Линклар

AQShda “Ayrin” to‘foni oqibatida kamida 19 odam halok bo‘ldi, 6,6 milliondan ziyod odam elektrsiz qoldi.

AQShning Atlantika sohillaridagi yettita shtatida “Ayrin” to‘foni oqibatida kamida 19 odam qurbon bo‘ldi.

Ayni paytda AQShning Nyu Jersi, Pensilvaniya, Nyu York, Massachusets, Vyermont va Nyu Gempshir shtatlarida suv toshqini xavfi saqlanib qolmoqda.

Massachusets shtatining Boston shahrida bo‘lgan Ozodlik muxbiri Farrux Yusufiyga ko‘ra, “Ayron” talofati kutilganidan kamroq bo‘lgan.

Bostonda to‘fon talafotlari.
- Massachusets shtatida kutilganidek qattiq bo‘ron bo‘lmadi. Lekin tashqarida shamol bo‘ldi. Odamni uchirib yuboradigan darajada emas-u, lekin kuchli shamol bo‘ldi. Bir-ikkita daraxtlar sinib tushdi. Eng katta muammo Nyu York shahrida bo‘lishi kutilayotgan edi. Lekin Nyu Yorkda ham u darajada katta talafot bo‘lmadi. Shaharni suv bosishi yoki metroga suv quyilishi bashorat qilinayotgan edi, bu narsalar kuzatilmadi. Lekin shaharning sharqiy sohillarida daryolar qirg‘oqlaridan biroz ko‘tarilib, tashqariga chiqqan. Kechadan boshlab Shimoliy Karolinadan yuqori shtatlarda, Delavyer, Pensilvaniya, Vyerjiniya, Merlen shtatlarida odamlar bo‘ronga tayyorgarlik ko‘rishib, oziq-ovqat g‘amlashni boshlashdi. Oqibatda do‘konlarda oziq-ovqat taqchilligi biroz kuzatildi. Undan tashqari, benzin bo‘yicha ham ozgina taqchillik yuzaga keldi, - dedi hozirda Bostonda bo‘lgan Farrux Yusufiy.

"Ayrin" to'fonining kosmosdan ko'rinishi.
Ayni paytda Antlantika sohilidagi Vyermont shtatida kuchli yomg‘ir to‘xtamayapti. Bir qancha kichik shaharlarda suv toshqini yuzaga keldi.

Prezident Barak Obama “Ayrin” xavflilik jihatidan tropik dovul darajasiga pasayganini, biroq hanuz xavf saqlanib qolganini bildirdi.

Nyu Yorkda hanuz toshqin va elektr uzilishlari bo‘lish xavfi kuchliligicha qolayotganini ta‘kidlagan shahar meri Maykl Blumber aholini uyidan chiqmay turishga chaqirdi.

- Biz bunga tayyor edik. Biz astoydil ishladik. Biz jamoatchilikni ogohlantirdik, biz Ona tabiat tomonidan sodir etiladigan ishlar bilan hisoblashimiz kerak bo‘ladi. Sizning xavfsizligingiz, sizning shaxsiy xavfsizligingiz o‘zingizga bog‘liq. Nyu yorkliklar ayni paytda xonadonlaringizda qolishlaringiz shart, - dedi Maykl Blumber.

AQShning so‘nggi o‘n besh yillik tarixida eng katta to‘fon hisoblanayotgan "Ayrin" dovuli 27 avgust kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 7.30 larda Shimoliy Karolina shtati qirg‘oqlariga yetib keldi.

AQShning 65 million aholi yashaydigan hududi hali-hanuz to‘fon xavfi ostida qolayapti.

To‘fon xavfi tufayli Amerikaning Shimoliy Karolina, Merilend, Delavyer, Nyu Jersi va Nyu York shaharlarida aholi ommaviy ravishda evakuatsiya qilindi.

AQSh bo‘ylab xavfli hududlardan jami 2 milliondan ziyod odam xavfsiz joylarga ko‘chirildi.

“Ayrin” to‘foni ortidan Dominika, Puerto-Riko, Haiti va Kubada jiddiy talafotlar kuzatildi.

Puerto Rikoda kuchli shamol va yomg‘ir tufayli elektr energiyasi uzilishi ortidan 800 ming odam, Amerika bo‘yicha esa jami 6,6 million odam chiroqsiz qoldi.

AQSh aviakompaniyalari 6000 dan ziyod xalqaro parvozlarni bekor qildi.

Sug‘urta sohasi mutaxassislarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘fon keltirgan zarar 7 milliard AQSh dollarini tashkil qilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG