Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:02

"Endi shartnoma tuzmasdan ishlamaymiz"


Moskvadagi 311-o‘rta maktab (suratda) direktori Andrey Bezrodnix o‘zbek quruvchilari ishiga nisbatan mutlaqo e‘tirozi yo‘qligini aytadi.
Moskvadagi 311-o‘rta maktab (suratda) direktori Andrey Bezrodnix o‘zbek quruvchilari ishiga nisbatan mutlaqo e‘tirozi yo‘qligini aytadi.
Moskvada ishlab, ikki oylik ish haqini ololmayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri Ozodlikka qo‘ng‘iroq qildi.

30 yoshli buxorolik Jamshid ham o‘z hamyurti, ham ish beruvchi tashkilot tomonidan aldanganini gapirib berdi.

- Mana bu yerdagi yotoqxonada bir yigit bilan tanishib qoldik. U “Stroitelnaya kompaniya “Plato”ga ishlashini gapirdi. Boshlig‘i Armen Martirosyan ekan. Menga bir kuni telefon qildi va “Nachalnik ob‘ekt oldi, keling, birga ishlaymiz”, dedi. Maktabda ish boshladik, ikki oy to‘liq ishladik. Pitaniyega ming-ikki ming berib turardi. 12 kishi ishlab, bizga tegishli bo‘lgan ishni tugatdik. Maktabning har bir xonasini remont qildik, kraska, potolok ishlari, linoleum to‘shadik. Umuman, o‘quvchilar o‘qiydigan klass qilib berdik. Hisob-kitobga kelganida “Erta beraman, indin beraman", deb va‘da berib yuribdi. Hozirgacha pulni bergani yo‘q “Jenyajon podojdi, podojdi”, deyapti, - deydi ishchilar brigadiri Jamshid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Plato” firmasi rahbari Martirosyan bilan Jamshidni tanishtirgan samarqandlik yigit birinchi oyning ish haqini olib, juftakni rostlagan.

- U bolaning ismi Abduraimov Yunus Abdullayevich, 1979 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati Urgut tumani Qoratepa selsovyeti Kaltatoy qishlog‘iga turadi, - deya ish haqining bir qismini o‘marib ketgan yigitning ism-sharifini aytdi aldangan Jamshid.

Vaziyat bilan yaqindan tanishish maqsadida “Plato” qurilish kompaniyasining Internetda ko‘rsatilgan rasmiy manzili bo‘yicha izlaganimizda, u yerda oddiy yotoq uyi joylashgani va u yerda hech qanaqa shirkat bo‘lishi mumkin emasligini aniqlandi.

“Ko‘rinmas” tashkilotning telefon raqamlari bo‘yicha qo‘ng‘iroq qildik. “Tashkilotingizning manzili qanaqa?” degan savolimiz negadir go‘shakni ko‘targan kotibaning jahlini chiqardi.

- Sizga nima kerak o‘zi? Armen Vlasovich bilan gaplashmoqchimisiz? O‘z telefoningizni qoldirib ketavyering. Kelishi bilanoq, men unga berib qo‘yaman va o‘zi sizga qo‘ng‘iroq qiladi, - deya jahl qildi kotiba qiz.

Internet, albatta, buyuk kashfiyot. U yerda sizning nafaqat qilgan ijobiy ishlaringiz, balki qo‘ygan har bir notug‘ri qadamingiz toabad saqlanib qoladi.

Aniqlanishicha, “Plato” qurilish kompaniyasi nopok faoliyat yuritib kelayotgan shirkatlar qora ro‘yxatidan allaqachon joy olib bo‘lgan.

“...Bu firmani suvarakka o‘xshatib majaqlab tashlagim kelayapti, ayniqsa, ziqna direktorini! Ehtiyot bo‘ling, bu byudjet tashkiloti ekanligiga qaramang, ular sizga va‘dalarni berib aldab ketadi!!!”, deya xitob qiladi 2010 yilda shirkat tomonidan aldanganlardan biri.

Martirosyan firmasi joriy yilning yanvar oyidan yirik qarzlari mavjud tashkilotlar ustidan nazorat qiluvchi “Rostnadzor” agentligi qora ro‘yxatiga ham kiritilgan ekan.

Demak, “Plato” nafaqat Jamshid va uning yigitlari, balki yirikroq va qudratliroq tashkilotlarni aldagan.

“Antijob” saytining keltirgan ma‘lumotiga ko‘ra, “Plato” shirkati maktab, bog‘cha, tibbiy muassasalar binolari ta‘miriga e‘lon qilingan tenderlarda ishtirok etib, eng arzon smeta hisobiga doimo g‘olib chiqar ekan.

Moskvaning Shimoli-sharqiy okrugiga qarashli 311-sonli o‘rta maktab direktori Andrey Bezrodnix Jamshid boshqarayotgan ishchilar brigadasi maktab sinfxonalarini juda a‘lo darajada ta‘mirdan chiqarganini tasdiqladi.

Maktab rahbari “Plato” firmasi direktori Martirosyan tenderni boshqa shirkatlar taklif etgan narxdan 40 foizga tushirish orqali yutgani sabablarini Ozodlikka tushuntirib berdi.

“Qurilish firmasi direktori Martirosyan ish haqini bermasdan uch kunda bir ishchilarni yangilab turgan”, deydi Andrey Bezrodnix.

- Men bulardan eshitdimki, u mutlaqo maosh to‘lamasdan kelgan. Vaholanki, bajarilgan ish uchun pul allaqachon o‘tkazilgan. Aytishim zarurki, bu yigitlar o‘z vazifalarini a‘lo bajardi, maktabni juda yaxshi ta‘mirdan chiqarishdi. “Plato” direktori oldin ham biz bilan ishlagan. U ishchilarni tez-tez almashtirib turishi sabablarini men o‘zim endi anglab yetyapman. Axir u kunora Yaroslavka shossesida ish izlab yurgan mardikorlarni olib kelib ishlatardi, biror bahona topib 2-3 kundan keyin haydavorardi, - deydi maktab direktori.

Bezrodnix aldangan o‘zbek yigitlarining ish haqini o‘zi talab qilish niyatida Martirosyanga qilgan qo‘ng‘irog‘i javobsiz qolayotganini qo‘shimcha qildi.

U hozirda “Plato” tashkiloti bilan har qanday shartnomalar bekor qilingani va maktabdagi remont ishlariga boshqa shirkat jalb qilinganini ma‘lum qildi.

Bezrodnix fikricha, endilikda maktabni shartnomasiz remont qilgan o‘zbek mardikorlarining 450 ming rubl mehnat haqini berishdan bosh tortayotgan Martirosyan janoblari bilan prokuratura va boshqa nazorat organlari shug‘ullanishi kerak. Biroq buning uchun aldangan mardikorlarning o‘zlari huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilishlari kerak ekan.

Armen Martirosyanning qo‘l telefoniga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz ham javobsiz qoldi.

Ayni paytda bu ish bo‘yicha advokatlarga murojaat qilgan Jamshid esa birinchi marotaba bunday aldangani va qissadan hissa chiqarganini aytadi.

- Xulosa shuki, hech qachon ishonmagan odam bilan ishlamaslik kerak, hech qachon qog‘oz-shartnoma tuzmasdan ishlamaslik kerak. Bo‘lmasa oxiri xayrli bo‘lmaydi, - deya xulosa qildi Jamshid.

Buxorolik brigadir Martirosyan murosa yo‘lini tutib, o‘zbekistonlik quruvchilarga ish haqini bermagan taqdirda nazorat organlariga murojaat qilishini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG