Линклар

Karimov hech kimni avf etmadi


Hozircha Karimovning O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi arafasida amnistiya e‘lon qilmagani sabablari to‘g‘risida faqat taxminlar bor¸ xolos.

Hozircha Karimovning O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi arafasida amnistiya e‘lon qilmagani sabablari to‘g‘risida faqat taxminlar bor¸ xolos.

O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab mahbus va ularning yaqinlari kutayotgan "Oltin amnistiya" e‘lon qilinmadi.

Bu haqda Ozodlikka ismini aytmaslik sharti bilan ma‘lumot bergan yuqori lavozimli davlat mulozimi xabar qildi.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda amnistiya e‘lon qilish yolg‘iz prezident vakolatidagi ish va bu yilgi Mustaqillik bayrami arafasida Islom Karimov amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini parlament yalpi majlisiga taqdim etmagan. Aytilishicha¸ prezident bu yil amnistiya e‘lon qilishga zarurat yo‘q¸ degan qarorga kelgan.

Amnistiyani kutayotgan mahbuslar orasida siyosiy va diniy motivlar bilan qamalgan sobiq davlat amaldorlari, siyosiy arboblar, jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari bor.

Ulardan biri toshkentlik jurnalist Xayrulla Hamidovdir.

Xayrullaning turmush o‘rtog‘i Dilnozaxon yaqinda qamoqxonaga borib kelganini aytar ekan, bunday dedi:

- 25 kunmi bo‘ldi oldilariga borib keldim.“Yangiliklar bormi?” deb so‘radilar. “Biz bilmaymiz. Biz siz bilasiz deb sizdan so‘raymiz” degan edik dedik. “Bizlarda bu yerda hech gap yo‘q” dedilar.

Ozodlik: Amnistiyani kutayotgan edimi u kishi ham?

- Ha. Bugun o‘qiladi deganday qilishayotgan edi. O‘qilmas ekanmi, deb so‘radi Dilnozaxon xavotir bilan.

Biz davlat amaldoridan 29 avgust kuni olganimiz ma‘lumotga tayanib, dedik:

Ozodlik: O‘qilmas ekanda.

- Yo‘g‘e?

Ozodlik: Shunaqa.

- Nimaga?

Ozodlik: Prezident parlamentga amnistiya to‘g‘risidagi taklifini kiritmabdi ekan.

- Vooooy.

Ozodlik: Bugun kutayotgan edinglarmi?

- Ha. Bugun bayramdan oldin o‘qiydi¸ deb gap eshitdimda men.

Ozodlik: Kimdan eshitdingiz?

- Qo‘shnilarimiz gapirishayotgan edi. Shunga poylab o‘tirgan edik bugun o‘qisa zora deb. Endi har kun poylayapmiz. Bugun-erta o‘qib qolar deb nima qilib o‘tirgan edikda. Sessiya tugadi dedi. Baribir o‘qiydimi deb ...

Ozodlik: Sessiyalarni diqqat bilan kuzatib kelayotgan ekansizlarda.

- Ha, poylab o‘tirgan edikda. Nimaga bunaqa bo‘layapti? 20 yillikka bo‘ladi deyishayotgan ediku.

Ozodlik: Bilmadim. Siz nima deb o‘ylaysiz nimaga bo‘lmaydi?

- Bilmadim, deydi qamoqxonada qolayotgan jurnalist Xayrulla Hamidovning turmush o‘rtog‘i Dilnozaxon.

Dilnozaxon bizga, biz Dilozaxonga bergan savolni amnistiya e‘lon qilinmasligi to‘g‘risida xabar qilgan davlat amaldoriga ham berdik.

U kishi savolimizga “Axir prezidentimiz 20 yillik munosabati bilan juda ko‘pchilikni mukofotladiku, nega bu haqda gapirmaysizlar?” degan savol bilan javob berdi.

Mukofotlarning amnistiya kutayotganlarga nima aloqasi borligini so‘ramay qo‘ya qoldik.

Ma‘lumki, O‘zbekiston - mustaqilligining 20 yilligini nishonlayotgan yagona postsovyet davlati emas. Bunday bayramni bu yil sobiq sovyet respublikalarining barchasi nishonlamoqda. Va ularning barchasida, har holda mintaqa mamlakatlarida amnistiya to‘g‘risida qonunlar qabul qilindi.

Tojikistonda o‘tgan haftada, Qirg‘izistonda bundan ikki oy muqaddam, Turkmanistonda kuni kecha – Ramazonning Qadr kechasida amnistiya e‘lon qilindi.

Qo‘shni Qozog‘istonda esa, mamlakat mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan umumiy avf bahordayoq – martning so‘nggi kunlarida e‘lon qilingan edi.

Nafaqat qo‘shnilar amnistiya e‘lon qilgani, balki O‘zbekistonning o‘zida shakllanib qolgan an‘ana ham borki, amnistiyaga umidni aynan o‘sha holat paydo qilgan edi.

20 yildan beri amnistiya O‘zbekistonda Konstitutsiya kuni oldidan, ko‘p hollarda esa, Mustaqillik kuni arafasida e‘lon qilinib kelgan. Masalan, 2010 yilgi amnistiya mustaqillikning 19 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingandi.

