Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:31

Televizor: OynaBand go‘zallik


Televizorni birov o‘tirib ko‘radi, birov yonboshlab, yana birov yastanib yotvolib ko‘radi.

Birovlar xafsala bilan – ko‘k choyni achchiq damlab, bir hovuch mayiz solingan taqsimchani oldiga qo‘yvolib ko‘rsa, ba‘zilar televizorni yolg‘izlikdan qutulish uchun yoqib qo‘yadi – javrab tursin shu!

Faqat bizning muxbirimiz sevib ko‘radi televizorni. Jon-jahdi bilan ko‘radi. Tikilib ko‘radi. Ayniqsa O‘zTVni.

Siynaband razmeri

Bugun ertalabki majlisimizda hamkasbimdan achchiq-tirsiq gaplar eshitdim.

(Shu joydan boshlab taqvosida sobit ekanligini iddao qiladiganlar o‘qimasin)

- Mehribon, bir tadqiqot natijalari chiqibdi. Erinmagan olimlar dunyo bo‘ylab ayollar siynabandining o‘rtacha razmerini o‘lchab chiqishibdi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘rtachasi ikkinchi razmermish. Rossiyada to‘rtinchi. Yapon, xitoy, mo‘g‘ul ayollar juda o‘ksinarmish. Shu mavzuni o‘rganib ko‘rmaysizmi? - dedim.

- Ko‘rmayman, - dedi shartta Mehribon sovutday ko‘ylagining yoqasini changallab. - Bunaqa behayo mavzuda hech narsa yozmayman.

Qarasam, meniyam yoqamdan oladigan. Yon beraqoldim. Har ehtimolga qarshi masalani yumshatishga harakat qila boshladim.

- Axir hammamiz ham ko‘krak emib katta bo‘lganmiz. Bechora yapon, xitoy, mo‘g‘ul go‘daklar sutga to‘ymay qolayotganmish...

Gapimni tugatolmadim. Mehribon gapimni bo‘ldi.

- Yapon go‘daklarni o‘ylab boshingiz qotmasin, o‘zlari boqishvoladi.

- Axir...

- Axir-paxiri yo‘q. Siz aytgan mavzuda yozmayman, - dediyu Mehribon ham qahrini biroz yumshatdi, - o‘ling, suyulmay! Tinglovchimiz bizni tushunmaydi.

- Nega tushunmasin. Ana yaqinda prezident Karimovning o‘zi ham
“Go‘zallikni ko‘proq ko‘rgan odam yaxshilikka intiladi”, dedilar-ku?

- Prezident go‘zallik haqida gapirganlarida yo‘llar chetiga qo‘yiladigan to‘siqlar go‘zalligini, umuman, to‘siqlar go‘zalligini, agar e‘tibor bergan bo‘lsangiz, tartib-intizom go‘zalligini gapirganlar. Siz aytgan narsani emas...

- Ha-a... - deb qistirishga ulgurib qoldim.

Mehribonning tili yechilib ketgandi:

- ...aksincha Islom Karimovning talabi bilan O‘zTVda aëllardan tizza, ko‘krak va yelkani ochmaslikni talab qilayaptilar. Bo‘ptimi?! Siynaband razmerining o‘rtacha razmerimish-a...

Qarasam, bugun majlis tugamaydigan, radio maqolasiz qopketadigan.

Qo‘limni ko‘tardim. “Talabning yomon joyi yo‘q. Boshqa mamlakatlardayam bor bunaqa talablar, lekin nima uchun talab qilgan kishining o‘z qizlari...” deb gapni cho‘zib o‘tirmadim.

"Siynabandlar razmerini o‘lchamayam o‘l!" Olimlarni so‘kayapman-da!

Majlisdan keyin go‘zallik to‘g‘risida o‘ylay boshladim.

Javondagi kitoblar ko‘rki

Prezident janoblari to‘g‘ri aytdilar. Chindan ham “Go‘zallikni ko‘proq ko‘rgan odam yaxshilikka intiladi!”

Har safar O‘zTVni tomosha qilarkan, men, aslida, faqat shu haqda o‘ylayman.

Mana, Siz o‘zingiz aytingchi, top-toza, endigina bosmaxonadan chiqqan kitob chiroylimi yo qo‘ldan qo‘lga o‘tavyerib, uniqib-titilib ketayozgan kitob chiroylimi?

Albatta, yangisi chiroyli-da!

Butun O‘zbekiston taniydigan teledomla bor. Siz ham taniysiz u kishini. Juda chiroyli ma‘vizalar qiladi. Esingizga kelmadimi haliyam? Bor-ku, anuv, kitob javoniga orqa qilib o‘tiradigan. Endi eslagandirsiz? Ha, o‘sha domlani aytayapman.

