Линклар

logo-print
O‘zbekistonda raqamli televideniye tomashabinlari soni 350 ming kishidan oshdi.

O‘zbekiston Aloqa va axborot agentligining matbuotga ma‘lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda DVB-T (Digital Video Broadcasting-Terrestrial) standarti asosida faoliyat yurituvchi raqamli teleko‘rsatuvlari tomoshabinlari soni 350 mingdan ziyodni tashkil qiladi.

Xorazm viloyat davlat teleradiokompaniyasida ishlovchi manbaga ko‘ra, bugungi kunda viloyat aholisiga raqamli televideniye orqali xizmat ko‘rsatilmoqda.

Manbaning aytishicha, ayni paytda Xorazmdan tashqari, Toshkent shahri, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari aholisi ham raqamli televideniye tomoshabinlari hisoblanadi.

Yaqin kunlarda Qashqadaryo va Farg‘ona vodiysi ham raqamli televideniyega o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

2008 yilda Toshkent va Buxoro shaharlarida to‘rtta davlat va sakkizta tijorat telekanallari ko‘rsatuvlarini uzatadigan raqamli televideniye uzatgichi sinov tariqasida o‘rnatilgan edi.

Odatiy teleradioyoyinlovdan farqli o‘laroq raqamli teleradioyoyinlovda tasvir va ovoz sifati yaxshiroq bo‘ladi. Bunda avvalgidek teleradiosignallar uzatuvchi uskunalar bevosita video va audioto‘lqinlarning o‘zini emas, balki ularni raqamga aylantirib uzatadi, bu signallarni qabul qilib olgan mijozlarning televizor yoki radiopriyomniklari esa maxsus uskuna orqali ularni yana odatdagi tele va radioto‘lqinga aylantirib oladi. Shu tariqa raqamli TV va radio mijozlari ob-havo sharoiti yomon bo‘lgan paytda ham video va audiosignallarni tiniqligicha qabul qilib olish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yevropa va MDH davlatlari qatorida O‘zbekiston raqamli yoyinlovga bosqichma-bosqich o‘tish haqidagi shartnomani 2006 yilda imzolagandi. Mazkur shartnomaga ko‘ra, mamlakatda 2015 yilgacha to‘laligicha raqamli teleyoyinlovga o‘tish rejalangan.

Raqamli yoyinlovga o‘tishni muvofiqlashtirish uchun 2010 yilda O‘zbekiston prezidenti qarori bilan mahkamalararo ishchi guruhi tuzilgan va mamlakatning 2010-2015 yillarda raqamli yoyinlovga o‘tishi bo‘yicha rejasi tasdiqlangan.

Loyihaning amalga oshirilishi bilan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, “Radioaloqa, radioyoyinlov va televideniye” davlat unitar korxonasi hamda mazkur ikki shirkat tomonidan 2009 yilda ta‘sis etilgan "UZDIGITAL TV” MChJ shug‘ullanmoqda. Aholini raqamli TVga ulash vazifasi bevosita UZDIGITAL TV xodimlariga topshirilgan.

Asnoda soha mutaxassislari O‘zbekistondagi barcha tele va radioyoyinlovlar raqamli formatga o‘tishi ortidan teleradiokompaniyalarning qo‘shimcha to‘lqin uzatish moslamalari sotib olishiga to‘g‘ri kelishini, bu esa ayniqsa nodavlat teleradiokompaniyalari uchun moddiy qiyinchiliklar tug‘dirishini ta‘kidlamoqdalar. Bozor iqtisodiyoti to‘la shakllanib ulgurmagan boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham asosiy daromadi reklamadan keluvchi nodavlat televideniye va radiolarining moddiy ahvoli maqtanarli darajada emas.
XS
SM
MD
LG