Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:50

Bishkekdagi O‘zbekiston elchixonasi oldida piket o‘tkazildi


Piketga chiqqan qirg‘izistonlik jurnalistlar (o‘ngdan chapga) Ulug‘bek Boboqulov, Ilya Lukash, Dmitriy Orlov.
Piketga chiqqan qirg‘izistonlik jurnalistlar (o‘ngdan chapga) Ulug‘bek Boboqulov, Ilya Lukash, Dmitriy Orlov.
Piket o‘tkazilishiga o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Yelena Bondarning ma‘muriy javobgarlikka tortilayotgani sabab bo‘ldi.

Bishkekning markazida joylashgan ikki qavatli O‘zbekiston elchixonasi ertalabdan viza uchun hujjatlarni qabul qilayotgan edi. Biroq piket boshlanishi bilan elchixonaning konsullik xizmati qabulni to‘xtatdi.

Tinistanov ko‘chasidagi O‘zbekiston elchixonasi oldida uch nafar jurnalist qo‘lida plakat ushlab turdi.

“Matbuotga erkinlik”, “Bondarni jinoiy ta‘qib qilish to‘xtatilsin”, “Mustaqil matbuotdan qo‘lingni tort” kabi shiorlar bilan ular O‘zbekiston hukumatiga murojaat qildi.

“Bondarni jinoiy ta‘qib qilish to‘xtatilsin” plakati bilan turgan piket tashkilotchisi, jurnalist Ulug‘bek Boboqulov mustaqil jurnalistlarning tayziq qilinishga qarshi ekanini aytadi.

- Birinchidan, Markaziy Osiyodagi jurnalistlar bir-birining himoyasi uchun birlasha olishini ko‘rsatmoqchimiz. Faqat Yelena Bondar uchun emas, hamma jurnalistlarning havfsizligini ta‘minlash uchun piket qilmoqdamiz, - dedi Ulug‘bek Boboqulov.

22 avgust kuni Qirg‘izistondan O‘zbekistonga qaytgan mustaqil jurnalist Yelena Bondar aeroport xodimlari tomonidan bir necha soat ushlab turilgandi.

Bojxonachilar jurnalistdan uchta SD-diski, to‘rtta flesh karta, hamda ikkita videokassetasini ekspertiza uchun olgach¸ o‘zini qo‘yib yuborgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ushbu axborot tashuvchi moslamalar O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga ekspertiza uchun uzatilgan.

Ayni paytda toshkentlik 23 yoshli jurnalistga ma‘muriy qonunbuzarlik rasmiylashtirilgan.

Yelena Bondar Bishkekda YeHHT akademiyasida "Nemis to‘lqini" akademiyasi tomonidan tashkil etilgan jurnalistika kursida ikki yarim oy davomida tahsil olganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytgan edi.

Qirg‘izistonlik mustaqil jurnalist va huquq faoli Ilya Lukash ushbu akademiyaning sobiq talabalaridan biri. U jurnalistika sohasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning hukumat bosimidan qo‘rqishini ko‘rganini aytadi:

-O‘tgan yil o‘zbekistonlik talabalardan O‘zbekiston haqida biror nima yozib berish so‘ralganida ularning asabiylashgani esimda. Ular bu mavzuni boshqa davlat mavzulariga almashtirib berishni so‘rashar edi. Bu holat O‘zbekistonda so‘z erkinligi, fikr erkinligi og‘ir holatda ekanini ko‘rsatadi. Butun Yevropada matbuot erkinligini talab etib norozilik namoyishlari o‘tkazishadi. Biz esa O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi bo‘lib jim turamizmi? Jurnalistlar bir-birini qo‘llab quvvatlashini ko‘rsatmoqchimiz, - dedi qirg‘izistonlik huquq faoli va mustaqil jurnalist Ilya Lukash.

Yarim soat davom etgan piketda 12 nafar qirg‘izistonlik jurnalistlar O‘zbekiston Bosh prokurori Rashid Qodirov nomiga yozilgan murojaatnomaga qo‘l qo‘ydilar.

O‘zbekiston elchixonasidan piketchilar oldiga hech bir xodim chiqmadi.

- Militsiya xodimlari elchixonadan bilib chiqishdi. Zavxozdan boshqa hech kim yo‘q ekan. Murojaatlarni olgani uning huquqi yo‘q emish. “Shuning uchun hech kim chiqa olmaydi. Bu yerda turganingiz bilan foydasi yo‘q” deb militsiya xodimlari javob berdi. Nima qilar edik? Xatni pochta orqali jo‘natamiz, - dedi jurnalist Ulug‘bek Boboqulov.
XS
SM
MD
LG