikkinchi tomondan¸ dunyo shirkatlarini “prezident qiziga tegishli” degan norasmiy kafolat bilan yuzlab million dollarlik shartnomalarga tortib¸ qarzga ishlatgan Zeromax sxemasi uning asl egalari uchun lozim ishni bajarib bo‘lgach¸ qarz to‘lash muddati pishib yetgan bir paytda¸ asl xo‘jalar tomonidan tugatilgan.

Yaltiroq da‘volar va tagi bo‘sh kafolatlarga ishongan nafaqat Rossiya¸ Ukraina¸ balki Yevropa shirkatlari ham bunday qoyilmaqom sxema qarshisida teshik tog‘ora bilan qoldi.
XS
SM
MD
LG