Линклар

logo-print
Hyuman rayts uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti AQSh Kongressini O‘zbekistonga ko‘mak berish yuzasidan cheklovlarni bekor qilmaslikka chaqirdi.

"AQSh Kongressi O‘zbekistonga ko‘mak berishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash borasidagi Obama ma‘muriyatining taklifini rad etmog‘i kerak".

Hyuman rayts uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti ana shunday bayonot bilan chiqdi.

2004 yilda joriy etilgan mazkur cheklovlar O‘zbekiston hukumati mamlakatda inson huquqlari vaziyatini yaxshilash borasida sezilarli qadamlarni qo‘ygani taqdirda olib tashlanishi kerak edi.

“Qo‘shma Shtatlar mazkur cheklovni olib tashlashi Markaziy Osiyodagi eng repressiv hukumatlardan biri uchun ulkan tuhfa bo‘lgan bo‘lar edi”, - deya ta‘kidladi Hyuman rayts uotch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson.

O‘zbekistonga inson huquqlari ahvolini yaxshilash sharti bilan joriy etilgan cheklovlarni Qo‘shma Shtatlar bu davlatga harbiy yordamlar berish zarurati bois olib tashlash harakatida.

2009 yildan buyon O‘zbekiston AQSh ta‘minot yuklarining Afg‘onistonga olib o‘tilishida muhim rol o‘ynab kelmoqda.

“Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga tranzit yo‘nalishlarni kengaytirishdan manfaatdor, lekin bu yo‘lda inson huquqlari qadriyatlarini qurbon qilmasligi kerak”, - dedi Xyu Uilyamson.

2004 yilda AQSh Kongressi O‘zbekistonga ko‘mak berish uchun cheklov joriy etgan. Bu cheklovni bekor etilishi uchun qo‘yilgan talabalar esa inson huquqlari ahvolini yaxshilash, kuchli ochiq jamiyat va chinakam ko‘ppartiyaviy tizimni barpo etish, adolatli va erkin saylovlarni ta‘minlash, siyosiy plyuralizm, matbuot erkinligi uchun yo‘l ochish kabi talablar edi.

“O‘tgan yetti yil ichida O‘zbekiston hukumati bu yo‘nalishda hech ish qilgani yo‘q. Kuzatganimiz hol faqat repressiya va qattolliklar, xolos”, - dedi Hyuman rayts uotch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda kamida 13 nafar huquq faoli va bir qator jurnalist hamda muxolifat a‘zolari qamoqda azob chekmoqda. Ularning ayrimlari qamoqda qiynoq va tahqirlashlar bilan yuzma-yuz kelgan.

O‘zbekiston hukumati qator xalqaro nohukumat tashkilotlari, jumladan, Hyuman rayts uotchga ham mamlakat ichida faoliyat yuritishiga ruxsat bermay kelayotir.
XS
SM
MD
LG