Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:28

Janish Bakiyevning o‘g‘li qo‘lga olindi


Qirg‘iz-qozoq chegarasida soxta hujjat bilan qo‘lga olingani da‘vo qilinayotgan Asilbek Saliyev sobiq prezidentning ukasi Janish Bakiyevning to‘ng‘ich o‘g‘lidir.
Qirg‘iz-qozoq chegarasida soxta hujjat bilan qo‘lga olingani da‘vo qilinayotgan Asilbek Saliyev sobiq prezidentning ukasi Janish Bakiyevning to‘ng‘ich o‘g‘lidir.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning jiyani Asilbek Saliyev qo‘lga olinganini tasdiqladi.

2 sentabr kuni Janish Bakiyevning 6 o‘g‘lidan ikkisi – 23 yoshli Asilbek va 12 yashar Nursultan Qirg‘izistondan Qozog‘istonga o‘tish paytida chegara postida qo‘lga olingan edi.

Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi Nurlan To‘qtaliyevga ko‘ra, voyaga yetmagan Nursultan keyinchalik qo‘yib yuborilgan.

- 3 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 28-, 346-, 350- moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. U (Asilbek Saliyev - tahr) davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda va chegaradan o‘tayotganda soxta hujjatlardan foydalanganlikda ayblanmoqda. Asilbek Saliyev Milliy xavfsizlik qo‘mitasining tergov izolyatorida. Nursultan Bakiyev esa yaqinlariga topshirildi, - dedi Nurlan To‘qtaliyev.

Janish Bakiyevning ikki o‘g‘li Asilbek bilan Nursultonning 2 sentabr tunida Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasining “Ak jo‘l”o‘tkazish-nazorat maskanida qo‘lga olingani to‘g‘risida huquq himoyachisi Bubuaysha Arstanbekova xabar tarqatgan edi.

Uning aytishicha, aka-uka Qozog‘istonda o‘qiydi. Arstanbekova fikricha, huquq-tartibot organlari xodimlarining voyaga yetmagan bolani hibsda ushlab turishi qonunbuzarlikdir.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi tergov izolyatorida saqlanayotgan Asilbek Saliyev Janish Bakiyevning yetti farzandi orasida to‘ng‘ichi.

Asilbek amakisi Qurmonbek Bakiyev prezidentligi davrida gazetalar bilan sudlashgani bois jamoatchilik orasida ancha tanilgan.

2008 yilda “Alibi” va “De fakto” gazetalari Asilbekning avtomobil avariyasiga aloqadorligi haqida ma‘lumot bergan. U “obro‘imga putur yetkazdi” degan iddao bilan gazetalarni sudga berib, bir million qirg‘iz so‘mi undirgan edi.

O‘tgan yilgi aprel inqilobidan so‘ng uning otasi Janish Bakiyev qayerda ekani noma‘lum qolmoqda.

Asilbekning otasi ustidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan “ikki va undan ortiq shaxsni o‘ldirish jinoyati uyushtiruvchisi”, “birovning joniga suiqasd qilish”, ”lavozimni suiste‘mol qilish” kabi jinoyatlarda gumon qilinib, jinoyat ishi
qo‘zg‘atilgan.

Janish Bakiyev Qurmonbek Bakiyevning aka-ukalaridan biri. Qurmonbek Bakiyevning prezidentlik davrida uni ta‘siri o‘ta kuchli bo‘lgan amaldor, deb ham aytishgan.

Ayni paytda Asilbek Saliyevning hibsga olinishini Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Akun Bakiyevlar oilasi a‘zolarini quvg‘in qilishning bir qismi, deya baholaydi:

- Boshqa tomondan qayd etilmagan qoida bor. Ota o‘g‘li uchun, o‘g‘il otasi uchun javob bermaydi. Jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Bakiyevlar oilasi vakillarini ushlash kerak edi. Voyaga yetmagan o‘g‘li va 23 yoshli o‘g‘lini ushlashning nima keragi bor? Albatta, agar soxta hujjatlar bilan qo‘lga olingan bo‘lsa, bu boshqa gap. Bu uchun javob berishi lozim. Ikkinchi tomondan, Bakiyevlar oilasi a‘zolari birovlarning familiyasi ortida yashirinishga majbur. Ularning bu holatini ham tushunish kerak, - dedi ombudsmen Tursunbek Akun.

Qirg‘iziston sobiq prezidentining boshqa ukasi - 51 yoshli Ahmat Bakiyev shu yilning avgustida Qirg‘iziston Oliy sudi hukmi bilan yetti yilga qamalgan.
XS
SM
MD
LG