Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:13

"Afrosiyob" qatnovi kechiktirildi


Yangi tezyurar poyezd ishga tushsa¸ Toshkent-Samarqand orasidagi masofa ikki soatga qisqaradi.
Yangi tezyurar poyezd ishga tushsa¸ Toshkent-Samarqand orasidagi masofa ikki soatga qisqaradi.
Toshkent - Samarqand o‘rtasida yuradigan yangi tezyurar “Afrosiyob” poyezdi qatnovining 15 sentabrgacha boshlanmasligi aniq.

Toshkent bilan Samarqand o‘rtasida qatnovchi tezyurar “Afrosiyob” poyezdi kuni kecha sinov qatnovini amalga oshirgani to‘g‘risida ayrim axborot vositalari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib xabar qilgan edi.

Sinov qatnovi amalga oshirilgani to‘g‘risidagi xabardan kelib chiqqan dastlabki savolimizni “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat hissadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan vakiliga berdik.

- Hali ishga tushmagan. Bayramdan keyin tushadi, deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat hissadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan vakili.

Shakllanib qolgan an‘anaga ko‘ra, O‘zbekistonda har qanday yirik qurilish bayram arafasida bitiriladi.

Shundan kelib chiqib, nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun yangilik bo‘lgan tezyurar poyezdning O‘zbekiston mustaqilligi 20 yilligiga sovg‘a qilinishini ko‘pchilik kutayotgan edi.

Xo‘sh, nima uchun “Afrosiyob” poyezdining muntazam qatnovi bayram arafasida yo‘lga qo‘yilmadi?

Biz bu savolni “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat hissadorlik jamiyati matbuot xizmatiga bermoqchi bo‘ldik. Lekin xizmat vakili “Afrosiyob” poyezdi to‘g‘risida gaplashgisi kelmadi, shekilli, aloqani uzib qo‘ydi.

O‘zini Ibrohimjon, deb tanishtirgan toshkentlik temir yo‘l muhandisi yangi tezyurar poyezd qurilishiga oid bilgan ma‘lumotlarini Ozodlik bilan o‘rtoqlashdi.

Ozodlik: Eski poyezdlardan nima farqi bor yangi poyezdning?

- Birinchidan, skorosti baland. Ikkinchidan, komfort. Hamma narsasi zamonaviy. Bizlarning eski elektrichka emasku endi.

Ozodlik: O‘sha eski elektrichkalardan necha barobar tez yuradi?

- O‘zi 250da yurishi kerak. Lekin hozir 250 emas 180-200larga qo‘ysa kerak. Bizlarnikilar hali yaxshi o‘rganmaganku. Endi uni mutaxassisidan so‘ramasa, bizlar temir yo‘l quramiz.

Ozodlik: Umuman O‘zbekistondagi temir yo‘llar necha km/soat tezlikni ko‘tara oladi?

- Oldingilar 120ga mo‘ljallangan edi. Hozir yangidan qurayaptiku. Hamma joyning relsi, shpali, hamma narsasini o‘zgartirdiku. Toshkentdan Samarqandgacha hamma yo‘lni o‘zgartirdi tezlikni oshirish uchun.

Ozodlik: Tezyurar poyezd yuradigan yo‘l alohida yangi yo‘lmi?

- Yangidan qurildiku hammasi. Besh oydan beri nima qilishayapti? 7 oydan beri qurishayaptiku. Butun O‘zbekiston bo‘yicha qurildiyu bu. Yangidan qurilgani uchun ham skorosti baland bemalol yura oladi, deydi savollarimizga javob bergan o‘zini Ibrohimjon, deb tanishtirgan toshkentlik temir yo‘l muhandisi.

Asosiy savolimiz – “Afrosiyob poyezdining muntazam qatnovi qachon boshlanadi?”, degan savol bilan temir yo‘l chiptalari sotuvchi shirkatlarga murojaat qildik.

Shirkatlardan biri vakili Toshkentdan Samarqandga taqriban 4 soatda olib boradigan “Registon” yoki “Sharq” poyezdlarini tavsiya qildi.

Birinchi klassdagi chipta narxi 25 dollar turadi, dedi shirkat vakili.

U “Afrosiyob” poyezdi qatnovi qachon boshlanishidan xabari yo‘qligini aytdi.

Biroq yana bir shirkat vakili tezyurar poyezdning qachon qatnay boshlashi to‘g‘risida konkretroq ma‘lumot berdi.

Ozodlik: Toshkentdan Samarqandga yangi tezyurar poyezdga bilet olsam bo‘ladimi?

- 15 sentabrdan keyin qo‘yiladi.

Ozodlik: 15 sentabrdan keyin ishga tushadimi u poyezd?

- Ha.

Ozodlik: Bu informatsiya aniqmi?

- 15 sentabrdan keyin kelavyering. Agar kassada bilet bo‘lmasa, mana shu nomerga qilsangiz, bizlardan topishingiz mumkin bilet.

Ozodlik: Hozirdan sotib olishning iloji yo‘qmi?

- Yo‘q. Hozir narxi ham aniq emas. O‘sha kunning o‘zida aniq bo‘ladi, deydi temir yo‘l chiptalari sotuvchi shirkatlardan birining vakili.

Demak, 15 sentabrgacha Toshkentdan Samarqandga boruvchilar yo‘lga kamida 4 soat sarflashni mo‘ljallasin.

Toshkent – Samarqand temir yo‘li uzunligi 344 kilometrdir.

Xabarlarga qaraganda, bu yo‘lni “Sharq taronalari” festivali mehmonlari sinov qatnovini amalga oshirgan yangi tezyurar “Afrosiyob” poyezdida ikki soatga yetmagan vaqtda bosib o‘tdi.

Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qatnovchi ikkita tezyurar poyezd sostavini “O‘zbekiston temir yo‘llari” Ispaniyaning Patentes Talgo S.A. shirkatidan sotib olgan.
XS
SM
MD
LG