Xo‘sh, nima uchun mustaqillikning 20 yilligiday tarixiy sana munosabati bilan amnistiya e‘lon qilinmadi?

Biz bu savolni Toshkentda ishlayotgan inson huquqlari himoyachilariga berdik.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning fikricha, amnistiya e‘lon qilmasligi prezidentning korrupsiyaga qarshi kurashi bo‘lishi ham, amnistiya haqida o‘ylashga vaqti yetmay qolgani oqibati bo‘lishi ham mumkin.

- Endi hozir jamoatchilik o‘rtasida har xil gaplar yuribdi. "Oltin amnistiya" bo‘ladi, qamoqlar bo‘shab qoladi degan gaplar bor edi. Shu vaziyatdan jinoyat sodir etgan shaxslar foydalanib qolish, korrupsiyaga yo‘l berishi mumkin bo‘lgan holatlar ham bo‘ldi. “Amnistiyaga tushiramiz. Katta amnistiya bo‘ladi” deb jinoyatchilardan pul olish yoki bo‘lmasa ular bilan bog‘liq har xil gap-so‘zlar chiqib ketdi. Hozir sabablaridan biri mana shu deyishayapti.

Ikkinchidan, 20 yillik bilan bog‘liq tadbirlar ko‘payib ketdi va prezidentning mana shu narsalarga vaqti bo‘lmadi degan holatlar ham bo‘layapti. Birinchi masala ehtimolga yaqinroq, deydi Abdurahmon Tashanov.

Toshkentda ishlayotgan boshqa bir inson huquqlari himoyachisi Sur‘at Ikromov esa mana bunday dedi.

- Bilasizmi, har bir amnistiyada qanchadir odam qamoqdan ozod qilinsa, birinchidan bu O‘zbekistonning byudjetiga juda katta yordam. Byudjetning ahvoli og‘ir paytida qamoqdan chiqib kelishiga odamlar kamaygan sari, albatta, byudjet uchun katta foydasi bor. Lekin nimaga qilinmaganini men tushuna olmayapman. Iqtisodiy ahvolga desak, ahvol yaxshilangani yo‘q. Vyersiya ham topish qiyin bo‘lib qoldi hozir. Men bunga qiynalgan bo‘lib qoldim hozir, dyedi Sur‘at Ikromov.

Amnistiya e‘lon qilinmasligiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar to‘g‘risida fikr bildirganlardan ba‘zilari “bu yil mamlakatdan tashqarida O‘zbekiston xalq harakati tuzilgani rasmiy Toshkentni xavotirga solgan bo‘lishi mumkin”, deyishgacha borib yetdilar.

Bu vyersiyaga ishonish qiyin bo‘lsa-da, tilga olingan harakat Muassislar Majlisi raisi Muhammad Solih bilan bog‘landik.

- Karimovning amnistiya e‘lon qilmaganiga sabab O‘zbekiston xalq harakatining tuzilishi bo‘ldi, degan iddao aqlga sig‘maydigan, mantiqsiz va kechirasizu g‘irt axmoqona bir iddao. 20 yildan beri Karimov o‘zga fikrlovchilarga, ziyolilarga jumladan muxolifatga ham zulmini davom ettirib kelayapti va buning uchun hech qachon biror-bir tashqi sababni ko‘rsatib, “mana shu sabab shunga asos bo‘ldi” deb aytish mumkin emas. Bu Karimovning o‘zgarmas siyosati. Karimov to tirik ekan repressiyani davom ettirishga majbur. Chunki faqat O‘zbekiston xalq harakatidan emas, har qanday harakatdan, har qanday hur fikrdan qo‘rqqan despot bir diktator odam Karimov, deydi Muhammad Solih.

Mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan amnistiya e‘lon qilinishini kutib yotganlar orasida Murod Jo‘rayev, Samandar Qo‘qonov, Mamadali Mahmudov, Muhammad Bekjonov, Xayrulla Hamidov, Rustam Usmonov, Ruhiddin Faxruddinov, Solijon Abdurahmonov, Qobiljon To‘lashev, Mo‘‘tabar G‘ofurova, Mehriniso Hamdamova, Avaz To‘xtaxo‘jayev, G‘anixon Mamatxonov, G‘aybullo Jalilov, A‘zam Turg‘unov, Erkin Musayev, Norboy Xoljigitov, Alisher Karomatov, Dilmurod Saidovlar kabi deputatlar, yozuvchi va jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari va imomlar bor.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisob-kitobicha, O‘zbekiston qamoqxonalarida 10 mingdan ziyod diniy motivlar bilan qamalgan aristonlar bor.

Shuni ham aytib qo‘yish kerakki, O‘zbekiston hukumati, istasa, to‘g‘rirog‘i, xalqaro tashkilotlar bosimi ta‘sirida umumiy avf e‘lon qilmay ham u yoki bu siyosiy mahbusni ozod qilib kelgan.

Bu fikrga sobiq SSSR xalq deputati Po‘lat Oxunovning 90-yillar o‘rtalarida yoki shoir Yusuf Jumaning bu yil ozodlikka chiqarilganlari dalil bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG