Линклар

“MDH o‘zining yigirma yillik faoliyatida ichki janjallarni hal qila olmadi”.

Bunday bayonot 3 sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a‘zo mamlakatlar rahbarlari yubiley sammitida yangradi.

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yubiley sammitda qatnashgan a‘zo davlatlar prezidentlari va Bosh vazirlari MDHning yigirma yillik faoliyatidan bahs etdilar.

Tadbir ishtirokchilarining ko‘pchiligi Sovyet Ittifoqi qulagan bir paytda shunday bir tashkilotni tashkil etish davr talabi bo‘lganini ta‘kidladilar.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvyedev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tutgan o‘rnini “tarixiy” deya baholar ekan, o‘z davlatining bu tashkilotga nisbatan mavqei o‘zgarishsiz qolishini ta‘kidladi.

Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ukraina va Tojikiston prezidentlarining bu boradagi fikrlari rossiyalik hamkasbi fikriga hamohang bo‘ldi.

- Jamoamiz MDHni qanday baholamaylik, har holda unga a‘zo bo‘lib kirgan sobiq ittifoq davlatlari hech bir to‘siqsiz, tinch vaziyatda o‘z mustaqilligini takomillashtirish imkoniga ega bo‘ldi va mana shu kunga yetib keldi. Albatta, bu tashkilotimiz qo‘lga kiritgan katta yutuqdir, - deya ta‘kidladi jumladan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev.

MDH rahbarlari sammitida so‘z olgan Ozarbayjon Bosh vaziri Artur Rasizoda tashkilot o‘zining yigirma yillik faoliyati davomida “ichki nizolarni hal qila olmaganidan afsusda”ligini ta‘kidladi.

Ozarbayjon hukumat rasmiysi yig‘ilganlarga Tog‘li Qorabog‘ mojarosini eslatib, “a‘zo davlatlar bu muammoga yechim topishga ojizlar”, dedi.

Sobiq ittifoq davrida Ozarbayjonning bir qismi hisoblangan, asosan etnik armanlar istiqomat qilgan Tog‘li Qorabog‘ 1988 yilda Yerevan hukumati yordamida Ozarbayjon tarkibidan ajralib chiqqan.

1990 yillarda, asosan armanlar istiqomat qiladigan Ozarbayjonning ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ mintaqasida chiqqan mojaroda qariyb 35 ming kishi qurbon bo‘lgan va yuz minglab odam o‘z joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Arman kuchlari sekin-asta Tog‘li Qorabog‘ hamda unga tutash Ozarbayjon ma‘muriy hududlari ustidan o‘z nazoratini o‘rnatdi. Bu hududlarni arman kuchlari bugungacha nazorat qilib kelmoqda.

Ozarbayjon isyonkor o‘lkani qaytarib olish uchun harbiy kuch qo‘llash bilan bir necha marta tahdid qilgan.

Rossiya tomoni, YeXHT va BMT esa Ozarbayjon va Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishga da‘vat etib keladi.

3 sentabr kuni Dushanbe sammitida qatnashgan Armaniston prezidenti Serj Sarkisyan Tog‘li Qorabog‘ aholisi mustaqillikdan o‘z huquqlari uchun foydalanganini va bu yaqin kelajakda xalqaro hamjamiyat tomonidan e‘tirof etilishi kutilayotganini uqtirdi.

Sammit so‘ngida Ozarbayjon Bosh vaziri Artur Rasizoda tadbirni boshqarayotgan tojik prezidenti Imomali Rahmondan ikkinchi marotaba so‘z berishni iltimos qildi. U Armaniston prezidenti Serj Sarkisyanning Tog‘li Qorabog‘ borasida aytganlarini keskin qoraladi va hozirda o‘z mamlakatining 20 foiz hududi armanistonlik askarlar tomonidan ishg‘ol qilinganini bildirdi.

Shuningdek, Rasizoda janoblari BMT xavfsizlik Kengashi arman askarlarining Ozarbayjon hududidan olib chiqilishi borasida to‘rt marta rezolyutsiya qabul qilganini, ammo Armaniston hukumati esa bu talablarni bajarmay kelayotganini bildirdi.

Artur Rasizoda Armaniston hukumati tarafidan qo‘llab-quvvatlangan, o‘zini Tog‘li-Qorabog‘ respublikasi deb e‘lon qilgan tuzilma xalqaro jamoatchilik tarafidan e‘tirof qilinmaganiga alohida urg‘u berdi.

Asnoda bir guruh tahlilchilar Tog‘li Qorabog‘ mintaqasining tarixiy egalari kim ekani xususida Ozarbayjon va Armaniston bahsi hali ko‘p yillar davom etadi, degan ishonchdalar.

Zero, tahlilchilarga ko‘ra, MDHning bu davlatlardan birortasiga nafi tegmaydi.

“Shu paytgacha Armaniston va Ozarbayjon bilan Tog‘li Qorabog‘ mojarosi atrofida muzokaralar o‘tkazib kelayotgan Rossiyaning esa sobiq Ittifoq davlatlari hududida o‘z nufuzini saqlab qolishdan o‘zga maqsadi yo‘q” , demoqda mustaqil tahlilchilar.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, 3 sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining yubiley sammitida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan bir qatorda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham ishtirok etmadi.
XS
SM
MD
LG