Линклар

Moskva viloyati shimolidagi Solnechnogorsk tumanida o‘zbek muhojiri yurtidan keltirilgan ekinlarni yetishtirish ustida amaliyotlarni davom ettirmoqda.

54 yoshga qadam qo‘ygan farg‘onalik Rasuljon akani Solnechnogorsk tumanida joylashgan Xorugvino qishloqchasida barcha taniydi.

Bir necha yildirki, zelenogradlik “Roskosmos” muhandislariyu Rossiya fazo kemalari va sun‘iy yo‘ldoshlarini nazorat qiluvchi yuqori malakali xodimlarga tegishli bo‘lgan dala hovlilarda ekin-tikindan tortib uy qurishgacha bo‘lgan vazifalarni ado etib yurgan beshariqlik Rasuljon aka mahalliy aholi bilan juda inoq.

- Bu yerda Andrey Yakovlevich yashaydi - iste‘fodagi general-leytenant. Yoki mana bu uyda yashovchi tatar kishi menga hatto uy kalitini topshirib ketgan, - deya qishloq bilan tanishtirishni boshladi Rasuljon aka.

U bilan uchrashganimizga ham roppa-rosa bir yil bo‘libdi. O‘tgan yilgiga nisbatan qishloqda paydo bo‘lib qolgan yangi imoratlar qurilishining birortasi, Rasuljon akaning aytishicha, usiz bitmabdi. “Bir yil ichida hayotingizda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?” deya suhbatimizni boshladik Rasuljon aka bilan.

- Juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Birinchi navbatda, men dekabr oyida qizimni turmushga berdim. Undan keyin, yanvarga o‘tib onamizni topshirib qo‘ydik.. Mana shunday qilib, to‘y bilan aza birdek kelib qoldi. Shu yil ichida eng muvaffaqiyatli ishlardan yana bittasi - o‘g‘lim Farg‘ona politexnika institutining iqtisod fakultetiga o‘qishga kirdi grant asosida. Bu yilgi eng katta voqealar mana shu bo‘ldi, - deydi Rasuljon aka.

Suhbatimiz davomida hatto qo‘shni qishloqlardan yordam so‘rab Rasuljon akani bir nechta “kliyent” bezovta qildi.

- Hozir sezon, hamma qishga tayyorgarlik ko‘rayapti, - deya izoh bergan bo‘ldi suhbatdoshimiz.

Suhbatimiz davomida beshariqlik Rasuljon aka o‘zi erishgan va erishayotgan yutuqlari aynan Rossiyada topgan mablag‘lar evaziga amalga oshayotganini aytdi.

- Sakkiz yildan beri Moskva viloyatida yurgan bo‘lsam, men hisoblaymanki, faqat mana shu yerda topgan pulim evaziga yaxshigina to‘y o‘tkazdim, mehmonlarni kutdim. Orqasidan onamizni topshirib qo‘ydik, u ham mablag‘siz bo‘lmaydi. Mana, student bo‘lgan o‘g‘limni o‘qitmoqchiman. Bularning hammasini O‘zbekistonda bo‘lsam, qilolmaydigan bo‘lardim. Chunki bitta sohada ishlaganman u yerda, bolalarim katta bo‘lganidan keyin qarasam, eplolmayman: keyin Rossiyaga kelavyerdim. Bu yerda kuniga 1000 rubl ishlayman. Ya‘ni bir kun ishlasam, bir qop Qozog‘istonni unini olaman. Demak, oilam bir kunlik mehnatim evaziga bir oy dasturxonida noni bor. Yana ming rubl ishlasam, go‘sht-yog‘. Lekin mol go‘shti qimmat bo‘lib ketdi, mol go‘shti 17 ming so‘mga chiqib ketdi. Mustaqillik sharofati bilanmi, boshqami - shu yerda ishlayapmiz,pul olayapmiz, uyga jo‘natayapmiz. Xonadonimiz obod, - deydi suhbatdoshimiz.

