Линклар

logo-print
O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi boshlanmoqda. Surxondaryo viloyatining Denov tumanida paxta yig‘im-terimi 29 avgustda boshlandi.

Shu munosabat bilan Hafta savoli ruknining bugungi sonini shu mavzuga bag‘ishladik va respondentlarga “Siz paxta terganmisiz?” degan savol bilan murojaat qildik.

Muhammad Solih, O‘zbekiston Erk demokratik partiyasi lideri:

- Har bir o‘zbek bolasi yoshligida mutlaqo paxta tergan. Men ham bundan mustasno emasman. Maktabda ham terganmiz, univyersitetda ham terganmiz. Paxta terimlari bizning paytimizda, men eslayman, u qadar bugungiday fojiali bo‘lmagan. O‘sha paytdagi ekologik tozalik bilan bugungi ekologik tozalikni tenglashtirib bo‘lmaydi. Bugun juda ekologik jihatdan dalalar, umuman tabiatimiz buzilgan. Lekin 50-60-yillarning boshida unchalik buzilmagan edi. Biz bolalarning paxta terishiga doim qarshi bo‘lganmiz. Qayta qurish paytida ham bu narsalarni gapirganmiz. Ammo haligacha bu masala yechilgani yo‘q. Aksincha, kundan kunga battar bo‘lib borayapti. Bolalarimiz dalada haqiqatan ham paxtaning quliga aylanishda davom etmoqda.

Ruhiddin Komilov, advokat:

- Paxta terganman. Nimaga termaydi? Terganman, juda zo‘r terganman. Chin dildan terganman. 7-8-9-10-sinflarda, keyin studentlik. Yaxshi tomoni yo‘q edi uning. O‘qishdan qolardik. yomon tomonini gapirmay qo‘ya qolay. Majburiy qullik edi-da. Maktabdan olib ketardi. Majbur bo‘lardik. Yaxshi tomonini gapirib bo‘lmaydi uning. Hamma zamonda ham maktabdan qoldirib, bilimdan qoldirib, paxtaga olib chiqish yaxshilikka olib kelmaydi.

"Mahalla" jamg‘armasi vakili:

- Chiqqanman. Studentlik paytimda ham chiqqanman, oldingi ishlagan joyimdan ham chiqqanman. Men "chiqmaganman" demayman. Prosto, sizning efiringiz boshqacha efir-ku bu. Bizlarning efir emas-da men sizga aytadigan bo‘lsam. Men mukofotlar olganman ko‘p terganim uchun. Ko‘p chiqqanman, aka. Prosto, bu narsa uchun ruxsat olish kerak-ku. Bunaqa savollar bo‘yicha bizlarning matbuot kotibimizga murojaat qilasiz. Rahbariyatimga rasmiy ravishda murojaat qiling. Ruxsat bersa, sizga aytib beraman. Ko‘p chiqqanman paxtaga.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati vakili:

- Bunaqa savol-javoblar bo‘yicha mana shu yerga kelinglar. Mana shu yerda gaplashib o‘tiramiz. Bu yerda ham bor-ku korrespondentinglar. Ko‘p-ku sizlarniki. Unaqada uzr, aka, hech narsada yordam bera olmayman men.

Ismoil Saifnazarov, Adolat sotsial-demokratik partiyasi raisi:

- Paxta terganmiz talabalik davrida, sovyet davrida. Normani bajarardik albatta. Endi ko‘p voqealar bo‘lgan. Siz har doim noqulay paytda telefon qilib qolasiz-da. Keyin sizni "xafa qilmay" deb, men siz bilan gaplashaman. Hozir majlis qilayotgan edim. Ming bor uzr. Omonlik tilayman.

Sergey Yejkov, UzMetronom mustaqil internet gazetasi muharriri:

- Ha, men ham paxta terganman. Shuni aytishim mumkinki. Alisher Usmonov men bilan birga paxta tergan. Parallel sinfda o‘qiganimiz uchun paxta terimiga birga borganmiz. Bizni yaxshi boqishgan. Sgushyonkalar berishgan. Qizlar bilan hazillashib, chaqchaqlashib yurardik. Kechki paytlar baliq tutardik. Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida qrim tatarlari ko‘p bo‘lardi. Paxtada kino ko‘rardik. Barakda ba‘zan sovuq bo‘lardi, suv muammosi bo‘lardi. Yosh edik, sho‘x edik. Bilagimiz to‘la kuch edi. Shu bois xotirada paxta haqida yomon narsalar saqlanib qolmagan.

