Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:09

Qohirada Muborakka qarshi va tarafdorlar to‘qnashdi


200 ga yaqin odam qatnashgan to‘qnashuvda bir politsiyachi og‘ir jarohat olgani aytilmoqda, xolos.
200 ga yaqin odam qatnashgan to‘qnashuvda bir politsiyachi og‘ir jarohat olgani aytilmoqda, xolos.
Bugun Misrni 30 yil boshqargan sobiq prezident Husni Muborak uchinchi mahkamaga keltirildi.

Qohira shahrida sobiq prezident Husni Muborak ustidan mahkama borayotgan sud binosi oldida sobiq prezidentni qo‘llovchilar va unga qarshi bo‘lganlar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘ldi.

Misrdan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Husni Muborakka tarafdor bo‘lgan 150 ga yaqin namoyishchi qo‘lida shiorlar bilan sud binosi oldiga kelgan va baland ovozlarda uning oqlanishi, ozod qilinishini talab qila boshlagan.

Keyin sud binosiga yaqin hududga yig‘ilgan Husni Muborakka qarshi namoyishchilar birinchi bo‘lib, tarafdorlar tomon tosh uloqtirishni boshlagan.

Qalqonlari bilan o‘rtaga tushgan politsiyachilar ham toshbo‘ron qilina boshlagan. Shunda ayrim politsiyachilar dubinkalar va namoyishchilardan tushgan tosh, g‘isht bilan javob qaytargani xabar qilindi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, to‘palon chog‘ida og‘ir jarohat olgan bir politsiyachi shifoxonga yotqizilgan. Bir kishi tartibbuzarlikni uyushtirganlik gumoni bilan qo‘lga olingan. Ko‘plab namoyishchilarga yengil tan jarohati yetkazilgan.

Bugun Qohirada buncha to‘palon yuzaga chiqishiga sababchi bo‘lgan 83 yoshli sobiq prezident Husni Muborak uchinchi mahkamaga keltirildi va u avvalgilaridagi kabi uchinchi mahkamaga ham zambilda keltirildi.

Muborak korrupsiya va yuzlab namoyishchilarning o‘limiga bog‘lab qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan.

Muborakning huquqini himoya qilish uchun Quvaytdan borgan advokat Muhammad Nosir al-Ag‘miy Misrning sobiq prezidentini 1990 yillardagi ishi uchun himoya qilishga qaror qilganini aytdi.

- Sobiq prezident Husni Muborakni himoya qilishimizning xos sabablari bor. 1990 yillardagi urushda uning Quvayt pozitsiyasini himoya qilganini birorta quvaytlik unuta olmaydi. Bu, umumiyatla, Misr pozitsiyasi edi, - deb esladi quvaytlik advokat.

Misr prezidenti shu yil fevral oyida xalq namoyishlari ortidan hokimiyatni tashlab qochishga majbur bo‘lgan edi.

O‘shanda jami 850 namoyishchi o‘lgani, 6 mingdan ortig‘i jarohatlangani aytiladi. Husni Muborak ayrim amaldorlarni qurolsiz namoyishchilarga qarata qurol ishlatishga majbur qilganlikda ham ayblanmoqda.

Bugungi mahkamada namoyishchilarni otishga kim buyruq bergani haqida sud hay‘ati savollariga bir necha yuqori martabali politsiya mulozimlari javob berishi aytilgan.

Shu yilning 3 avgustida Muborak ustidan boshlangan oldingi sud majlislari televideniye orqali yoritilgan edi. Bugungi mahkamani esa yoritmaslikka qaror qilingani aytilmoqda.

Sudya Ahmad Rafoat guvohlik beruvchilarning shaxsini himoya qilish maqsadida jarayonni tasvirga olishni taqiqladi.

Advokatlar guvohlarning bir-biriga ta‘sir o‘tkazishi oldini olish va bu jarayonning jamoatchilik nazoratidan chetda qolmasligi uchun bunday qaroni bekor qilishni so‘radi, ammo bu so‘rov inobatga olinmadi.

Husni Muborak arab davlatlarida boshlangan xalq g‘alayonlaridan buyon sud zaliga keltirilgan ilk sobiq prezident bo‘ldi.

Muborak o‘z o‘g‘illari Jamol va Alaa, shuningdek, sobiq Ichki ishlar vaziri Habib al-Adliy bilan birga sudlanmoqda.

Ayni kezda Muborakning panjara ortida yurak va boshqa xastaliklardan davolanayotgani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG