Линклар

AQSh elchixonasi hamda UNICEF O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnati bilan bog‘liq muammo ko‘lamini pasaytirib ko‘rsatishga uringan.

Wikileaks internet sahifasi orqali oshkor etilgan yangi maxfiy diplomatik hujjatlar ana shundan dalolat beradi.

Aftidan, AQSh elchixonasi ham, UNICEF ham O‘zbekiston hukumati bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish uchun shunday qadamga borgan.

Jumladan, Toshkentdagi AQSh elchixonasi O‘zbekistonda talabalarning paxta terimiga safarbar etilishini tabiat qo‘ynida gitara chalib, ko‘ngilxushlik qilish mumkin bo‘lgan ijtimoiy ko‘ngilochar tadbir sifatida ta‘riflagan va paxta terimiga bolalar majburiy jalb etilayotgani hamda ular o‘ta ayanchli sharoitlarda ishlayotgani borasidagi xalqaro nohukumat tashkilotlari xavotirlarini e‘tiborsiz qoldirgan.

UNICEFning bangladeshlik rasmiylaridan biri esa g‘arb shirkatlarining o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilishi o‘z mamlakati iqtisodiga salbiy ta‘siridan xavotir bildirgan, sababi Bangladesh o‘zbek paxtasining asosiy xaridori hisoblanadi.

2008 yil 8 fevral sanasi bilan qayd etilgan diplomatik yozishmaga ko‘ra, UNICEFning Toshkentdagi idorasiga o‘sha paytda rahbarlik qilgan Bangladesh fuqarosi Mahbub Sharif O‘zbekistonda bolalar mehnati Hindiston, Pokiston va Bangladesh kabi davlatlardagidan farq qilmasligi va paxta terimiga bolalar hukumat bosimi ostida emas, balki ota-onalarining bosimi ostida chiqayotganiga ishora qilgan.

Wal-Mart, Marks&Spencer, Gap, TESCO, Gymbory singari kiyim-kechak bilan savdo qiluvchi dunyodagi yetakchi shirkatlar O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani boykot qilganlar.
Lekin janob Sharif Janubiy Osiyo davlatlaridan farqli O‘zbekiston paxta sanoatida davlat kvota tizimi mavjudligini e‘tiborga olmagan.

AQSh elchixonasi o‘zbek davlat idoralari bergan raqamlarga tayangan holda, O‘zbekistonda maktab yoshidagi 1.64 million bola qishloq xo‘jaligi ishlariga, jumladan, paxta terimiga jalb etilishi borasidagi raqamlarni keltirgan. Shunga qaramay, elchixona xalqaro nohukumat tashkilotlarining O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati bilan bog‘liq hisobotlarini bee‘tibor qildirgan.

Wikileaks ochiqlagan hujjatlarga hali AQSh elchixonasi ham, UNICEF tashkiloti ham munosabat bildirmadi.

Ko‘plab xalqaro shirkatlar O‘zbekiston hukumatini bolalar mehnatidan foydalanishda ayblab keladi.

So‘nggi yillarda o‘nlab g‘arb shirkatlari O‘zbekiston hukumatini bolalar mehnatidan voz kechishga ko‘ndirish maqsadida o‘zbek paxtasini sotib olishdan bosh tortmoqda.

Wal-Mart, Marks&Spencer, Gap, TESCO, Gymbory singari kiyim-kechak bilan savdo qiluvchi dunyodagi yetakchi shirkatlar O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani boykot qilganlar.

O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi qonunlar qabul qilindi va xalqaro konvyensiyalarga imzo chekdi, biroq amalda bu qonunlarga bo‘ysunilmaydi.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimida bolalar mehnatidan foydalanayotgani haqidagi da‘volarni davomli ravishda inkor etib keladi.
XS
SM
MD
LG