Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:06

Ko‘rishguncha, qurol!


Mustaqillik bayrami arafasida o‘zbekistonlik ovchilardan o‘qotar qurollarni yig‘ib ola boshladilar. Bu haqda Uzmetronom sayti xabar tarqatdi.

Ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Respublika ovchilar va baliqchilar jamiyatining barcha a‘zolariga ixtiyorlaridagi miltiqlarni o‘zlari yashab turgan joylardagi militsiya bo‘linmalariga vaqtincha topshirish majburiyatini yuklagan. Ovchilarga qurollarni mustaqillik tantanalaridan keyin ko‘p o‘tmay qaytarishni va‘da qilmoqdalar.

O‘zbekiston hududida ov mavsumi 15 avgustda ochilgandi, biroq O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari talabiga muvofiq, o‘zbekistonlik ovchilar bayramlar o‘tib olgunicha qopqon, to‘r yoki qarmoq bilan ov qilib turishga majbur bo‘ladilar.

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Mustaqillik bayramining 20 yilligi arafasida xavfsizlik choralarini oldingi yillardagidan-da kuchaytirdi. Xususan, so‘nggi paytlarda poytaxtga keladigan jamoat transporti qatnovida cheklov kuzatildi. Toshkentni daydilar va egasiz itlardan tozalash tadbiri esa bundan qariyb bir yarim oy muqaddam boshlangandi. Shuningdek, guvohlarga ko‘ra, Toshkentda respublikaning boshqa hududlaridan kelgan kishilar, ayniqsa mardikor bozorida tirikchilik qiluvchi yollanma ishchilar yurishini cheklash holatlari ham kuzatilmoqda.

Har yili avgust oyining so‘nggi kunlari Toshkentning ma‘lum bir maydonida o‘tkaziladigan va prezidentdan tortib mamlakatning katta-kichik amaldorlari hamda chet ellik mehmonlar ishtirok etadigan Mustaqillik bayrami tantanalariga hatto aksar poytaxtliklar ham kiritilmaydi. Tantanalar o‘tkaziladigan maydon odatda militsiya va boshqa xavfsizlik xizmatlarining yuzlab xodimlari tomonidan qo‘riqlanadi. Bu yilgi bayram tadbirlari, ma‘lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy bog‘ida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston prezidenti qaroriga ko‘ra, mustaqillikning bu yilgi tantanalari “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” degan shior ostida o‘tadi.
XS
SM
MD
LG