Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:44

O‘zbekistonlik talabalar paxta terimiga chorlandi


Yillar davomida arzon mehnat kuchi bo‘lib kelgan o‘zbek yoshlari ulkan paxta xirmonini yig‘ish uchun o‘quv dargohlaridan bir necha haftaga paxta dalasiga yo‘llanadi.

O‘zbekistonda o‘quv yili boshlanganiga bir hafta bo‘lmasdan oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlarida paxta yig‘im-terimiga safarbarlik e‘lon qilindi.

Buxoro yengil sanoat kasb-hunar kolleji xodimasidan olingan ma‘lumotga qaraganda, talabalar 7 sentabr kuni soat 9 da kollej hovlisidan paxta dalasiga jo‘natiladi.

- Ertaga soat 9 da. Hamma kollejlar chiqayapti, institutlar ham, - dedi Buxoro yengil sanoat kasb-hunar kolleji xodimasi.

Qarshi Davlat univyersiteti talabalari paxta terimiga 8 sentabr kuni jo‘nab ketadi. Talabalardan olingan bu ma‘lumotni univyersitet rektorati tasdiqladi. Rektorat xodimiga ko‘ra, talabalar paxtani Nishon tumanida teradi.

- Paxtaga bolalar 8 chi chislodan chiqib ketayapti. Yotog‘i bilan, - dedi rektorat xodimi.

6 sentabr kuni O‘zbekiston Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati mavzuga oid bayonot tarqatdi.

Jamiyat vakili Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, ayni paytda Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlaridagi kollej va oliygoh talabalari paxta terimiga chiqishga hozirlik ko‘rmoqda.

“Ezgulik” vakili talabalarni dala mehnatiga jalb etish O‘zbekistonda qabul qilingan qonunlarga zid ekanligini ta‘kidlar ekan, ularning tashkiloti bu holat bo‘yicha Bosh prokuraturaga xat yo‘llaganini bildirdi.

- O‘zbekiston respublikasining 1992 yilda chiqqan “Ta‘lim to‘g‘risida” gi qonuni bor. Qonunda “o‘quv paytida o‘quvdan tashqari ishlarga jalb qilish ta‘qiqlanadi”, deb yozib qo‘yilgan.Undan tashqari, “o‘quvchilar O‘zbekiston ta‘lim standartlariga mos huquq bilan kafolatlanadi”, degan joyi bor. Ta‘lim to‘g‘risidagi qonunning ikkita moddasi to‘g‘ridan -to‘g‘ri buzilayapti. Shuning uchun O‘zbekiston "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati O‘zbekiston Bosh prokuraturasini mana shu holatlar bo‘yicha prokurorlik choralarini qo‘llab, O‘zbekiston hukumatiga tushuntirishlar olib borib, talabnoma kiritishni so‘radik, - dedi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekiston qonunlarining ijrosini nazorat qiluvchi prokuratura idoralari paxta terishda arzon mehnat kuchi bo‘lgan talabalarning huquqlarini himoya qilmagani bois, terimga majburan yuborilayotgan talabalar paxtadan qochish yo‘llarini hozirdanoq o‘ylashni boshlagan.

Farg‘ona politexnika instituti talabasi Muzaffarning talaba do‘stlari orasida paxta terimi boshlanishi bilan VKK tibbiy ruxsatnomasiga talab ko‘payadi.

- Paxtaga chiqmasdan foydali ish qilib pul topadi. Kontraktda o‘qiydi. Paxtaga chiqsa, bir so‘m ham topmaysiz. Paxta terib kuningiz o‘tib ketadi. Buning uchun bekorchi bo‘lish kerak, - deydi farg‘onalik talaba.

Uning aytishicha, paxta terib topilgan pul dalada yegan ovqat uchun ushlab qolinadi. Shu boisdan aksar talabalar pul topib tibbiy ruxsatnoma tayyorlashga kirishgan. O‘tgan yili paxtadan qolishga imkon beradigan tibbiy ruxsatnoma narxi 100 ming so‘mdan yuqori bo‘lganligini suhbatdosh talaba bildirdi.

O‘zbekistonning 3 million tonnadan ortiq “oq oltin”ini terish uchun paxta dalasiga quvilayotgan minglab talabalar o‘quv dargohlariga noyabrda qaytishi mumkin.

Paxta eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan O‘zbekiston hukumati paxta savdosidan yiliga bir milliard AQSh dollaridan ortiq foyda oladi.
XS
SM
MD
LG