Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:13

"Fohishalikka zo‘rlangan qizlar tuhmatga qolyapti"


Bir necha yil muqaddam Indoneziya politsiyasi tomonidan Jakartada qo‘lga olingan va O‘zbekistonga deportatsiya qilingan bu qizlar aldov bilan xorijga olib ketilgan minglab qizdan uch nafari, xolos.
Bir necha yil muqaddam Indoneziya politsiyasi tomonidan Jakartada qo‘lga olingan va O‘zbekistonga deportatsiya qilingan bu qizlar aldov bilan xorijga olib ketilgan minglab qizdan uch nafari, xolos.
Odam savdogarlari qo‘lida fohishalik qilishdan qochgan xorazmlik bir necha ayol odam savdosida ayblanmoqda.

Xorazmdagi "Najot" inson huquqlari tashkilotiga murojaat qilgan va asl ismini jamoatchilikka oshkor qilmaslikni so‘ragan besh ayol shu kunlarda Xorazm va Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan odam savdosiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Bu ayollar O‘zbekistondagi uyushgan jinoyatchi guruhning aldovi bilan Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Hindistonga sotib yuborilgani, so‘ngra u yoqdan O‘zbekistonga qochib kelganini aytmoqda.

Tashkilot yetakchisi Hayitboy Yoqubovning aytishicha, Xorazm viloyati Shovot tuman sudi va Buxoro viloyat sudida ko‘rilayotgan ish aslida qizlarning himoya izlab, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga qilgan murojaati asosida qo‘zg‘atilgan edi.

- O‘sha qizlar aytayaptiki, ularni olib ketgan yigit o‘zi Nukusdan. Ismi Shuhrat. Uning onasi ham odam savdosi bo‘yicha ayblanib, qamoqda o‘tiribdi hozir. Shuhrat qizlarni Dubayga olib ketgan. Menga murojaat qilgan qiz yana uchta qiz bilan jami 27 ming dollarini unga berishgan ekan, - deydi H.Yoqubov.

Huquq faoliga ko‘ra, qochib kelgandan keyin qizlar bu yigitni izlab topgan, lekin pulini undira olmagandai bois sudga shikoyat qilgan.

- O‘zbekiston sudi bularni qarab chiqqandan keyin Shuhratni emas, jarblangan qizlarning o‘zini ëmon otliqqa, gunohkorga chiqarayaptida. Bu ayollar o‘zlarni aldab olib ketishganini isbotlab berishgan bo‘lsa-da, sud ularning arzini inobatga olmayapti, - deydi Hayitboy Yoqubov.

Xorazm va Buxoro viloyatidagi nomi tilga olingan sudlardan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Hayitboy Yoqubovga ko‘ra, garchi keyingi vaqtlarda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari bu jinoyatga qarshi kurashayotganini iddao qilayotgan, rasmiy axborot vositalari esa bu jinoyatda ayblangan fuqarolar ustidan sudlarni namoyish qilayotgan bo‘lsa-da, aslida bu boradagi vaziyat juda ayanchlidir.

- Mening kuzatuvimcha xorijga ish izlab ketayotgan va odam savdogarlari qo‘liga tushib qolayotgan ayollarning 65 foizi aldanmoqda, - deb taxmin qiladi huquq faoli.

Biz "Najot"ga murojaat qilgan ayollarning uch nafari bilan ham gaplashishga urindik. Ammo, hozircha buning imkoni bo‘lmadi.

Ulardan ikki nafarining taqdiri noma‘lum qolmoqda. Yana biri esa Rossiyaga ketgan.

Bu qizlar o‘zlari bosib o‘tgan azobli yo‘l haqida qilgan hikoyalaridan ba‘zilarini Hayitboy Yoqubov qisqacha bizga so‘zlab berdi.

- U yoqdan qochib kelgan shu besh qiz aldov yo‘li bilan restoranlarga, tozalash ishlariga, posudomoykaga, deb olib ketilgan. Aynan men bilan gaplashganlarning ikkitasini Qozog‘iston, uchtasini Qirg‘iziston orqali olib ketishgan ekan. Hatto, soprovojdayushiylari borligi, masalan Xorazmdan Buxorogacha, Buxorodan Toshkentgacha, Toshkentda bir joyga to‘planishi, keyin Qirg‘izistonga borishi, u yerda ham chegara rayonda to‘planishi, ma‘lum bir paytda chegaradan o‘tkazib qo‘yishganini gapirib berishdi.

Ozodlik: Ya‘ni butun boshli sistema ishlayapti?

- Ha. Hatto, chegaraning o‘zida shunaqa narsalar bo‘lgan ekanki, tushunib yetganlar orqaga qaytishga harakat qilishsa, do‘pposlashgan, azob berishgan, qiynashgan. Hatto, nosilkada ham olib o‘tishgan chegaradan, - deya O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyatni tilga oldi Hayitboy Yoqubov.

Huquq faoliga ko‘ra, jinoyatchi guruh safida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor.

Huquq faoli "Najot"ga murojaat qilgan yana bir qizning hikoyasini qisqacha tilga olar ekan, Turkiya, Hindiston, Indoneziya, Tailand, BAA kabi davlatlarda, asosan, o‘zbek ayollarining zo‘rlik bilan fohishalikka majburlaydigan guruhlar qo‘lida qul bo‘lib qolayotgani asl sabablaridan biri — ularning huquqiy savodxonligi pastligi va aksariyat hollarda, ularning xorijdagi O‘zbekiston diplomatik korpuslari tomonidan himoya qilinmasligidir.

- Yana bitta Husnobod degan qiz Hindistondan kelgan. U ham to‘rt marta qochmoqchi bo‘lgan. Keyin yaxshi odamga uchragan. Shu kishi pul bergandan keyin bu qaytib kelgan. Hindistonda qamoqda o‘tirganda bizning aëllar bilan tanishib olgan ekan. “Faqat xorazmliklardan 18tasini bilaman” deb menga aytdi.

Turkiyadan kelganlar ham bor. 31 nafar qizimiz qamoqda o‘tirganini, agar qo‘laridan puli bo‘lsa, qamoqdan chiqib ketishlarini, ularning oilalari O‘zbekistonda qiyinchilik bilan kun kechiraëtgani, ularning ham puli yo‘qligi, ko‘p odam huquqiy ërdamga muhtoj ekanligini bizga gapirib berishgan, - deydi huquq faoli Hayitboy Yoqubov.
XS
SM
MD
LG