Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:21

Xayrulla qamoqda qo‘shiq yozmoqda


Xayrulla Hamidov
Xayrulla Hamidov
Xayrulla Hamidovning qamoqxonada yozgan yangi qo‘shig‘i "Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra!" deb ataladi.

Qiziltepa qamoqxonasida jazo o‘tayotgan diniy voiz va futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov yozgan matn qo‘shiqqa aylandi.

Taqdir taqozosi bilan ayni qamoqxonada jazo o‘tayotgan Zoyir ismli xorazmlik ashulachi Xayrulla Hamidov yozgan misralarni qo‘shiq qildi.

Diydorni sog‘ingan ko‘zlardan so‘ra.
Ozodlikning o‘zi katta baxt ekan,
Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra.

"Mahkum Xayrulla Hamidov Qiziltepa qamoqxonasi klubida rejissyorlik qiladi, qamoqdagi mahbuslarni qayta tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar uyushtiradi", deydi uning onasi Muqaddas opa.

Bundan oldin Xayrullani qamoqxonada ko‘rib kelgan rafiqasi Ozodlik bilan suhbatda¸ uning qamoq sahnasida spektakllar qo‘yib, mahkumlarni mutaassir qilayotganini bildirgan edi.

Bunday spektakllarda narkotiklarning zarari tanqid qilinib, ularga mubtalo bo‘lganlar ahvolining ko‘rsatilgani aytiladi.

Narkotiklar savdosida ayblanib qamoqqa tushgan xorazmlik hofiz Zoyirjonning mahbus Xayrulla Hamidov bilan “ijodiy hamkorligi” jazo muassasasi tarbiyaviy rejasiga uyg‘un ekani aytiladi.

Bu ijodiy hamkorlik mevasi sifatida “Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra” degan qo‘shiq vujudga kelgan.

Ramazon hayiti arafasida Qiziltepadagi qamoqxonaga bir guruh ziyoli va artistlar targ‘ibot tadbiri o‘tkazish uchun borishdi. (Bunday tadbirlar o‘tkazish an‘anasi sovet davridan beri bor. Ali Hamroyevning “Kim jinni” filmida ashulachi Faxriddin Umarovning Qiziltepa qamoqxonasidagi mahbuslar oldida konsert bergani tasvirlangan.)

O‘sha targ‘ibot tadbirida bo‘lganlardan biri biz bilan mikrofonsiz suhbatlashdi.

- Biz tadbir davomida Xayrulla Hamidov bilan uchrashdik. Kichkinagina, bir burdagina bo‘lib qolibdi, dedi suhbatdosh.

Tadbir qatnashchilari “Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra” degan qo‘shiqni qamoq klubida Zoyirjon ijrosida eshitishgan.

Keyin tadbir ishtirokchilaridan biri bu qo‘shiq yozilgan chipni o‘z musiqa asbobi ichiga yashirib olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan - shu tariqa bu qo‘shiq Ozodlik radiosiga yetib keldi.

Bir qarashda O‘zbekiston rejimi quyushqoniga to‘g‘ri keladigan, mahbuslarni insofga chaqirib, ochiqda yurgan fuqarolarga “Ozodlik qadrini bilinglar” degan mujda yo‘llaydigan nasihatli diydiyo qo‘shiq bu.

Ammo bu qo‘shiqni yashirincha tashqariga olib chiqqanlarning aytishiga ko‘ra, bu qo‘shiq tarqalishini Qiziltepa jazo muassasasi xodimlari sira istashmagan.

- Biz chiqayotganimizda rosa tintuv qilishdi. Hatto ko‘rgan- kechirganlarimizni aytmaslik haqida tilxat ham olishdi, deydi suhbatdosh.

Qo‘shiqni qayta tinglash mobaynida turma ichidagi kayfiyatni anglaganday bo‘lamiz.

“Bizlar asirmiz –siz esa ozodsiz” degan jumlalar qayta-qayta takrorlangan sayin o‘zbek mahbuslarining huzun to‘la hayoti ko‘z o‘ngimizga keladi.

Darvoqe‘, qamoqxonadagi “tadbir” ishtirokchisi Xayrulla Hamidovning “loxmach” lar tarafidan kaltaklangani haqida ham aytdi.

Qamoqda qo‘shiq kuylash rus aristonlariga xos holat. Bu qo‘shiqlarda bo‘ysunmas mahbuslar ulug‘lanadi, turma nozirlari va ularning yugurdaklari qoralanadi.

Chor davrida qamoqqa olingan o‘zbeklar ham qo‘shiqlar kuylashgan.

“Qarg‘alar uchsa qaraylik¸ Marg‘ilonning yo‘liga” qo‘shig‘i, chor qamoqxonasidan chiqqan nola bo‘lib bugungacha yetib keldi.

Ammo mustaqil o‘zbek qamoqxonasi mahsuli ekani aytilib Xayrullaga nisbat berilgan bu qo‘shiqda ochiq qarshilik ruhini ko‘rmaymiz. “Atoni qadrini bilgil, anoni qadrini bilgil” yo‘lidagi nasihat qo‘shiq.

Ammo bu qo‘shiq misralari tagiga ko‘milgan kayfiyat bois bu ashulani siz bilan baham ko‘rdik.

Noliban, boshingni devorga urib¸
Diydorni sog‘ingan ko‘zlardan so‘ra.
Ozodlikning o‘zi katta baxt ekan,
Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra.

Xotirjam ichasan uyda choyingni,
Ayoling to‘shaydi tunda joyingni¸
Bizlardek loylama umr soyingni¸
Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra.

Qo‘lingga suv quysa erkatoy qizing¸
O‘g‘ling sochiq tutar artgani yuzing¸
Quchog‘ingda porlar tunda yulduzing¸
Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra.

Ota-onang hayot duosini ol¸
Kech bo‘lmay alarning rizosini ol¸
Bizlar asir bo‘ldik, ozod yuraqol¸
Ozodlik qadrini bizlardan so‘ra.

XS
SM
MD
LG