Линклар

logo-print
Maktabda o‘qiganimda "qanday qilib paxta termaslik mumkin?" degan jumboq javobini qidirganman.

Chunki paxta terishni o‘zi bir azob bo‘lsa¸ tarozi boshiga borganda oz paxta terganing uchun o‘qituvchidan tahqirli dashnom eshitish yana bir azob edi.

Urganch televideniyasi jurnalistlari Ro‘zmat Otayev va Ne‘matjon Solayevlar kunora televizorga chiqib, paxta termagan odamning qo‘li harom tarzidagi gaplarni aytib, havoda xurofiy bir muhit yaratar edilar.

Ko‘chalar¸ bozoru do‘konlar paxta bois taqa-taq yopilgan edi.

Postda turgan militsionerlar o‘tayotgan avtobuslarni to‘xtatib, yo‘lovchilarni paxta terishga majburlashar edi. Hatto bir marta Xivaga borayotgan xorijlik turistlar ham paxta terishga majburlanib, xalqaro janjal chiqishiga oz qolgan.

SSSR Tashqi ishlar vazirligidan maxsus odam kelib, bu masalani OblGaida muhokama qilgan edi.

Ana shunday vaziyatda paxta termaslikni imkoni yo‘q edi.

90 yoshga kirgan momolar oldiga ham ko‘sak tashlab qo‘yishar edi.
Ularning ko‘sak sitib o‘tirganini "Axborot" dasturi ko‘rsatar edi - "mana, bizda hamma paxtakor" deb.

Ammo men ana shunday asabiy vaziyatda paxta termaslik yo‘lini topdim.

Paxta sezonida maktab kamida 3 oyga yopilar edi.

Men, 11 yashar bola, mana shu 3 oyda tuman paxta zavodiga ishga kirdim.

Avvaliga bo‘yimni o‘lchashdi. "Juda novcha bo‘lsang, ishga olmaymiz" deyishdi.

Bo‘yi bastim to‘g‘rim kelgaindan keyin zavod ma‘muriyati men bilan shartnoma imzoladi.

Zavod oshxonasidagi yemak doxil oyiga 70 rubl oladigan bo‘ldim.

Boz ustiga, zavod maktab uchun spravka yozib berdi:

“Berildi ushbu spravka shul haqdakim¸ ushbuni taqdim qiluvchi paxta zavodida ishlaydur. Muhr. Imzo.”

Bu spravka meni paxta terimidan ozod qilgan oliy bir hujjat bo‘ldi.

Haftaning besh kunida men soat ertalabki 9 da "Vyerxovina” degan mopedimni tirillatib, paxta zavodiga kirib borar edim .

Zavodga kirganimda moped mo‘risiga maxsus g‘ilof kiygizish joiz edi (toki uchqun chiqib¸ paxtaga o‘t ketmasin, degan andishada).

Zavodda men tengi 8 bola ishlar edi. Bizlarning vazifamiz ulkan paxta bunkeri o‘rtasidan tunel teshish edi (agar tunel teshilmasa, paxta qizib¸ yonib ketishi mumkin edi).

Tunelning bo‘yi bizning bo‘yimiz bilan teng bo‘lgani bois bu ishni faqat biz - bolalar qilishimiz mumkin edi.

Bizga O‘razimbat degan brigadir biriktirilgan edi.

O‘rozimbat bizni ikki guruhga bo‘ldi.

Bunkerni bir tarafida to‘rt bola, yana bir tarafida to‘rt bola maxsus tesha (kirki) bilan navbatma-navbat teshik teshar edik.

Tesha og‘ir edi.

Paxta xirmonini teshish tog‘ni teshishdan qiyinligini o‘shanda bilganman.

Tesha ursangiz, larzon berib, orqaga qaytadi.

Faqat ma‘lum usul bilan paxtani yulib olasiz.

Birinchi kunlari kechalari bilan yelkam og‘rib chiqdi. Keyin o‘rganib ketdik.

Bunker hali barpo qilinmasdan oldin yerga bir temir sim tashlangan edi. Biz ikki tarafdan o‘sha temir sim bo‘ylab tunel kovlar edik.

Ikki haftalarda biz bunker ichkarisiga anchagina o‘rmaladik.

Biz Urganch tumanidagi paxta zavodida ishlar edik.

Shahardagi zavodda tunel kovlagan bolalarni bunker bosib qolgani va ularning minglab tonna paxta tagida majaqlanib o‘lgani xabarini eshitgan kunimiz ish tashlashga qaror qildik.

O‘rozimbat Xudoning zorini qilsa ham, kirmay turavyerdik tunelga.

Keyin paxta zavodining direktori keldi (Bu lavozim o‘sha paytda astronomik darajada ulug‘ edi - ular hech kiymagan kiyim kiyishar¸ hech kimda yo‘q mashinalarni minishar edi).

Direktor kelib, yaxshi shibbalanmagan bunkergina bosib qolishini bizga tushuntirgan bo‘ldi.

Gap orasida biz bolalarga qip-qizil¸ Lenin kallasi aks etgan o‘n so‘m-o‘n so‘m pul qistirdi. O‘zi emaklab tunelga kirib ko‘rsatdi.

Taqdirga tan berib, yana tunnelga kirdik.

Narigi tomondan gup-gup degan ovoz kelar edi.

Bu degani “Elbadagi uchrashuvga oz qoldi “degani edi.

Bu iborani urushda qatnashgan O‘rozimbat ishlatar edi.

Nihoyat, ikki guruh uchrashdik - bunker ichidan tunnel teshildi.

Endi minglab tonnalik paxta bunkeri yonib ketish xavfidan qutuldi.

Biz bolalarni esa yangi bunkerlar kutar edi.
XS
SM
MD
LG