Линклар

AQShda Qodirov ustidan mahkama qoldirildi


Ulug‘bek Qodirov ustidan navbatdagi mahkama jarayoni 7 noyabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.

Ulug‘bek Qodirov ustidan navbatdagi mahkama jarayoni 7 noyabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.

Prezident Barak Obamaga suiqasdda ayblanayotgan Ulug‘bek Qodirov ustidan sud 7 noyabrda davom etadi.

AQShning Alabama shtati federal sudyasi Xaruelle Devis prezident Obamaga suiqasdga chog‘langanlik va M15 rusumli to‘pponchani noqonuniy saqlaganlikda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosi ustidan sudni qoldirdi.

The Birmingham News nashri xabariga ko‘ra, bunga Qodirov va boshqa guvohlar o‘rtasida yozib olingan 35 soatlik suhbatlarni tarjima qilish uchun prokurorlarga ko‘proq vaqt kerak bo‘layotgani sabab bo‘lgan.

- Bu suhbatlarning qariyb barchasi sudlanuvchining ona tili bo‘lgan o‘zbek tilida olib borilgan, - dedi sudni boshqa kunga qoldirgan hakam Xaruelle Devis.

Uning aytishicha, rasmiylar o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilishdek juda ko‘p vaqt oluvchi ish bilan mashg‘ullar.

- Bundan tashqari, bizda bu ishni amalga oshirish uchun malakali tarjimonlar soni ancha cheklangan, - deya qo‘shimcha qildi hakam.

Sud protokoliga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Qodirov 13 iyul kuni Alabama shtatining Birminghem shahridagi mehmonxonada o‘zini qurol savdogari, deb tanitgan Federal tergov byurosi maxfiy agentidan qurol sotib olayotgan paytda qo‘lga olingan.

26 iyul kuni maslahatchilar ishtirokidagi AQSh federal mahkamasi Ulug‘bek Qodirovga 7 bandlik rasmiy ayblov e‘lon qilgan.

Qodirov 9¸10¸11 va 13 iyul kunlari AQSh prezidenti hayotiga tahdid qilish bilan bog‘liq to‘rt jinoyatda¸ shuningdek, o‘qotar quroliga ega noqonuniy muhojirlik¸ noqonuniy ravishda to‘la avtomatik qurolga egalik qilish hamda 13 iyul kuni qayddan o‘tmagan granataga ega bo‘lishlik kabi jami yetti jinoyatda ayblanmoqda.

AQSh maxsus xizmatlari birgalikda amalga oshirgan maxfiy amaliyot natijasida qo‘lga olingani aytilayotgan o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirov 2009 yilning iyun oyida student vizasi bilan Amerikaga kelgan. Mahkamaga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra¸ AQShda biror-bir o‘quv yurtiga o‘qishga joylasha olmagach¸ 2010 yilning 1 aprel kuni Qodirovning student vizasi bekor qilingan.

Tergov Qodirov AQSh prezidentiga uzoqdan turib o‘q otishni rejalagan, shuningdek, suiqasd paytida portlash moslamasidan foydalanishga chog‘langan, deb hisoblaydi.

Agar Qodirovning aybi isbotlansa, u jami 50 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Qodirov qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha o‘zini aybdor sifatida tan olmasligini bildirgan.
XS
SM
MD
LG