Dilorom Is‘hoqova, Birdamlik harakati a‘zosi:

- Men ham paxta terganman. Bir kilomi, ikki kilomi - paxta terganman. Biz Yangiyo‘ldan qaytayotganimizda militsiya yo‘lni to‘sib¸ o‘sha plan topshirish juda shart bo‘lgan paytda hammani tushirib¸ qancha tera olsak, terdirib, keyin o‘tqazgan. Shunda men tushib paxta terganman. Lekin paxta terimiga chiqib, u yerda boshqa studentlarga o‘xshab bir necha oy qolib, plan topshirib, unaqa narsa mening hayotimda bo‘lmagan. Hammani paxta terimiga olib chiqqan? to‘g‘ri. Lekin men paxta terimiga chiqmaganman, chunki 1-2-kurs paxta terimiga hamma chiqqan paytda o‘shanda ham maza bo‘lmagan chog‘i - chiqmaganman. Keyin zaochniyga o‘tkazganman. Shundan keyin umuman chiqmay qo‘yganman.

Muhammadsolih Obutov, o‘zbekistonlik sobiq imom:

- Bizlar sovyet davri maktabi bitiruvchilarimiz. Bizga norma 50 kilo qo‘yilgan-da. O‘sha normani men ham bajarganman. Lekin juda yaxshi terimchi emasdim. Ba‘zida paxtalar tugab qolgan paytlarda 20-30 kilo terganda, kaltak yer edik. O‘qituvchilarning urgan paytlari esimda. Matematika o‘qituvchimiz bo‘lardi. Ertalab hammamizni qatorlashtirib qo‘yib urgan o‘sha paytda. O‘ziyam ozgina ichib olganmikan, paxta 50 kiloga yetmagani uchun kaltak yeganmiz. Bir kun och, bir kun to‘q bo‘lib, paxta terganmiz.

Mo‘tabar Tojiboyeva, "O‘tyuraklar" klubi rahbari:

- O‘quvchilik paytimdan boshlab paxtaga chiqqanman. Men ilg‘or terimchi bo‘lganman, deb ayta olmayman. Chunki nimjongina qiz bo‘lganligim sababli paxta terimi paytida oz terar edim. Ba‘zan oz terganligim uchun muhokama ham bo‘lib, o‘qituvchilar tomonidan tanbehlar eshitgan paytim ham bo‘lgan. Paxta terimi paytida sinfdoshlaringiz, do‘stlaringiz bilan yaqindan suhbatdosh bo‘lib, dars paytida olishimiz mumkin bo‘lmagan qiziqarli ma‘lumotlarni paxta terimi davrida bilar edik.

Abdurahmon Tashanov, "Ezgulik" jamiyati faoli:

- Paxta terimiga chiqqanman, lekin juda qisqa vaqt. Uch-to‘rt kunlik qisqa vaqtlarga chiqqanmiz. Eng ko‘p terganim - kuni bo‘yi 35-40 kilo terganman. Paxta terishni o‘zi eplay olmayman. Paxta terishni ham eplay olmaganman, paxta qo‘yishni ham eplay olmayman. Ko‘proq olimpiadalarda bo‘lardim, fan musobaqalarida bo‘lardik. Shuning hisobiga ko‘pincha paxtadan ozod qilinardim. Paxta terimiga chiqishning yaxshi tomoni - sinfdoshlar bilan o‘yin-kulgu nuqtai nazaridan yaxshi edi. yomon tomoni - salqin kunlar bo‘lardi, yomg‘irli kunlarga to‘g‘ri kelib qolardi. Unaqa paytda qator noqulaychiliklar tug‘ilardi. Mana shu taraflari yomon edi. Eng muhimi, hamma uchun yomon tomoni - darslardan qolib ketardik. O‘zlashtirishlar qiyin bo‘lardi. Paxtaga ozmi-ko‘pmi pul to‘lagani nuqtai nazardan yaxshi. Chunki, masalan, shaxsan mening cho‘ntagimga ozgina pul kirardi ko‘p tera olmasam ham.

Abdusalom Ergashev, huquq faoli:

- Albatta, paxtani ko‘p terganmiz. Qishloqda katta bo‘lganmiz. Paxtaning ichida tug‘ilib, paxtaning ichida katta bo‘lganman, desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Sal dangasaroq, o‘rtachadan pastroq terimchi bo‘lganman. Eng yoqimsiz ish menga paxta terish edi. Birinchidan, sal tabiatim nozikroqmidi - tirnoqning atrofidagi terini titib yuborar edi. "Iloji bo‘lsa, yo oshpaz, yo choy tarqatadigan bo‘lsam" degan orzuda yurardim. Lekin o‘qituvchilar meni hech qachon o‘sha ishlarga tayinlashmas edi. Maktabda yuqori sinfda o‘qiganimizda yotoqqa borib terganmiz. Kunda olib chiqqanda ham terganmiz. Bundan tashqari, studentlik paytimda terilgan. Viloyat gazetasida ishlab yurganimda paxtaga chiqar edik. Endi viloyat gazetasining kollektivi paxtaga chiqqanda nima bo‘lardi, nomi paxtaga chiqish edi. Qaysi kolxozga borsak, shu kolxoz bir qo‘yga tushar edi, bir-ikki yashik ichimlikka tushar edi.
XS
SM
MD
LG