Линклар

6 sentabr kuni Primore o‘lkasining Russkiy orolidagi Uzoq Sharq federal univyersiteti binosi qurilishida o‘zbekistonlik mehnat muhojiri nobud bo‘ldi.
Russkiy orolidagi qurilishlarda muhojirlar bilan bog‘liq mojaro birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.


2012 yilda o‘tkaziladigan Osiyo-Tinch okean iqtisodiy hamkorligi (ATES) sammitiga qurilayotgan ob‘ektlarida bunday nohush hodisalar tez-tez takrorlanib turishi keng jamoatchilik e‘tiborini o‘ziga qaratmoqda.

Shu yil 28 avgustidan 29 avgustiga o‘tar kechasi asosan o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari quraëtgan Uzoq Sharq federal univyersitet majmuasida gastarbayterlar va qo‘riqchilar o‘rtasidagi janjal sodir bo‘lgani haqida avval xabar qilgandik. 500 ga yaqin mardikor va 100 ga yaqin qo‘riqchi ishtirok etgan bu janjalda uch kishi jarohat olgandi.

Maslahatsiz ish bitmas...

Primore Ichki ishlar boshqarmasi, Migratsiya xizmati va mahalliy jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus komissiya Russkiy orolidagi Uzoq Sharq federal univyersiteti kompleksida 28 avgustdan 29 avgustga o‘tar kechasi gastarbayterlar va qo‘riqchilar o‘rtasidagi sodir bo‘lgan janjal sabablarini aniqlash, mehnat muhojirlarining yashash va mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida orolda bo‘lib qaytdi.

Maslahat Kengashi o‘zbek, tojik, ozarbayjon, arman, qozoq, qirg‘iz milliy diaspora vakillaridan tashkil topdi.

Primore o‘lkasi Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tarqatgan xabarnomada komissiya a‘zolari mehnat muhojirlarining yashash sharoitlarini ijobiy baholagani ta‘kidlangan.

“Ishchilar va qurilish qo‘riqchilari o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuv diniy yoki milliy kelishmovchiliklar yuzasidan kelib chiqmagani xulosa qilingan”, deyiladi xabarnomada.

Barcha muammolarni vositachilar yaratmoqda

Naxodka shahrida yashayotgan asli o‘zbekistonlik imom Damir Eshmuhammedov Primore Ichki ishlar boshqarmasi va Migratsiya xizmati qoshidagi Milliy Kengash a‘zosi sifatida shu komissiya ishida bevosita ishtirok etdi. U Ozodlikka janjalning asl sabablarini qurilishda ishlayotgan mardikorlar bilan qurgan suhbatlar natijasida aniqlaganini gapirdi.

- Eng katta muammo o‘z vaqtida pul berilmayotgani va univyersitet qurilishida ishlayotgan 11 mingdan ziyod odamning yarmidan ko‘pi noqonuniy mehnat muhojiri ekanligidadir. Shu bois ular qonun tomonidan himoyalanmagan. Ular orasida iyul-iyun, hatto may oyidan buyon maosh olmaganlari borligini aniqladik. Ob‘ekt qurilishi 2011 yilning yanvar oylarigacha davom etishini hisobga olsak, ularni haqiqatan oylik bermasdan oroldan chiqarib yuborishlari mumkin. Keyin esa hatto prokuratura yordamida pullarini ololmasliklari aniq. Qo‘riqchilar bilan to‘qnashuv esa ommaviy norozilik chiqishiga bahona bo‘ldi, xolos, - deydi Primore qozilik boshqarmasi xodimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mehnat muhojirlarining yig‘ilib qolgan nafrati so‘nggi paytlarda haqiqatan ishchilarga bosimni kuchaytirib yuborgan va “Krokus” shirkatidan yaxshi maosh oladigan qorovullarga qaratildi.

Ayni paytda Damir Eshmuhamedov qurilish joylarida ishchilar uchun yaxshi sharoitlar mavjudligini ham tasdiqladi.

