Линклар

“O‘zbeklar boshini ko‘tarolmay qoldi”


Zemfiraning aytishicha, uning oilasi qarashli "Altin kamar" paxta tozalash zavodi o‘tgan yil iyun oyidagi voqealar chog‘ida talab ketilgan, uyi esa yoqib yuborilgan.

Zemfiraning aytishicha, uning oilasi qarashli "Altin kamar" paxta tozalash zavodi o‘tgan yil iyun oyidagi voqealar chog‘ida talab ketilgan, uyi esa yoqib yuborilgan.

Jalolobodlik Zemfira yurtdoshlari bo‘lgan o‘zbeklarning bugungi kundagi ahvolidan arzlandi.

To‘qqiz yil avval bozorqo‘rg‘onlik Behzod Ahmatovga turmushga chiqqan Zemfiraning aytishicha, uning qaynotasi Qahhorjon Ahmatov tumanning o‘ziga to‘q kishilaridan bo‘lgan.

Zemfira 2010 yilda O‘sh va Jalolobodda sodir bo‘lgan mudhish voqealardan keyin ularning oilasi mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ta‘qib qilinganini aytadi:

- Sobitiyalardan keyin meni qaynotamni, kuyovimni, qaynakamni vatan xoini, deb nom qo‘yishib olgan.

Ozodlik: Sababi?

- Mening qaynotamga “judayam katta jinoyatga aralashgan” deb, “katta pulga qurollar sotib olib, Bozorqo‘rg‘onda hammaga tarqatgan” deb gap chiqargan. O‘shanda bu odamga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, - deydi Zemfira.

Suhbatdoshimiz qaynotasinining qurol tarqatmaganiga amin ekanini, oilasidagi erkaklar o‘sha kunlari ayollar bilan O‘zbekiston chegarasi yaqinida bo‘lganini eslaydi:

- O‘sha kuni hamma otayotganda qaynotam, erim va qaynakam biz bilan birga edi. Oilamizda ayollar juda ko‘p. Har birimizning qo‘limizda go‘dagimiz bor edi. Qaynotamning qo‘lidan kelgan yagona narsa - taksistlarga pul berib, “Bozorqo‘rg‘onda bor ayollar va bolalarni olib kelinglar shu tamojniyga, O‘zbekistonga o‘tib ketsak, hech bo‘lmaganda bolalarimiz, ayollarimiz tirik qoladi biz o‘lsak ham” degan. Mening ko‘zim oldida bo‘lgan bu narsalar, - deydi Zemfira.

Uning aytishicha, qaynotasiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi shu yilning may oyi oxirlarida to‘xtatilgan va u qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha oqlangan. Biroq Zemfira Bozorqo‘rg‘on huquq-tartibot idoralari xodimlari bugungi kungacha uning kuyovini ta‘qib qilayotganini iddao qiladi. Unga ko‘ra, shu yilning 27 avgust kuni uning ota uyiga mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlari erini izlab kelgan.

Biroq Bozorqo‘rg‘on tuman militsiya boshqarmasi rahbari Abdil Qulanbayev Ozodlikka Zemfiraning iddaolari asossiz ekanini aytdi:

- Ularni hech kim izlamagan. Qahhor degan odamning Qobiljon degan qudasi oldiga xodimlarimiz o‘zlarining shaxsiy ishlari bilan borgan. O‘sha yerda xodimlarimiz: “Kuyov bolangiz qayerda?” deb Ahmatov Qahhorning bolasini so‘rab qo‘yibdi. Shunda Qobiljonning qizi, Qahhor deganining kelini Zemfira degan qiz “Mening kuyovimni izlashayapti”, deb tushunib olib, prokuraturaga xodimlarimiz ustidan ariza yozib qo‘yibdi. Biz tekshirib aniqladik. Aslida xodimlarimiz ularni izlab bormagan ekan, o‘zlarining shaxsiy ishlari bilan Qobiljonga borishgan ekan. Xodimlarimiz qaytib ketganini odamlar ko‘rgan, mahalla qo‘mitasi raisi ko‘rgan. Ular qidiruvda emas, bolasi ham, o‘zi ham bizda qidiruvda emas, - dedi Abdil Qulanbayev.

