Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:11

Oxus Gold advokati: Biz katta pul talab qilayotganimiz yo‘q


Oxus Gold shirkati O‘zbekiston hukumatidan o‘ziga yetkizilgan 400 million dollarlik zararni undirmoqchi.

Shirkat bu borada Xalqaro arbitraj sudiga rasman murojaat qildi.

Mazkur so‘rovga O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasida imzolanilgan o‘zaro sarmoyalarni himoyalashga oid kelishuvning asos bo‘lgani aytilmoqda.

Oxus Gold shirkatiga huquqiy maslahatchilik qilaëtgan Amsterdam & Peroff guruhi rahbari Robert Amsterdam bilan telefon orqali bog‘lanib, unga bir necha savol bilan murojaat qildik.

Ozodlik: Janob Robert Amsterdam, Xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilishga Oxus Gold shirkatini nima majbur qildi?

Robert Amsterdam: O‘zbekiston hukumati bizga e‘tiborsiz bo‘lib keldi. O‘zbekiston hukumati bizning mulkimiz uchun haq to‘lamay, unga egalik qilish niyatida bo‘ldi. Shu bois arbitraj sudga murojaat qilishdan boshqa ilojimiz qolmadi.

Ozodlik: Oxus Gold shirkati bilan O‘zbekiston tomonidan kim so‘zlashuv olib bordi?

Robert Amsterdam: Men buni ayta olmayman. Biz O‘zbekiston prezidenti hamda vazirlar bilan muloqotda bo‘lishga urindik. Biroq bizga rad javobi berishdi.

Ozodlik: O‘zbekiston bilan Oxus Gold o‘rtasida kelishmovchilik qachon boshlangan edi?

Robert Amsterdam: Mojaro o‘tgan yil oxirida boshlangan edi. O‘shanda O‘zbekiston tomoni mulkka egalik qilish istagini bildirgan. Ularning asl maqsadi mulkni egallab olish ekani hayolimizga ham kelmagan edi.

Ozodlik: Xalqaro arbitraj sudi Oxus Gold shirkatining murojaatini qancha muddatda ko‘rib chiqadi, deb o‘ylaysiz?

Robert Amsterdam: Men buni aniq ayta olmayman. Odatda bunday tortishuvlarni hal qilish uchun 18 oydan to‘rt yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

Ozodlik: Janob Robert Amsterdam, Xalqaro arbitraj chiqaradigan qarorni O‘zbekiston tomoni bajarishga majburmi?

Robert Amsterdam: Men bu haqda mish-mish tarqatish niyatida emasman. Arbitraj qarorini kutish kerak. Yaqinda Oxus Gold shirkati xodimi Said Ashurov 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Buni qonuniy jihatdan hech oqlab bo‘lmaydi. Shu bois qaror chiqishi va uning O‘zbekiston tomonidan qanday bajarilishini kutishimiz kerak.

Ozodlik: Britaniya foydasiga josuslik qilganlik aybi bilan 10 avgust kuni 12 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan Oxus Gold shirkati sobiq bosh texnologi, Tojikiston fuqarosi Said Ashurovni ozod qilish uchun Oxus Gold qanday choralar ko‘ryapti?

Robert Amsterdam: Biz bor imkoniyatni ishga solyapmiz. Jumladan, turli hukumatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqada bo‘lyapmiz. O‘zbekistondagi kengash bilan birga ishlayapmiz. Qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan o‘zgarishlar qilishga tayyor ekanini aytdi. Agar Ashurov qo‘yib yuborilsa, bu o‘zgarish boshlanganidan dalolat bo‘ladi. Biz vaziyat to‘g‘risida Britaniya elchixonasini voqif qilganmiz. Hozir Saidning sog‘ligi juda yomon. Shu bois u darhol ozod qilinishi lozim. Men O‘zbekistonda soxta ayblovlar bilan qamalgan boshqa odamlar ham borligini bilaman. O‘zbekiston rasmiylari dunyo jamoatchiligi ularga qarab turganini bilishlari kerak.

Ozodlik: Oxus Gold shirkati O‘zbekiston hukumatidan o‘ziga yetkizilgan 400 million dollarlik zararni qoplatishni so‘rab, Xalqaro arbitraj sudiga rasman murojaat qildi. Shirkat talab qilayotgan summa realmi?

- Jahon bozorida oltin narxi osmonga ko‘tarildi. Oxus Gold shirkati o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonga 120 million AQSh dollaridan ko‘p mablag‘ yotqizgan. Oxus Gold shirkati O‘zbekistonga mablag‘ yotqizgan paytdan hozirgi kunga qadar oltin narxi olti barobarga oshgani inobatga olinsa, biz katta pul talab qilayotganimiz yo‘q, - dedi Oxus Gold manfaatlarini himoya qilayotgan Amsterdam&Peroff advokatlik shirkati rahbari Robert Amsterdam.

O‘zbekiston hukumati bilan “Amantaytau Goldfields” nomli qo‘shma korxona tuzib, 10 yildan beri mamlakatda faoliyat yuritib kelgan Oxus Gold joriy yil boshidan beri muammolarga duch kela boshlagan.

Amsterdam & Peroff advokatlik firmasiga ko‘ra, o‘zbek rasmiylari ingliz hamkorlarini soliqdan bo‘yin tovlaganlik, shartnoma talablarini buzganlik, offshor hududlarda bank hisoblaridan nojo‘ya foydalanganlik va shu bilan O‘zbekiston qonunlarini buzganlik kabi bir qator iqtisodiy jinoyatlar¸ ayni paytda atrof-muhitga katta ziyon yetkazganlikda ham ayblagan.

Oxus Gold O‘zbekistonda birinchi marta bunday muammoga duch kelgani yo‘q. 2006 yilda ham ayni ayblovlar bilan sudga tortilgan Britaniya shirkati o‘z ulushining 16 foizini sobiq Zeromaks shirkatiga xatlab berishga majbur bo‘lgan edi.

Oxus Gold shirkati joriy yil fevralida “Amantaytau Goldfields” O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasidagi 50 foizlik ulushini o‘zbek hamkorlariga sotishini e‘lon qilgan.

Keyinchalik, ikki tomon kelisha olmaganidan so‘ng, mart oyi boshida Britaniya shirkati O‘zbekiston hukumatini Xalqaro arbitraj sudiga berishga hozirlik ko‘rayotganini e‘lon qilgan edi.
XS
SM
MD
LG