Shunga qaramasdan, Rasuljon aka Farg‘ona vodiysini, Beshariqni, oilasini sog‘inayotganini aytadi. “Shu maqsadda Xorugvinodagi yashayotgan joyimni Beshariqqa o‘xshatishga kirishdim”, deydi u.

- Handalak ekkan edim-ku men. Bu yil ham yetishtirdim, siz biroz kechroq kelib qoldingiz – mana hozir ham besh-oltita handalak palakda turibdi. Bu yil ko‘proq ekkanman, yigirmatacha uzdik. Har yili opitingiz oshib boradi – mazasi o‘tgan yilgidan a‘lo, kattaroq bo‘ldi. Qo‘shnimga ham berdim u parnikka ekdi.

Ozodlik: Handalakdan tashqari yana nima ekdingiz?

- Mana, O‘zbekistonning rayhoni turibdi. Beshariq Madaniyat Uyining oldidagi majnuntol shoxidan olib ekilganlari ikki metrdan oshib ketdi. Chiqsam, O‘zbekistonni ko‘rishim kerak-da! Qovun-tarvuz, rayhon, bu tomon to‘ldi Besharig‘ning qoratoliga. Shu yerni Beshariq qilmoqchiman, - deya o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashadi Rasuljon aka.

Beshariqlik Rasuljon aka shogirdi bilan.
Narxozni qizil diplom bilan bitirgan beshariqlik bu inson haqiqatan Xorugvinoni so‘lim Beshariqqa o‘xshatishga kirishgan ko‘rinadi.

Ayni paytda u Beshariqqa borsa, tezda salqin Rossiyani, Moskva tabiatini sog‘inib qolishini aytadi. Shuning uchun u dala amaliyotlarini Beshariqdagi hovlisiga ham ko‘chirgani ma‘lum bo‘ldi: hozirda Beshariqda sovuq iqlimga moslashgan o‘simliklar o‘smoqda.

- Besh-olti xil lola ekdim - ochilayapti. “Zelyoniy gorox” deydi, ekkan edim, ajrig‘dek qalin chiqib ketdi. Krasniy, chyorniy, deydi, qizil-qora-oq smorodina ekdim, uyimda bor.U oshqozonga davo ekan va bargini pomidor-bodring tuzlaydiganlarga qo‘shsangiz, karsillaydigan bo‘lar ekan. Yejevika degani bizni tutga o‘xshar ekan, undan ekdim. Astra degan gulini esa hovliga ekayapman. Niyatim shuki, u yerga borganimda bu yerni sog‘inganimda ko‘rib turish, Moskvaga kelsam, eshikni ochib chiqsamu Beshariqni ko‘rish, - deydi Rasuljon aka.

Suhbatimiz so‘ngida besh yil ichida Xorugvino qishlog‘ining eng hurmatli va kerakli insonlaridan biriga aylangan besharig‘lik Rasuljon aka rejalari ko‘pligi va Moskvaga yana ko‘p marotaba qatnashga to‘g‘ri kelishini gapirdi.

- Bizda o‘zbekchilikda nabirangiz o‘g‘il bo‘lsa, to‘y qilib berishingiz kerak. Bitta novvos yetaklab boriladi. Bu kiyim-kechak, latta-puttadan tashqari. Keyin ikkinchi qizim kelayapti, student o‘g‘lim 4 yil o‘qishi kerak, yana 2 yil magistraturada. Shuning uchun menga zerikishgayam vaqt yo‘q, ko‘p ishlaymiz hali. Rossiyaga ko‘p kelsam kerak, - deydi Rasuljon aka.

Xorugvinoda ham boshidan qo‘qon do‘ppi tushmaydigan bu inson keyingi yil ham Ozodlik muxlislarini Podmoskovega qovun sayliga chaqirishini aytdi.
XS
SM
MD
LG