Линклар

27 yoshli Abdusamad onadan suyagi mo‘rt bo‘lib tug‘ilgani oqibatida to‘shakka mixlanganiga 24 yil bo‘ldi.

Tojikistonning So‘g‘d viloyatida yashovchi Abdusamad o‘zining yagona orzusi oyoqqa turib ketish ekanini va dunyoda sahovatpesha insonlar hali ko‘pligiga ishonib, ularga Ozodlik radiosi orqali murojaat qilayotganini aytdi.

- Men ham besh vaqt namozimda Ollohdan shifo so‘rash bilan birga, Ozodlik radiosi orqali odamlarga murojaat qilaman. Sahovatpesha odamlar menga ham yordam bersa, men ham oyoqqa turib ketsam. Shu niyatda Ozodlikka telefon qilayapman, - deydi So‘g‘d viloyatiga qarashli Konibodom tumanining Ko‘kcha qishlog‘idan bo‘lgan Abdusamad Jo‘rayev.

Otasi Hasanboy Jo‘rayevning aytishicha, Abdusamad onadan suyagi mo‘rt bo‘lib tug‘ilgan. Ota o‘g‘lini 1987 yili Moskva shahridagi shifoxonalarning biriga davolatish uchun olib borgan, lekin rus shifokorlari o‘g‘li 18 yoshga to‘lganda operatsiya qilish mumkinligini aytgach, nochor ortga qaytgan.

Abdusamad 18 yoshga to‘lganda esa Sovyet Ittifoqi parchalanib ketgandi.

Bu vaqtga kelib moliyaviy ahvoli og‘irlashgan Hasanboy aka Abdusamadni Moskvaga olib borolmadi.

Ota yakkayu yagona farzandini oyoqqa turg‘azish uchun rasmiylarga ko‘p marotaba murojaat qilgan, ammo urinishlari besamar ketgan.

- Hukumatga iltimos qildim. “Mablag‘ yo‘q, hammayoq bozor iqtisodiyotiga o‘tib ketgan, sharoit yo‘q”, deyishdi. Hech qanday umid yo‘q, - der ekan Hasanboy aka hukumat odamlari unga tijoratchilar va tadbirkorlarga murojaat qilishni tavsiya qilganini qo‘shimcha qildi.

Abdusamad davlat ajratgan 80 somoniy yoki sal kam 16 AQSh dollari evaziga kun kechirish imkonsizligini aytadi.

- Bir kilo go‘sht 28 somoniy (taqriban 6 dollar - tahr.), bir qop un 130 somoniy (taqriban 27 AQSh dollari - tahr.). Bir oylik pensiya bilan qanday yashayman? Bir joyda yotsam ham, odamlarning telefoniga qo‘shiq tashlab berib, uch-to‘rt somoniy pul topib, yashash uchun kurashayapman, - deydi Abdusamad.

Savodini uy sharoitida chiqargan Abdusamad bugungi kunda tengdoshlari qatori katta bilim dargohlarida o‘qiy olmaganidan armondaligini aytadi.

Uzoq xastalik tufayli tushkunlikka tushgan Abdusamad hatto o‘z joniga qasd qilish o‘yiga ham borgan ekan.

- Yashashdan to‘yib ketdim-da. Hayotda qiynalib, “Kimga ham keragim bor mening?” deb o‘yladim. Onam olamdan o‘tgandan keyin yashashimdan ma‘no qolmadi. Tengdoshlarimning to‘ylariga borolmasam, uylanay desam, hech kim qiz bermasa... Qo‘limning tomirini kesdim, lekin o‘lmay qoldim, - deydi armonlar ichida yashayotgan Abdusamad.

Bolaligidan xastalangan Abdusamad sahovatpesha insonlar moliyaviy ko‘magida shifo topib ketish bilan birga, o‘ziga bir mehribon hamdard ham qidirayotganini qo‘shimcha qildi.

- Namozxon, xudojo‘y birorta yaxshi qiz bo‘lsayu, meni baxtli qilishga rozi bo‘lsa, - deydi Abdusamad.

Asnoda mavzu yuzasidan suhbatlashganimiz tojikistonlik shifokorlar Abdusamad moskvalik yoki germaniyalik jarrohlar qo‘lida shifo topishi mumkinligini, Tojikistonning o‘zida esa bunday amaliyot o‘tkazishga imkoniyat yo‘qligini aytishdi.

Yordam bermoqchi bo‘lgan mushtariylar Abdusamad Jo‘rayev bilan +992 918 52 61 52 telefoni orqali bog‘lanishlari mumkin.
XS
SM
MD
LG