Линклар

Fransiyada chiqadigan nufuzli “Le Monde”ro‘znomasi asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Anastasiya Trevogina Fransiyadagi 10 yillik hayoti ortidin bu mamlakatda fuqaroligi yo‘q shaxs deb topilgani haqdagi maqolani e‘lon qildi.

Nashrning yozishicha, Anastasiya Fransiyada 25 yoshigacha faqat O‘zbekistonda berilgan tug‘ilganlik guvohnomasi bilan yashab kelgan.

U ota-onalari O‘zbekistonda muxolifat a‘zolar bo‘lganliklari uchun O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lishgani, hatto otasi Fransiyaga ketishdan oldin bir muddat qamoqda ham o‘tirib chiqqani haqda “Le Monde” muxbiriga so‘zlab bergan.

Anastasiyaning ota-onalari so‘nggi o‘n yil mobaynida Fransiyada siyosiy boshpana olish uchun zo‘r berib harakat qilar ekan bu davr ichida u fransuz maktabini ham tugatdi, bakalavr unvonini ham oldi, farzandlik ham bo‘ldi.

Lekin Anastasiyani ham uni ota-onalarini ham Fransiya qochqinlar masalasi bo‘yicha boshqarmasi siyosiy qochqin maqomiga loyiq deb topmadi.

Anastasiya otasi O‘zbekistonda muxolfat a‘zosi bo‘lgani va ta‘qiblar bois bu mamlakatni ular tark etishga majbur bo‘lganini aytgan, lekin qaysi muxolifat guruhi a‘zosi bo‘lgani va qanday faoliyat qilgani, O‘zbekistonda hayoti uchun qanday xavf bo‘lgani haqda undan aniq javobni olmadik.

Anastasiya bilan suhbatlashgan “Le Monde” ro‘znomasi muxbiri Anais Lobe qo‘rquv bois o‘zbek jurnalistlariga gapirish istagi yo‘q ekanini aytdi.

Balki Anastasiyaning ota-onalari haqiqatan ham o‘zbek muxolifati safida bo‘lgandir va O‘zbekistonda ta‘qiblarga uchragandir, lekin o‘zbek huquq faollari ham muxolifat a‘zolari hamda jurnalistlar ham bunaqa odam muxolifat saflarida bo‘lganini eslay olishmadi.

Fransiyada boshpana topgan tanqili o‘zbek huquq himoyachisi Mo‘‘tabar Tojiboyeva Anastasiya Trevogina haqda biron narsa deya olmasligi, lekin so‘nggi paytlarda o‘zlarini o‘zbek rejimi jabrdiydasi etib ko‘rsatib, qochqinlik maqomi olishga urinayotganlar va shunday urunishlar bo‘layotgani bor gap ekanini aytadi.

“O‘zbekistondagi rejim tufayli, O‘zbekistondagi rejimning qanchalar darajada qattoligi sababli o‘zbek hukumati dunyoga qanchalik tanilmasin, yolg‘on muxolifatchi, yolg‘on jabrdiydalar soni ham ko‘paymoqda va meni o‘zim bunday xolatlarga ko‘p guvoh bo‘ldim.

Bu albatta haqqoniy jabrlanganlarga ham keyin aldayotgan bo‘lishi mumkin degan gumon bilan ularga qochqinlik maqomi berilishi juda qiyinlashib ketyapti”, - deydi Tojiboyeva.

Ikki yil avval Xalqaro Amnistiya tashkiloti Britaniyada yashab kelgan o‘zbekistonlik Manukyanlar oilasini mamlakatga qaytarib yuborilishiga qarshi kampaniya boshlagan edi.

Nonna va Arsen Manukyanlar nasroniy dinida bo‘lgani va O‘zbekistonda radikal islomiy guruhlar ular hayotiga xavf solayotgani bois bu mamlakatdan Britaniyaga qochganliklarini aytishgan.

Lekin, Britaniya politsiyasi ularga boshpana bermagan edi. Shunda ham Britaniya politsiyasi ularda arman fuqaroligi borligini aniqlab, ularni Armanistonga deport qilishga qarror qilgandi. http://blogs.amnesty.org.uk/blogs_entry.asp?eid=5493

Berlindagi O‘zbek-Nemis forumi rahbari Umida Niyozova qattol rejim mavjudligi bois O‘zbekiston so‘nggi yillarda odamlarga chet davlatlardan boshpana olishlari uchun o‘ziga xos “brend” davlatga aylanib ulgurganini aytadi.

“Boshapana so‘rovchilar shu qadar ko‘pki. Ko‘pchilik O‘zbekiston shunday qattol davlat, u yerga qaytarib yuborish o‘lim bilan baravar ekanini pesh qilib siyosiy qochoq statusini olishyapti”, - deydi Niyozova.

So‘nggi yillarda Shvyesiya O‘zbekistonda ko‘p qochqinlarni o‘z bag‘riga oldi. Shvyesiya hukumatining Migratsiya va qochqinlar masalasi bo‘yicha idorasi matbuot vakili Linda Barri qochqinlik maqomini olish uchun faqat O‘zbekistondan bo‘lish kifoya emas, O‘zbekistondan kelganlarga qochqinlik maqomini olishi oson, degan tushuncha noto‘g‘ri ekanini aytadi.

- Bu yerga keluvchilar shunaqa deb o‘zlaricha o‘ylashsa kerak. Lekin, Shvyesiya qonunlari barchaga birday taaluqli va muhtoj odamlargagina, ya‘ni vatanida xavf borligini ular isbotlasagina qochqinlik maqomi beriladi. Shvyesiya qochqinlik maqomi berish siyosati shundayki, odamning qayerdan kelganiga qarab emas, balki muayan odamning xolati alohida o‘rganilib, qochqinlik maqomi olishga qanday muxtojligiga qarab beriladi”, - deydi Linda Barri.

Shvyesiyalik jurnalist Elin Yonson o‘zbekistonlik qochqinlar masalasi bilan ko‘p shug‘ullangan.

“Yolg‘on, asossiz ma‘lumotlar bilan siyosiy boshpana olishga urinishlarga men ham guvoh bo‘lganman. Lekin, u odamga qochqinlik maqomi berilishi kerak, bunisiga berilmasin, deb men aytaolmayman. Qolavyersa, men kimnidir O‘zbekistonga qaytarib yuborilishiga ham qarshiman. Chunki, har bir odam bu yerga kelar ekan yaxshiroq yashash umidida keladi”, - deydi Yonson.

Fransiyada yashash huquqini ololmay sarson bo‘layotgan o‘zbekitsonlik Anastasiya Trevogina taqdiriga qaytsak. Mavhumlik qarshisida qolgan Anastasiya hozir ikkinchi farzandiga xomilador. Qizi Aleksandra olti yoshda.

Anastasiyaning otasini Fransiyada yashashga haqqi yo‘q, deb Rossiyaga deport qilishdi.
XS
SM
MD
LG