Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 22:12

Chetda o‘qigan talabalar ekstremizmda ayblanmoqda


Tojikiston prezidenti da‘vatiga ko‘ra shu kungacha xorijda o‘qiyotgan 1800 nafar tojikistonlik talaba o‘z yurtiga qaytarilgan.
Tojikiston prezidenti da‘vatiga ko‘ra shu kungacha xorijda o‘qiyotgan 1800 nafar tojikistonlik talaba o‘z yurtiga qaytarilgan.
Xorijiy mamlakatlar madrasalaridan vataniga qaytarilgan 22 nafar tojikistonlik jinoiy javobgarlikka tortildi.

Diniy ekstremizmda ayblanib jinoiy javobgarlikka tortilgan 22 nafar tojikistonlikning hammasi Xatlon viloyatidan.

Ular o‘tgan yili mahalliy hukumatlar olib borgan tadbirlar doirasida Afg‘oniston va arab mamlakatlaridan ortga qaytarilgan edi.

Ortda qolayotgan hafta boshida Xatlon viloyat prokuraturasi bu fuqarolarni ekstremistik tashkilotlarga a‘zo bo‘lib kirganlik va boshqa yoshlarni ham shunga da‘vat etganlikda gumonlab jinoiy ish qo‘zg‘adi.

- Huquq-tartibot idoralari xorijdan qaytgan yoshlarimizning diniy ekstremizm va terror guruhlarga qo‘shilib ketmasligi, ular g‘oyalarini jamiyatda targ‘ib etmasliklari uchun qator chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yganiga qaramay, ular orasida ana shunday jinoiy guruhlarga a‘zo bo‘layotgan va ular adabiyotlarini yoshlar orasida tarqatish bilan mashg‘ul bo‘layotgan shaxslar qo‘lga olindi, - der ekan Xatlon viloyat prokurori yordamchisi Tolibjon Azimov ayni paytda ana shunday yoshlardan 22 nafariga nisbatan 13 ta jinoiy ish ochilganini bildirdi.

Viloyat prokuraturasi rasmiysiga ko‘ra, bu yoshlar faoliyati respublika hududida ta‘qiqlangan tashkilotlar audioyozuvlari va varaqalarini tarqatgan hamda o‘z tengqurlarini ana shunday tashkilotlarga a‘zo bo‘lishga da‘vat etgan.

Azimov janoblari ularning shunday og‘ir jinoyatlarga qo‘l urishida birinchi galda mahalliy hukumatlarni ayblaydi. Prokuratura ma‘suli fikricha, mahalliy hukumat vakillari bu yoshlarni zarur mashg‘ulotlar va ish joylari bilan ta‘minlay olmagani ularning ana shu yo‘lga kirib qolishiga turtki bo‘lgan.

O‘tgan yili prezident Imomali Rahmon chet ellarda tahsil olayotgan tojik yoshlaridan ekstremist va terrorchi tayyorlanayotgani sababli ularni ortga qaytarish zarurligini ta‘kidlaganidan keyin bu mamlakatda yoshlarni ommaviy xorijdan qaytarish kampaniyasi boshlanib ketgandi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, shu kungacha taxminan 1800 nafar tojikistonlik vataniga qaytarilgan. O‘shandan 900 nafari Xatlon viloyat fuqarolaridir. Biroq rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, yurtidagi ishsizlik bois ana shu yoshlarning 225 nafari mehnat muhojirligi bahonasida yana Tojikistondan chiqib ketgan.

Asnoda bir guruh mustaqil tahlilchilar yoshlarning faoliyati ta‘qiqlangan Salafiya, Tablig‘ jamoati, O‘zbekiston islomiy harakati va Hizbut-Tahrir kabi guruhlar domiga tushib qolayotganining asosiy sababi mamlakatdagi qashshoqlikda, deb biladi.

- Ko‘pincha kam ta‘minlangan oilalar farzandlari ana shunday guruhlar da‘vatiga oshiqadi. Undan tashqari, yoshlarni diniy ta‘limdan majburiy chetlatish ham ularning o‘zlari sezmagan holda jinoyat olamiga kirib qolishlariga turtki bo‘lmoqda, - deydi mustaqil tahlilchi Muhammadiqbol Imomiddinov.

Tahlilchi fikricha, xorijdagi ta‘limdan mosuvo bo‘lgan va o‘z dini, mazhabi bo‘yicha ta‘lim olishga mushtoq yoshlarning diniy ta‘lim olishlariga sharoit yaratib berilmasa, kelajakda ularning jinoiy guruhlarga qo‘shilib ketishi jamiyatda tendensiyaga aylanishi mumkin.

Pokiston madrasalarining sobiq talabasi, xatlonlik Ahmad esa hukumatning xorijda diniy ta‘lim olayotgan yoshlardan terrorchi va ekstremist tayyorlanayotganiga oid iddaolarida hech bir asos yo‘qligini aytadi.

- Men Pokiston madrasasida faqat Hanafiya mazhabiga doir ta‘lim olganman. Darslarimiz Islom dini, tarixi bilan bog‘liq mavzularda bo‘lgan, - deydi xatlonlik 22 yoshli Ahmad.

Ayni paytda o‘z yurtida diniy ta‘limdan yiroq va bekorchilikdan zerikkan Ahmad mahalliy hukumat mas‘ullari xorijdan qaytgan yoshlarga tazyiqni to‘xtatmasa, ortga qaytarilgan yoshlar o‘z xavfsizligi nuqtai nazaridan mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishlari mumkinligini aytadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Xatlon viloyatining turli tumanlaridan bo‘lgan olti oila boshlig‘i ham farzandini xorijda tahsil olishiga imkoniyat yaratib bergani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.

Tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, ayni paytda ularning hammasi respublikada e‘lon qilingan amnistiyaga tushgan.
XS
SM
MD
LG