Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:24

Azimjon Asqarov AQSh elchisiga murojaat qildi


Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan huquq faoli Asqarov AQShning Qirg‘izistondagi elchisidan o‘z ishi bo‘yicha adolatni tiklashda ko‘maklashishini so‘ramoqda.

Jalolobodlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarovning Qirg‘izistondagi AQSh elchisi Pamela Spratlenga murojaatnomasi matnini Ozodlik ovozi (Voice of Freedom) vyeb-sayti chop qildi.

Amerikalik diplomat xonimga murojaat qilar ekan, jalolobodlik huquq himoyachisi, ayni paytda qamoqda bo‘lgan Azimjon Asqarov mahalliy huquq-tartibot idoralari unga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lmaganlaridan, tergov chog‘ida qiynoq qo‘llaganlaridan shikoyat qiladi.

Huquq faoli avvalroq rasmiylar, xususan, muvaqqat hukumat rais o‘rinbosari Azimbek Beknazarov uning bozorqo‘rg‘onlik militsioner o‘limida ishtirok etganini isbotlovchi videotasvir borligi haqida aytgani, aynan shu ayblov bilan u umrbod qamalgani, biroq shu kungacha bu videotasvir dalil o‘laroq hech kimga ko‘rsatilmagani, chunki bunday videotasvirning o‘zi yo‘qligi haqida yozadi. Ayni paytda Asqarov 2010 yilning 13 iyun kuni Bozorqo‘rg‘onda faqat militsiya xodimigina emas, yana 23 kishi halok bo‘lgani, 50 dan ziyod kishi yaralangani, 205 ta uy yoqib yuborilganini, biroq bu haqda hech kim so‘zlamayotganini qayd etadi.

O‘zining hibsga olinishiga esa Azimjon Asqarov o‘sha mash‘um kunlari qayerda bo‘lmasin, hammasini suratga olganini asosiy sabab sifatida ko‘radi. Asqarovga ko‘ra, bu narsalar kuch ishlatar tuzilmalarini qattiq xavotirga solgan.

“Ular faqat bir narsadan – mening kadrlarimda odamlarga qarata o‘t ochgan kishilar aks etganidan cho‘chiyotgandilar. Biroq men faqat ommaviy o‘qqa tutuvdan o‘layotgan va yarador bo‘layotgan tinch aholi vakillarini suratga ololgandim, xolos”, deb yozadi Azimjon Asqarov o‘z murojaatida.

Jalolobodlik huquq faoli amerikalik diplomatdan bu so‘zlarini Qirg‘iziston rasmiylariga yetkazishni hamda o‘zining toptalgan huquqlarining tiklanishida ko‘mak berishni so‘raydi.

Azimjon Asqarov 2010 yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan O‘sh qirg‘ini chog‘ida Bozorqo‘rg‘on tumanidan o‘tuvchi O‘sh-Bishkek yo‘lini to‘sib qo‘yish, militsiya xodimlarini o‘ldirish va tartibsizliklarni uyushtirish kabi hatti-harakatlarda ayblanib, hibsga olingan edi.

2 sentabrdan 15 sentabrgacha davom etgan dastlabki sud jarayonida Azimjon Asqarov va u bilan birgalikda qora kursiga o‘tqazilgan o‘zbek millatiga mansub 7 nafar sudlanuvchiga qarshi asosan militsiya xodimlari guvohlik bergan edi.

15 sentabr kuni Novken tuman sudi sudlanuvchilar Azimjon Asqarov va yana ikki kishini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi, qolgan to‘rt kishini 20 yilga va yana bir sudlanuvchini 9 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Ayni paytda¸ sudlanuvchilar, shu jumladan, Azimjon Asqarov o‘tgan barcha mahkamalarda o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni inkor qilgan.

Xalqaro va mahalliy huquq tashkilotlari jalolobodlik huquq faolining aybsiz ekanini, unga nisbatan chiqarilgan hukm siyosiy qaror ekanini ta‘kidlab keladilar.

Jalolobodlik huquq faoli Azimjon Asqarovning taqdiri Xalqaro Amnistiya, Hyuman Rayts Uotch va boshqa ko‘plab huquqni muhofaza qilish tashkilotlari e‘tiborida qolmoqda va qator nohukumat tashkilotlari uning zudlik bilan ozod etilishini so‘rab kelmoqda.

Bunday so‘rovlarga qaramay¸ Qirg‘iziston Oliy sudi Azimjon Asqarov sudini kechiktirib kelmoqda.

Asqarov ayni paytda Bishkekdagi 47-yopiq jazo muassasasida saqlanayapti.

1996 yildan beri huquq himoyasi bilan shug‘ullanib kelgan 60 yoshli huquq faoli Azimjon Asqarov xalqaro tashkilotlar tomonidan vijdon tutquni deb tan olingan va unga joriy yilning mart oyida Nomo Homini mukofoti topshirilgan.

Lyudmila Alekseyeva rahbarligidagi Xelsinki Moskva guruhining “Jasorati uchun” diplomi 17 may kuni Azimjon Asqarovga turmada topshirildi.
XS
SM
MD
LG