Ayni paytda, Zemfiraning aytishicha, iyun voqealaridan keyin eri va qaynotasi kabi Qirg‘izistonni tark etgan bozorqo‘rg‘onlik erkaklar militsiya tomonidan bo‘layotgan ta‘qiblardan cho‘chib, o‘z vataniga qayta olmayapti. Suhbatdoshimizga ko‘ra, hozirda bu ta‘qiblar ayollarga nisbatan ham bo‘lmoqda:

- Bizning boy-boy kishilarni, boy bolalarni hammasini urib, pachoqlab, pulini olib, hamma narsasini olib qo‘yishgan, hech narsa qolmagan hech kimda. O‘zbeklarmi - o‘zbeklarni itdan ham battar xor qilishvordi. “O‘zbek” demaydi, “sartsan” deydi. Znayete oni kak k nam obrashayutsya - “Ey mne, enengdi ... sart” - vot tak k nam obrashayutsya. Erini olib kirib ketayotgan yerida biron-bir ayol ROVDni darvozasini oldiga borib tursa, “Ey sart, qach ari jaqqa biljiravay” deb, vot tak obrashayutsya s nashimi jenshinami uzbechkami.

Xohlaganini qilayapti. Hech kim aytolmaydi - hamma oilasi uchun qo‘rqadi. Har bir oilada o‘g‘il bolalar borligi uchun hamma qo‘rqadi. Masalan, men ham qo‘rqaman, mening uch yarim yashar o‘g‘lim bor, - deydi suhbatdoshimiz.

Zemfiraning aytishicha, 2010 yilgi voqealardan keyin u o‘zini huquqiy tomondan himoya qilish maqsadida Rossiyaga ketgan va u yerda Rossiya fuqaroligini olib, shu yilning aprelida Qirg‘izistonga qaytgan.

- Men prokuraturaga bir narsani borib aytsam, ular hech narsani tan olishmaydi. “Kim keldi? Nima dedi? Jo‘n ele so‘radiyu”, deydi. To‘g‘ri, mening rossiyskiy grajdanstvam bor, borib yanayam bir narsa, deb ko‘rishim mumkin. Lekin o‘zbeklar boshini ko‘tarolmay qoldi. Boshni ko‘targanlarni shunday kesayapti. Xohlaganini qilayapti, - deydi Zemfira.

Otasi o‘zbek, onasi tatar millatiga mansub bo‘lgan Zemfira Qirg‘izistonda fuqarolarning millatiga qarab yaxshi yoki yomon muomala qilish mutlaqo noto‘g‘riligini aytadi.

- O‘zbeklarni uyigacha kirib, xohlaganini olib chiqib ketib, “bu sartlar xohlaganday yetti ko‘rpacha solib yotishibdi” deb gap chiqqan. To‘g‘ri, biz o‘zimizning qo‘limiz bilan topayapmiz, o‘zimiz harakat qilib topayapmiz. Keyin o‘sha yetti qavat ko‘rpacha solib yotamiz. Ularga kim ruxsat bermayapti? Yo biz: “Qirg‘izlar unaqa qilmasin, bunaqa qilmasin” debmizmi? Bizdan keyin qochayotganlar qo‘lidagi telefonlarni, bo‘ynidagi sepochka, uzuklar - hamma narsasini yechib olgan. Men o‘shalarimni sotishga to‘g‘ri kelgan-da arzimas pulga. Chunki bolalarimga ovqat berishim kerak, ilojsiz qolganmiz. Hozir ham ilojsizmiz, - dedi Zemfira.

Suhbatdoshimizning aytishicha, u hozirda Bozorqo‘rg‘on tuman militsiya hodimlari tomonidan o‘ziga nisbatan bo‘layotgan ta‘qiblarni to‘xtatishda yordam berishni so‘rab, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvyedev, Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva hamda Rossiyaning Qirg‘izistondagi Bosh konsulligi va Qirg‘iziston Bosh prokuroriga murojaat qilmoqchi.
XS
SM
MD
LG