Линклар

logo-print
Ayni paytda Qozog‘istonda yurgan xonanda o‘ziga nisbatan bosimlar Salim Abduvaliyevga bag‘ishlab qo‘shiq aytganidan so‘ng boshlanganini aytadi.

O‘zbekistonlik taniqli xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim ko‘pchilik jinoyat olamiga aloqador deb biladigan Salim Abduvaliyev haqida qo‘shiq aytgani uchun qo‘shiqlari O‘zbekistonda taqiqlab qo‘yilgani, o‘zi Qozog‘istonga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda Abdulaziz Karim O‘zbekistonda Davlat televideniyesi, “O‘zbeknavo”, Madaniyat vazirligidagi ba‘zi mulozimlar qo‘shiqchilar oldiga to‘siqlar qo‘yish bilan shug‘ullanishini aytib, ularni poraxo‘rlikda aybladi.

Suhbatning audiosini eshiting:


Ammo xonanda O‘zbekiston hukumatidagi aynan qaysi rasmiylarni ayblayotganini aytmadi.

Abdulaziz Karim: Salim Abduvaliyevga bag‘ishlab qo‘shiq aytgan edim-da men. Qo‘shiq 2005 yilda yozilgan bo‘lsa, o‘g‘lining to‘yida ijro etganman shu qo‘shiqni. Ruschasini ham iltimos qilishgan. Keyin ruschasini yozganman. O‘zbekchasining so‘zini Bobur Bobomurod yozgan. Professional shoir yozgan-da. Qo‘shiq yaxshi chiqqan haqiqatan. Birinchidan, yomon tomoni yo‘q qo‘shiqning. Ikkinchidan, Salim Abduvaliyev nainki respublikaga, balki juda ko‘p yetim-yesirlarga yordam beradigan odam. Buni ko‘pchilik biladi. O‘shandan keyin davlat tadbirlaridan olib tashlashdi meni. Mustaqillik, Navro‘zlarga chiqa olmadim. Kliplarimni qo‘yishmadi.

Ozodlik: “O‘zbeknavo”dagilar sizga Salim Abduvaliyev haqida qo‘shiq aytganingiz uchun shunday taqiq bo‘lganini ochiq aytishdimi?

Abdulaziz Karim: Ha. “O‘zbeknavo”dagilar ham, litsenziya beradiganlar ham, Madaniyat vazirligidan ham. Panterra studiyasining reklamniy direktori bor - Muhammadjon Rozimuhammedov. O‘shalar ham “Nima qilasan Salimga ashula aytib? Jinnimisan sen? Mafioznikmisan”, deydi. “Ho‘v, baraka topgur, o‘zimdan o‘zim aytganim yo‘q u ashulani. Ular zakaz qilishgan buni. To‘ylariga chiroyli qilib aytib ber. Sening ovozingni yoqtiradi u odam deyishgan”, dedim. Men uni reklama qilmadim, klip qilib aylantirmadim. O‘sha inson uchun prosto sovg‘a bu. Lyuboy joyda shunaqa qiladi. Mana Rossiyada Cherkizovskiy bozor boshlig‘i Telman Ismoilovga Ivan Urgantlaru Malikovlargacha qo‘shiq aytishgan. Nimaga ularni zapret qilmaydi? Nimaga ularning litsenziyasini olib qo‘ymaydi?

Olti yildan beri meni xor qilishdi. Yubileyga qo‘shiq tayyorladim Muhammad Yusuf so‘zi bilan. Qo‘shiqni olib borishdan oldin “Yagonasan, muqaddas vatan” degan ko‘rik-tanlovda qatnashdim. Rayonda, shaharda birinchi o‘rinni olib respublika miqyosiga chiqdim. Final kuni sahnadan olib tashlashdi meni. Chunki u konsertni prezident ham ko‘radi, juda ko‘pchilik ko‘radi, jonli olib ko‘rsatiladi.

“Nimaga meni olib tashladinglar?” desam, “Bilmayman, yo‘qsiz konsertda”, deyishdi. “Men rayonda qatnashganman, shaharda qatnashganman. Respublikada chiqishim kerak. Nimaga meni olib tashlaysizlar?” desam, “Bilmaymiz”, dedi. Keyin bittasi keldi-da, “Ozodbek Nazarbekov birinchi o‘rinni olishi kerak. Gulsanam Mamazoitova ikkinchi o‘rinni olishi kerak. Shuning uchun, ukam, damingni ol” deb, mana shunaqa gapirib qo‘ydi. "Mayli, xo‘p, gap yo‘q", dedim.

Ozodlik: Salim Abduvaliyev o‘rtaga tushmadimi sizni himoya qilib?

Abdulaziz Karim: Men hech qachon u odamning oldiga borib, “Menga yordam bering, iltimos, aka”, deya olmayman. Uning ham o‘zining muammolari rosa ko‘p hozir. Banklarini yopishgan, biznesining u yoq-bu yoq muammolari bor. U yetmaganday, hozir men borib o‘zimning o‘ligimni tashlay olmaymamn. Bir necha marta kirmoqchi bo‘ldim, harakat qildim. Oldidagi odamlar “kayfiyati yo‘q” degandan keyin, men kirmadim.

Ozodlik: Abdulaziz aka, nimaga bu haqda hozir gapirayapsiz? O‘sha paytda nimaga gapirmagansiz?

Abdulaziz Karim: O‘sha paytda, birinchidan, men Toshkentda yashaganman. Ikkinchidan, o‘sha paytda insonning qalbida qanaqadir umid bo‘ladi "Ertaga yaxshi bo‘lib qolar, indinga o‘xshab qolar" deb. “Qilavyer, yordam beramiz” deb, bir xil odamlar umidvor qilib qo‘ygani uchun “yaxshi bo‘lib qolar” deb yurganman o‘sha paytda, - deydi Abdulaziz Karim.

Quyida Abdulaziz Karimning Salim Abduvaliyevga bag‘ishlab aytgan qo‘shig‘ini tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG