Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:04

O‘zbek liderlari Keldibekovni sudga berdi


Qirg‘iziston parlamenti spikeri Aqmatbek Keldibekov.
Qirg‘iziston parlamenti spikeri Aqmatbek Keldibekov.
Qirg‘iziston respublikasi O‘zbek milliy-madaniy markazi yetakchilari sud orqali parlament spikeri qarorining bekor qilinishiga erishmoqchi.

Bu haqda Ozodlikka arizachilar advokati, bishkeklik yurist Igor Trofimov ma‘lum qildi.

Advokatga ko‘ra, Qodirjon Botirov, Jaloliddin Salohiddinov, Inomjon Abdurasulov va boshqalar suddan parlament spikeri Akmatbek Keldibekov O‘sh voqealari yuzasidan imzolagan qarorni bekor qilishni so‘ragan.

Advokat Igor Trofimovning Ozodlik muxbiriga aytishicha, Qodirjon Botirov va milliy markaz boshqa faollarining arizasi Bishkek shahar Birinchi may tuman sudiga topshirilgan. Yana bir ariza Birinchi may tuman prokuraturasiga topshirilgan, bu idora arizani, o‘z navbatida, Bosh prokuraturaga jo‘natgan.

Arizalar mazmuni haqida gapirar ekan, advokat Trofimov parlament qarorini nazarda tutib, bunday dedi:

- Qarorda, tilga olingan milliy markaz a‘zolari, sud hukmi chiqmay turib aybdor, deb e‘lon qilingan. Bu esa g‘ayriqonuniy ishdir. Sud hukmi chiqquniga qadar hech kimni aybdor, deb hisoblab bo‘lmaydi, bu Konstitutsiya talabidir, - dedi advokat Igor Trofimov.

Gap shundaki, 2010 yil iyun voqealarini tekshirgan deputatlik komissiyasi ishi yuzasidan Qirg‘iziston parlamenti qarori 16 iyun kuni e‘lon qilingan edi.

Hujjatda 2010 yil may-iyun oylarida O‘sh shahri, O‘sh va Jalolobod viloyatlarida sodir bo‘lgan fojiaviy voqealarning asosiy tashkilotchilari va aybdorlari sifatida o‘zbek liderlari nomlari keltirilgan, xususan, Qodirjon Botirov, Inomjon Abdurasulov, Jaloliddin Salohiddinov, Karomatxon Abdullayeva, Ozodbek Karomatov, Muhammadrasul Abaqjonov, Xaliljon Xudoyberdiyev (O‘shTV), Javlonbek Mirzaxo‘jayev (MezonTV), Ulug‘bek Abdusalomov, A‘zamjon Akbarov “millatchilik va ayirmachilik harakatlariga aloqador” shaxslar sifatida tilga olingandi.

Parlament qarorida nomlari keltirilganlar o‘tgan yilgi qonli voqealar uchun “aybdor deb hisoblansin” yozib qo‘yilgan.

Botirov va boshqalar parlament spikerini sudga bergani to‘g‘risida xabar paydo bo‘lganidan keyin Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri parlament komissiyasi raisi, deputat To‘qo‘n Mamitovga bir necha savol bilan murojaat qildi.

Uning aytishicha, Botirov aybdor va ariza bilan sudga murojaat qilgani aybdor ekanligiga yana bir dalildir.

To‘qo‘n Mamitovning fikricha, agar Qodirjon Botirov va uning qatoridagi boshqa o‘zbek liderlar agar o‘zlarini aybsiz, deb hisoblasalar, Qirg‘izistonga qaytib, tergovchilarga, sudlarga o‘zlarining aybsizligini isbotlashlari lozim.

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, Qodirjon Botirov va boshqa bir necha o‘zbek ustidan shu yil bahorda Jalolobod viloyatida sudlov boshlangan, 29 aprel, 4 may, 11 may, 4 iyul, 13 iyul, 22 iyul kunlariga belgilangan sud majlislari advokatlar va asosan jabrlanuvchilar sudga kelmagani tufayli keyingi sanaga qoldirilavyergan edi.

Shu kunda o‘zbek liderlari ustidan boshlangan sudlov qachon davom ettirilishi noaniq. Jalolobod viloyat prokuraturasi jabrlanganlarni izlash bilan ovora.

Jo‘g‘o‘rqu Kenesh spikerini sudga bergan Qodirjon Botirov mamlakat parlamentining eks-deputati, respublikadagi eng badavlat tadbirkorlardan biridir.

1 sentabr kuni ma‘lum bo‘lishicha, Jaloloboddagi Botirovga qarashli va unga aloqasi bo‘lgan 25 ta ob‘ekt Jalolobod tumanlararo sudining 25 may kungi qarori bilan hibsga olingan.

Botirovning muzlatib qo‘yilgan mulklari orasida Jaloloboddagi Xalqlar do‘stligi univyersiteti, zavodlar, avtokorxonalar, yer maydonlari, bozorlar, do‘konlar va boshqalar bor.

Mana shunday sharoitda Botirov va O‘zbek milliy markazining boshqa bir necha faoli parlament spikerini sudga berdi.

Xo‘sh, bundan bir ish chiqadimi?

Bu savolni O‘sh voqealari davomida ancha xolis pozitsiyada turganligi bilan tanilgan inson huquqlari himoyachisi Aziza Abdurasulovaga berdik.

- Mazkur ishning rivoji qanday bo‘lishi to‘g‘risida bir narsa deyishga hali erta. Lekin ariza baribir ko‘rib chiqilishi lozim. Ko‘rilganda ham oshkoralik ta‘minlashi kerak, toki jurnalistlar jarayon to‘g‘risida ma‘lumotga ega bo‘la olsin.

Ikkinchi tomondan, shuni ham unutmangki, Aqmatbek Keldibekov bugungi kunda ham deputat, ham spiker sifatida daxlsizlik maqomiga ega, - dedi Aziza Abdurasulova. .
XS
SM
MD
LG