Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:09

Tojikistonlik jurnalist O‘zbekistondan badarg‘a qilindi


Homid Otaxonov.
Homid Otaxonov.
O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan tojikistonlik jurnalist inson huquqlarini himoyalash xalqaro tashkilotlardan ko‘mak so‘ramoqda.

Tojikiston fuqarosi va mustaqil jurnalist, tarjimon Homid Otaxonovning pasportiga u joriy yilning 23 avgustida O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborilganini isbotlovchi Buxoro shahar prokuraturasining muhri bosilgan.

Tojikistondagi notinchliklar (1992 va 1997-yillar - tahr.) sababli avval Moskva shahrida, keyinchalik esa Buxoroda yashagan tojik jurnalisti Homid Otaxonov O‘zbekistonga 2003 yili kasalmand ayolining qistovi bilan o‘tganini, bir yillik chop-choplardan keyin fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasini olganini aytadi.

Otaxonovning aytishicha, u 2007 yilgacha Toshkentda mustaqil jurnalist sifatida faoliyat yuritgan.

2009 yilda esa u Buxoro viloyatidagi “Tojik va fors markazi”da maslahatchi sifatida ishga joylashgan.

Otaxonovning aytishicha, u O‘zbekistonda tojik tilida nashr qilinadigan ro‘znomalar bilan hamkorlikdan tashqari ekologiya masalalariga oid loyihalar ham tayyorlagan.

- O‘zbekistondagi xalqaro "Ekosan" jamg‘armasi taklifi bilan Surxondaryo ekologiyasi bilan bog‘liq monitoring dasturini tayyorlab topshirganimdan keyin bir oy o‘tib, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va xavfsizlikning ikki xodimi Buxorodagi uyimga borib, oilamni so‘roq qilgan. Men bu borada Moskvadagi o‘zim a‘zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlardan biriga O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari meni ta‘qib qilayotgani haqida yozdim. O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari bilan ikkinchi to‘qnashuvimiz 2009 yilda bo‘ldi. Bunga mening Berlinda bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda qatnashishim uchun viza berilmagani bo‘ldi, - der ekan tojikistonlik fuqaro Otaxonov o‘shanda u ikki militsiya xodimi kuzatuvida Buxoro shahar prokurori qabuliga olib borilganini qo‘shimcha qildi.

Otaxonovning gaplariga ishonadigan bo‘lsak, o‘sha uchrashuvda Buxoro shahar prokurori Otaxonovni “o‘zbeklar va tojiklar o‘rtasida nizo qo‘zg‘aganlik”da ayblagan.

Bunga esa na jurnalistning maqolalari va na ekologiya haqidagi loyihalari, balki tojikcha pasportiga viza bosilmagani uchun jamiyatda shovqin ko‘targani sabab bo‘lgani uqtirilgan.

Mavzu yuzasidan Buxorodagi “Tojik-fors markazi” direktori Said Qulijonov bilan telefonda bog‘landik.

- Buxoroda tojik va fors millatiga mansub kishilar juda ko‘pchilik. Bu yerda jamiyat ishlarida faollari ham anchagina. Endi har qanaqa bahona bilan ularni mamlakatdan deport qilavyersa, kim qoladi bu yerda? Men Otaxonov shikoyatlarida birorta asos ko‘rmayman. Lekin, yaxshisi, uning deportatsiya qilinganining sabablarini o‘sha deportatsiya qilgan idoralar sharhlasa, yaxshiroq bo‘lardi, - der ekan Qulijonov Otaxonovning O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborilganini jurnalistlardan bilganini qo‘shimcha qildi.

Buxorodagi “Tojik va fors markazi” rahbarining tavsiyasi bilan Buxoro shahar prokuraturasiga ham qo‘ng‘iroq qildik. Biroq bu urinishlarimiz hech qanday natija bermadi.

Ayni paytda Dushanbe shahrida yashab turgan Homid Otaxonov Tojikistondagi inson huquqlari bo‘yicha mahalliy va xalqaro tashkilotlar hamda jurnalistlar haq-huquqlarini himoyalash mustaqil tashkilotlariga murojaat qilib, Buxoroga – kasalmand ayolining yoniga qaytishga ko‘maklashishni so‘ragan.

Asnoda Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari uyushmasi raisi Nuriddin Qarshiboyev O‘zbekiston hukumat rasmiylarining bu qarori xalqaro me‘yorlar talabiga zid ekanini ta‘kidlaydi.

- Hamkasbimiz Homid Otaxonovni bu yerda ish bilan ta‘minlash va uning haq-huquqlarini himoyalash uchun qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz. Lekin, shuni aytish lozimki, qo‘shni respublika huquq-tartibot idoralari nafaqat jurnalist, balki O‘zbekistonda yaqinlari holidan xabar olishni istagan hamma fuqarolarimizni hurmat qilishi va imkoniyat berishi lozimdir, - deydi Nuriddin Qarshiboyev.

Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari uyushmasi rasmiysi Qarshiboyev Homid Otaxonovning O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi tojikistonliklar taqdirida ilk bor kuzatilayotgan hodisa emasligini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda, Qarshiboyevning aytishicha, Tojikistondagi inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar va jurnalistlar Homid Otaxonov huquqlarini himoyalashga kirishgan.

Biroq, Qarshiboyevga ko‘ra, Tojikiston hukumati har vaqtgidek bu borada sukut saqlashni afzal bilmoqda.
XS
SM
MD
LG