Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:42

KXShT O‘zbekistonga “Xush ko‘rdik” demoqchi


"O‘zbekistonga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida qolishi yoki qolmasligini o‘ylab ko‘rish tavsiya qilinishi mumkin".

Bu xabarni Rossiyada chiqadigan “Kommersant‘” gazetasi o‘zining 5 sentabr sonida Rossiya tashqi ishlar vazirligidagi bir manbaning aytganlariga tayanib e‘lon qildi.

Masala nima uchun bu qadar keskin qo‘yilayapti?

Toshkent bilan KXShT o‘rtasidagi munosabatlar chigalligi zamirida qanday sabablar yotibdi?

Rossiyalik diplomatning aytgani

“Kommersant‘”ga ko‘ra, Rossiya Tashqi ishlar vazirligidagi manba aynan quyidagi gapni aytgan:

“Davlat rahbarlari darajasida konsensus prinsipidan voz kechish tomon ilgarilash zarurligini tushunish mavjud. Bunga O‘zbekistondan tashqari boshqa hamma qarshi emas. Shuning uchun O‘zbekiston prezidentiga o‘z pozitsiyasini aniqlab olish taklif qilinadi. Agar imzolashdan bosh tortsa, demak, biz bilanmi, biz bilan emasmi - tanlov imkoni bo‘ladi”.

Demak, Toshkent “konsensus prinsipi”ga - KXShT doirasida qaror qabul qilishda konsensus prinsipiga qarshi chiqmoqda.

Prinsiplar o‘zgaruvi

Qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayevning aytishicha, “shu paytgacha KXShT doirasida u yoki bu qaror tashkilotga a‘zo davlatlarning barchasi to‘la rozilik bildirgan taqdirdagina qabul qilingan. Loaqal bitta davlat qarshi bo‘lgan taqdirda ham qaror qabul qilinmagan. Ya‘ni konsensus prinsipi amal qilar edi”.

- Endilikda esa, - deya davom etadi Satpayev, - qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirish zarurligini ro‘kach qilib, konsensus prinsipidan voz kechish, qarorlarni ko‘pchilik roziligi bilangina qabul qilib qo‘yishni Rossiya taklif qilayapti. Ya‘ni tashkilotga a‘zo davlatlardan bir-ikkitasi qarshi bo‘lgan taqdirda ham qaror ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinavyeradi.

Moskva KXShTni real harbiy ittifoqqa aylantirmoqchi,

deydi rossiyalik tahlilchi Pavyel Felgengauer, - lekin bu yo‘nalishda tashlangan amaliy qadamlar ko‘p emas. Harbiy ittifoqning uyutqisi sifatida tuzilgan Kollektiv tezkor kuchlarni (KSOR) hozircha kollektiv ham, kuch ham, deb bo‘lmaydi. Buning sabablari ko‘p.

Sabablardan biri O‘zbekistonning tutgan pozitsiyasidir. Va bu holat Moskvaning g‘ashini keltirmoqda.

Nima uchun Moskva konsensus prinsipidan voz kechmoqchi?

Moskvalik boshqa bir tahlilchi Aleksandr Golsning fikricha, “Rossiya Kollektiv tezkor kuchlarni tuzishga va muhimi, bu tuzilmaning huquqiy bazasini tezroq yaratishga intilayapti. Bu esa, Afg‘onistondan AQSh harbiylari olib chiqib ketilganidan so‘ng O‘rta Osiyo mamlakatlarida chiqishi muqarrar bo‘lgan mojarolarga aralashish imkoniga ega bo‘lish uchun zarurdir”.

Nima uchun Toshkent konsensus prinsipidan voz kechmoqchi emas?

Aleksandr Golsning fikricha, “Markaziy Osiyoning zaif avtoritar rejimlar bo‘lgan davlatlari rahbarlari Moskvaning tashabbuslaridan do‘ppilarini osmonga otayotganlari yo‘q. Buning ikki sababi bor. Ularning Kollektiv tezkor kuchlarning Moskva aytayotgan prinsiplarda tuzilishiga rozilik berishi o‘zlarining zaifliklarini tan olishlari bo‘ladi”.

- Ikkinchidan esa, o‘z respublikalarida nazoratsiz yakkahokimligidan voz kechishlariga to‘g‘ri keladi. Kollektiv tezkor kuchlar tuzilishiga eng katta qarshilik ko‘rsatayotgan lider - kuchliroq avtoritar rahbar bo‘lgani sababli janob Karimovdir. Mintaqadagi boshqa davlatlar esa, O‘zbekistonga qaraganda zaifroq bo‘lgani uchun qarshilik ko‘rsata olmayapti, - dedi Aleksandr Gols.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev ham Aleksandr Gols bildirganga o‘xshash fikrni aytar ekan, “Moskva takliflaridan boshqalar, xususan, Karimov mamlakat ichida biron to‘polon chiqquday bo‘lsa, KXShTning harbiy aralashuvini xohlamayapti”, -dedi.

KXShT O‘zbekistonga “Xush ko‘rdik” deydimi?

Do‘sim Satpayev mintaqa xavfsizligini, demakki, shimoliy qo‘shni Rossiyaning ham xavfsizligi ta‘minlashda O‘zbekiston juda zarur o‘yinchi ekanligini Moskva tushunishini ta‘kidladi.

- Lekin Moskva KXShTni masalalarni operativroq hal qiladigan tashkilotga aylantirmoqchi va agar Toshkent KXShTni isloh qilish g‘oyasiga qarshi chiqsa, Rossiya O‘zbekistonning bu tashkilotdan chiqishi masalasini kun tartibiga qo‘yishi mumkin, - dedi Do‘sim Satpayev.

“Batka”ning aytgani

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilining “Kommersant‘” gazetasi 5 sentabr kungi sonida keltirilgan gapi bu masalada qilingan ilk bayonot emas.

KXShTga a‘zo davlatlar boshliqlarining 12 avgust kuni Astana shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Shartnoma doirasida to‘la quvvat bilan hamkorlik qilishni istamayotgan mamlakatlar"ni KXShTdan chiqarib yuborishni taklif qilgan edi.

Norasmiy sammitga faqatgina O‘zbekiston prezidenti bormaganidan kelib chiqib, Belarus rahbari qaysi mamlakatni nazarda tutganini tushunish qiyin emas.

Bu masalada bayonot berilmaydi

Bu javobni Ozodlik muxbiri “Prezident Lukashenkoning bayonoti hamda “Kommersant‘” gazetasida chiqqan xabarga munosabat bildirasizlarmi?” degan savoliga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Odilbek Qaipbergenovdan oldi.

KXShT idorasining hozircha javobi yo‘q

KXShT matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov Ozodlik radiosining Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilining “Kommersant‘” gazetasi 5 sentabr kungi sonida keltirilgan gapiga munosabat bildirishini so‘rab qilgan iltimosiga javoban “KXShT ma‘muriyati bunday ma‘lumotlardan bexabar" ekani va "O‘zbekistonning tashkilotni yana tark etishiga oid ma‘lumotlarga hozir javob berolmasligi”ni aytdi.

O‘zbekiston 1999 yildan 2006 yilgacha KXShTga a‘zoligini to‘xtatib turgan edi.

KXShTga shu kunda Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston a‘zo.
XS
SM
MD
LG