- Oziq-ovqati yaxshi, biz o‘zimiz oshxonasiga kirib ko‘rdik. Kuniga 3-4 mahal ovqatlanadi, meva-cheva, hatto asal beriladi. Yashash sharoitlari ham nisbatan yaxshi. Biz Russkiy orolidagi vaziyatga e‘tibor qaratishimiz bilan ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Menga oroldan xabar qilishdi: ayrim pudratchilar maosh tarqatishni boshlabdi. Muammolarni asosan ishchilarni olib kelayotgan vositachilar yaratmoqda, - deydi imom Damir Eshmuhamedov.

Yetti o‘lchab bir kes, muhojir!

Russkiy orolida Maslahat Kengashi ishida qatnashgan Zokirjon Musayev Primore shaharlarida o‘z bo‘linmalariga ega Markaziy Osiyo xalqlari do‘stligi tashkiloti rahbari. Ozodlik bilan suhbatda Primoreda mehnat muhojirlari muammolari bilan anchadan buyon shug‘ullanib kelayotgan Zokirjon aka ob‘ektlarda hatto oylik muammosi yo‘qligini aniqlagan.

- Russkiy orolida qurilish pudratini olgan KORS tashkiloti rahbari Igor Yurevich maosh kechiktirilishi muammosi yo‘qligini aytdi. Chunki ob‘ekt davlatga topshirilmaguncha ular ishchilar bilan hisob-kitob qila olmaydi. Avans pullari esa mayda pudratchi tashkilotlarga tarqatilgan. Bu tashkilotlar uchinchi shaxslar orqali odam yollaydi. Masalan, o‘zbekistonlik vositachilardan biri odamlarni olib kelib, birinchi oy maoshlarini olib qochgan. Bunday vositachilar tuzog‘iga nafaqat ATES qurilishi, balki boshqa joylarda ham ko‘plab gastarbayterlar ilinmoqda, - deydi Zokirjon Musayev.

U kuni kecha Artem shahrida 28 nafar maoshsiz bir necha oy ishlagan o‘zbeklarni ozod qilishga qo‘maklashganini gapirib berdi.

“Har qanday vositachi birovni aldash hisobiga daromad oladi. Undaylar gaplariga laqqa tushmang”, deydi u.

Jamoatchilik tashkiloti rahbari Zokirjon Musayev muhojirlarga Rossiya o‘lkalarida nochor ahvolga tushib qolishdan saqlanish uchun Ozodlik orqali o‘zining maslahatlarini berdi.

- Birinchi navbatda, rus tilini bilish kerak. Juda bo‘lmaganda, rus tilini biladigan odam bilan doimo birga bo‘lish kerak. Yetib kelishi bilanoq muhojir shu yerda mavjud o‘zbek, tojik, qirg‘iz diaspora yoki tashkilotlarining telefon raqamlari va manzillarini bilib olishi kerak. Buning uchun istagan politsiya xodimi oldiga kelib surasa bo‘ladi, chunki ular albatta biladi. Keyin ularni O‘zbekistondan ishga yollab kelayotgan odam bilan mahalliy mehnat birjasi yoki migratsiya tashkilotida shartnoma tuzib kelish kerak, vositachining kimligi, pasport ma‘lumotlari, uning yashash joyini bilib olish kerak, - dedi jamoatchilik faoli.

Zokirjon Musayev eng katta muammolar Russkiy oroli va ATES qurilishining boshqa ob‘ektlari yakunlanishi bilan boshlanishini gapiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 40 mingdan ortiq hozirda ish bilan ta‘minlangan mehnat muhojirlari keyingi yilning boshlarida qurilish bitishi bilan oroldan chiqarib yuboriladi va Vladivostokka yopirilib keladi.

Zokirjon Musayev Primore o‘lkasida og‘ir vaziyatga tushib qolgan mehnat muhojirlariga Markaziy Osiyo xalqlari do‘stligi tashkilotining Vladivostok, Naxodka, Artyom, Ussuriysk shaharlaridagi bo‘limlariga yoki +79089933040 , +7 924 520 4822 telefonlari orqali qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini bildirdi.

Primore Federal Migratsiya xizmatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Vladivostokda Sergey Pushkaryov boshchiligida Primorening barcha milliy diasporalarini birlashtirgan va bevosita mehnat muhojirlari masalalari bilan shug‘ullanadigan Jamoatchilik qabulxonasi ish boshlagan.
XS
SM
MD
LG