Kitoblariga e‘tibor berganmisiz? Ha, ha, men ham shuni aytyapman-da. Biram yangi, biram toza. Biron kriminalist kunduzi lupa bilan qarasayam ,bironta barmoq izi topolmasa kerak. Havasim keladi. To‘g‘ri qiladilar domla - Kitob boyligimiz. Uni avaylash kerak. Ayniqsa diniy kitoblarni.

Teledomlaning qorday oq libosini aytmaysizmi? Oppppog‘-a?!

Tunov kuni nevaramning buvisi domlaning ma‘vizasini eshitib o‘tirib, birdan “Qanaqa poroshok ishlatisharakan-a?” deb so‘rab qoldi.

- Odnorazoviy kiyadilar domla, - dedim shoshib-pishib.

Shunaqa demasam, ertaga vannaxona poroshokning o‘ttiz xili bilan to‘ladi – xotin navbatdagi ilmiy-amaliy eksperimentini boshlavoradi.

Stilniy aristonlar

Umuman, O‘zTVni ko‘rib ko‘z quvnaydi. Hatto aristonlar ham stilniy O‘zTVda. Oq libosli teledomla bir kuni anjanlik ariston yigitlardan 5 nafari bilan suhbatlashdilar.

Turmada sog‘liqlarini o‘ylab, diyet qilishayotgan bo‘lsalar kerak, beshalasi ham birday qotma anjanliklarga qora roba biram yarashipti, biram yarashipti.

Qara-ab o‘tirib, kompyuterdan beri kelmaydigan Sarvarni chaqirmoqchi bo‘ldim. Stil nima ekanligini shu aristonlarning robasi misolida tushuntiray dedim-da! Lekin bir zum o‘ylab fikrimdan qaytdim. "Stilni tushuntiraman, deb tarbiyasini buzvolmay", dedim.

Terrorchi-ku ular!

Ana teledomla urinib yotibdilar oq liboslarida ularni "to‘g‘ri yo‘lga solaman", deb.

Ranglarning tanlanganini qarang. Teledomla oq libosda, aristonlar - qora.

Stol tagidagi bozor xalta

Gap ranglarga qolganda nevaramning buvisiga tan bervoraman. Bir kuni tongda “Chao, O‘zbekiston”ni ko‘rib o‘tiruvdik, nevaramning buvisi bir xo‘plam choyni “g‘ilt” etib yutdi-da, “bechoraning anemiyasi borakan”, deb qo‘ydi o‘zicha.

- Kimning?

- Anov qizning. Boshlovchining.

- Sen qayerdan bilaqolding?

- Yaxshiroq qarang, yuzlaridagi dog‘larni ko‘rmayapsizmi, upasining tagidan ham tepchib turibdi-ku?!

- Men nomahram ayollarga qaramayman. Tem boleye tikilib, - dedim.

- Voy, men sezmay qolibman-a?! Necha soatdan beri?

Xotinning hayratini javobsiz qoldirdim.

- Sen ko‘p gapirmay, yaxshiroq qara. Stoli tagida bozor xaltasi turibdi. Xaltada ikki kilo kartoshka, bir kilo piyoz. Hozir senga iljayyaptiyu, lekin xayolida uyi, qo‘lini beliga tirab turgan qaynonasi, s‘yomka tezroq tugasayu uyiga chopsa...

Qarasam, xotin televizorning tagiga borvopti.

- Qani xalta? Ko‘rinmayaptiyu?

Shu sodda xotin bilan yashab yuribmana-yey?!

Televizorni uzoqroqdan ko‘rish kerak

Ayniqsa, O‘zTVni. Bo‘lmasa, menga o‘xshab stol tagidagi bozor xaltani ko‘rib qolasiz.

Uzoqroqdan ko‘rsangiz, O‘zTVdan ko‘z quvnaydi. Mustaqillik kuni mazza qilib Milliy bog‘dagi bayramni ko‘rdik. Ko‘zlar yayradi.

Qaroqlarim oromini kecha bir tinglovchimiz qo‘ng‘iroq qilib buzdi-qo‘ydi. Nima emish, Milliy bog‘dagi ko‘lda kimdir baliq boqayotganmish.
Negadir go‘ng ham ag‘dararmish ko‘lga. Bu gapni eshitib ko‘nglim buzildi, oromim yo‘qoldi.

Balki, bugun ertalab siynabandlar razmeri to‘g‘risidagi xabar qiziqtirib qolgani yo‘qotgan oromimni izlaganimdir?

Hamkasbim ko‘nmadi. Demak, siynaband mavzui Ozodlikda ham ketmaydi.

Demak, O‘zTVni ko‘raman. Chunki uni ko‘rib, ko‘z faqat quvnaydi. O‘zTV Milliy bog‘ ko‘liga to‘kilgan go‘ngni ko‘rsatmaydi. Chunki Islom Karimov uqtirganiday “Go‘zallikni ko‘proq ko‘rgan odam yaxshilikka intiladi”.
XS
SM
MD
LG