Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:58

Futbol: O'zbekiston - Yaponiya 1:1


Futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi.
Futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi.
6 sentabr kuni Toshkentning "Paxtakor" markaziy stadionida o'tgan O'zbekiston - Yaponiya futbol uchrashuvida 1:1 hisobi qayd etildi.

O'zbek futbol muhlislariga limmo-lim to'lgan stadionda o'tgan o'yin juda keskin hujumlar va xavfli vaziyatlar bilan boshlandi. O'yin boshidayoq O'zbekiston terma jamoasi faqat g'alaba uchun maydonga tushganini isbotladi. O'yinning 8-daqiqasida jamoa sardori Server Jeparov raqib jarima maydonchasidan turib hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi. Hisob 1:0.

Raqib darvozasiga kiritilgan goldan so'ng Vadim Abramov shogirdlari ruhan tetiklashgani yaqqol sezilib turdi. Shu o'rinda darvozabon Ignatiy Nesterovning o'yin davomida ko'rsatgan yuqori darajadagi o'yiniga tassannolar aytib o'tish lozim.

O'yinning birinchi yarmi oxirigacha ikkala jamoa ham bir qator keskin hujumlarni amalga oshirdi. Darvoza to'sinini pishiqligini bir necha bor amalda sinab ko'rishgan jamoalar 1:0 hisobi bilan tanaffusga chiqib ketishdi.

O'yinning ikkinchi yarmida "samuraylar" bir necha bor yuqoridan oshirilgan to'p orqali hujumga o'tishni boshlashdi. Bunday hujumlarning har biri shiddatli tus olar edi. O'yinning 65-daqiqasida shu hujumlardan biri gol bilan yakunlandi. Yaponiya terma jamoasi hujumchisi Shinji Okazaki chap qanotdan yuqorilatib uzatilgan to'pni boshi bilan Nesterov darvozasiga yo'lladi. Hisob 1:1.

Oradan bir necha daqiqa o'tib esa Server Jeparov raqib darvozaboni bilan birga-bir holatda qoldi. Ming afsuski, bu vaziyatda Jeparov qo'li ustun kelmadi. Raqib darvozaboni u bergan zarbani osonlikcha qaytarishga muvaffaq bo'ldi.

O'yin oxirigacha hisob o'zgarmadi. 2014 yili Braziliyada o'tadigan Jahon chempionati saralash o'yinlarining 3-bosqichi ikkinchi tur o'yinida O'zbekiston o'z uyida Yaponiyaga qarshi durang o'ynadi - 1:1!



Eslatamiz,O'zbekiston guruhdoshlari Tojikiston va Shimoliy Koreya terma jamoalari ham ikkinchi tur o'yinida kuch sinashishdi. Shimoliy Koreyada o'tgan o'yin mezbonlar g'alabasi bilan yakunlandi - 1:0.

Esingizda bo'lsa, bosqich birinchi turida O'zbekiston terma jamoasi Tojikiston ustidan 0:1, Yaponiya esa Shimoliy Koreya ustidan 1:0 hisobi bilan g'alaba qozonishgan edi.

Shunday qilib, "o'lim guruhi" deya nom olgan "C" guruhida O'zbekiston va Yaponiya 4 ochko bilan birinchi va ikkinchi o'rinda. Shimoliy Koreya uch ochko bilan uchinchi. Tojikiston esa nol ochko bilan to'rtinchi o'rinda.

O‘zbekiston futbolchilari 11 oktabr 3-turda Shimoliy Koreya-O‘zbekiston; 11 noyabr 4-turda O‘zbekiston-Shimoliy Koreya; 15 noyabr 5-turda O‘zbekiston-Tojikiston; 29 fevral 6-turda Yaponiya-O‘zbekiston o‘yinlari o‘tkazadi.
XS
SM
MD
LG