Линклар

YePning Xalqaro savdo qo‘mitasi O‘zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo‘yilmayotgani aytilgan hisobot loyihasini tayyorladi.

Yevropa parlamentidagi Fransiya Yashillar partiyasidan vakil bo‘lgan Nikol Kiil-Niyelsen Yevropa Ittifoqini bolalarning majburiy mehnatiga chek qo‘yish bo‘yicha O‘zbekistonga bosim o‘tkazishga chaqirmoqda.

Parlament a‘zosi, garchi o‘zbek paxtasi YeI davlatlariga kelayotgan jami paxta importining 23 foizini tashkil qilsa-da, savdo hamkorligida O‘zbekistonga nisbatan hech cho‘chimay keskin shartlar qo‘yish zarurligini ta‘kidlaydi.

Nikol Kiil-Niyelsenga ko‘ra, yillar davomida xalqaro jamoatchilikning keskin tanqidlariga qaramay, O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnatidan majburiy foydalanish davom etmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti va UNISEF kabi tashkilotlarning O‘zbekistonga kirish so‘rovi rad etilganini urg‘ulagan Niyelson O‘zbekiston hukumatining o‘zi imzolagan xalqaro qonunlarni bu tarzda oshkora buzishiga chek qo‘yish zarurati tug‘ilganini ta‘kidlaydi.

- Biz paxta importi zarurligini bilamiz. Agar biz o‘zbek paxtasini olmasak, Xitoy olishini ham bilamiz. Ammo O‘zbekiston YeI bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lishni istashini inobatga olsak, fikrimcha, bizda bu masalada ilgarilash imkoni bor va buni biz qilmasak, boshqa hech kim qilmaydi, - dedi Yevropa parlamenti a‘zosi Nikol Kiil-Niyelsen Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Niyelson kabi fikrda bo‘lgan parlament a‘zolari taklifini inobatga olgan holda Yevroparlament Xalqaro savdo qo‘mitasi oraliq hisobot loyihasini tayyorladi hamda unga O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida paxtaga oid savdo shartnomasini o‘zgartirish haqidagi takliflar kiritildi.

Ushbu hisobotning tushuntirish bayonotida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi paxta tolasi va paxta matosi bo‘yicha shartnoma hajmi YeI hududiga keladigan jami paxta importining 5 foizinigina tashkil etishi va umumiy qiymati 16 million 400 ming AQSh dollari bo‘lgan bu kelishuv tufayli O‘zbekistonda har yili ikki oylik maktab darslaridan mosuvo qilingan bolalarning majburiy mehnatiga ko‘z yumish mumkin emasligi aytilgan.

Shuningdek, hisobotda Economist Intelligence, Unut Freedom House kabi xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida dunyoning eng qoloq davlatlaridan biri sifatida keltirilgan O‘zbekistonning dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha beshinchi, paxta eksporti bo‘yicha esa uchinchi davlat bo‘lib qolishi mutlaqo diktatura ruhidagi siyosat evaziga amalga oshirilayotgani ham aytiladi.

Jahon banki xulosasiga ko‘ra, xususiy fermer xo‘jaliklari yetishtirib berayotgan paxtasi uchun davlatdan eksport narxining uchdan biri miqdorigina haq oladi.

Turli manbalarga ko‘ra, har yili paxta terimiga jalb qilinadigan 200 mingdan 2 million nafargacha bo‘lgan 9-15 yoshdagi bolalardan esa hukumat yillar davomida deyarli tekin ishchi kuchi sifatida foydalanib kelayotgani ham hisobotda qayd etiladi.

Buni to‘xtatish borasida YeI va dunyoning boshqa davlatlari chaqiriqlariga nisbatan O‘zbekiston hukumatining javobi, YeP a‘zolariga ko‘ra, muammoni inkor qilish va uning mas‘uliyatini asossiz ravishda xususiy fermerlarga yuklashdan iborat bo‘lmoqda.

Bu da‘voga ishonch qilishga uringan xalqaro tashkilotlarga O‘zbekistonga kirib, mustaqil tekshiruv yuritishga ruxsat berilmagani ham hisobotda alohida qayd etilgan.

Shularni ta‘kidlagan Yevropa parlamenti a‘zolari YeIdan Xalqaro savdo qo‘mitasi oraliq hisobotida ko‘rsatilgan takliflar asosida O‘zbekiston bilan savdo hamkorligini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Buni "mutlaqo asosli va zaruriy" deb hisoblagan parlament a‘zosi Nikol Kiil-Niyelsen Ozodlik muxbiri bilan suhbatda qo‘mita talablaridagi yana bir muhim jihatni tilga oldi.

- Bu vaziyatda biz Xalqaro mehnat tashkilotiga O‘zbekistonga kirish va vaziyatni kuzatishiga ruxsat berilishini so‘raymiz. Undan keyin biz o‘z xulosamizni chiqarishimiz va paxta bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqishimiz mumkin. Biz O‘zbekiston hukumati bolalar majburiy mehnatidan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qilganini bilamiz. Ammo aslida bolalar majburiy mehnatidan hanuz foydalanilayotganiga ishonchimiz komil, - deydi YeP a‘zosi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonga nisbatan bugungi siyosati asosida yotishi ko‘zda tutilgan inson huquqlari ustivorligiga, O‘zbekistonda inson huquqlari buzilishining oldini olishga erishish uchun YePning Xalqaro savdo aloqalari bo‘yicha qo‘mitasi hisobotchisi Yevropa komissiyasi va kengashining bu masaladagi muzokaralarida bevosita ishtirok etishiga imkon berilishini ham so‘ragan.

Yevropa Parlamentining O‘zbekistonga nisbatan bosimni kuchaytirish tarafdori bo‘lgan deputatlari fikricha, buning uchun YeI manfaatiga zid kelmaydigan ijobiy vositalar bor - gap faqat ularni samarali tarzda ishga solishdagina qolgan.
XS
SM
MD
LG