Линклар

Qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga ishonmayaptimi?


Qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari o‘tgan yil aprelidan buyon yopiq turibdi.

Qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari o‘tgan yil aprelidan buyon yopiq turibdi.

Qirg‘izistonliklarning 30 foizdan ko‘prog‘i O‘zbekistonni Qirg‘izistonga tahdid soluvchi davlat sifatida qabul qiladi.

Bosh qarorgohi Bishkekda joylashgan “M-Vyektor” konsalting agentligi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalari ana shundan dalolat beradi.

“M-Vyektor” konsalting agentligi rasmiysi Sergey Kulinin avgust oyida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijasida qirg‘izistonliklarning 32, 8 foizi O‘zbekistonni tahdid soluvchi mamlakat qatorida bilishlari aniqlanganini aytdi.

O‘tgan yili 33, 6 foiz respondent O‘zbekistonni dushman davlat qatorida tilga olgandi. Bu esa joriy yilda mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan deyarli bir foizga ozayganini anglatadi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Qirg‘izistonga tahdid qiluvchi davlatlar ro‘yxatining birinchi pog‘onasini AQSh egallagan. O‘tgan yili respondentlarning 36 foizga yaqini, joriy yilda esa respondentlarning 46 foizga yaqini AQShni Qirg‘izistonning asosiy dushmani sifatida e‘tirof etganlar.

Qirg‘izistonga tahdid soluvchi davlatlar ro‘yxatida 2-o‘rinni O‘zbekiston, 3-o‘rinni Xitoy, 4-o‘rinni Tojikiston, 5-o‘rinni Eron egallagan.

- Mazkur so‘rovda 2000 odam ishtirok etgan va so‘rov respublikaning 70 ta hududida olib borilgan. So‘ralganlarning 400 nafari, ya‘ni 20 foizi o‘zbeklardir, - dedi Sergey Kulinin.

“M-Vyektor” agentligi rasmiysi so‘ralgan qirg‘izistonlik o‘zbeklarning necha foizi va janubiy Qirg‘izistonda so‘ralganlarning necha foizi O‘zbekistonni tahdid soluvchi davlat sifatida ko‘rishi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar alohida tadqiq etilmaganini aytdi:

- Bu savolni biz hududiy nuqtai nazardan o‘rganganimiz yo‘q. Biz mamlakat bo‘yicha umumiy tasavvurni o‘rganishni maqsad qilgan edik, - dedi Sergey Kulinskiy.

Mazkur agentlik o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovda respondentlarga “Qirg‘iziston hukumati qaysi davlatlar bilan hamkorlikka ko‘proq e‘tibor berishi zarur?” degan savol ham berilgan.

Bu savolga so‘ralganlarning 17 foizga yaqini “O‘zbekiston bilan” deb javob bergan. Aytib o‘tish lozimki, o‘tgan yilgi ijtimoiy so‘rovda ayni mana shu savolga so‘ralganlarning 11 foizi O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish zarur, deb javob bergandi. Demak, bir yil ichida “O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish lozim” deb hisoblovchilar soni 6 foizga ko‘paygan.

Ijtimoiy so‘rov natijasida qirg‘izistonliklarning asosiy qismi Rossiyaga ishonch bildirishi ham aniqlangan. Masalan, so‘ralganlarning 1 foizga yetmagan qismi Rossiyani Qirg‘izistonga tahdid soluvchi davlat qatorida ko‘rishini bildirgan. Ayni paytda so‘ralganlarning 95 foizi Qirg‘iziston asosan Rossiya bilan hamkorlik qilishi tarafdori. Asnoda so‘ralganlarningg faqat 8 foizigina AQSh bilan hamkorlik qilish lozimligini ta‘kidlashgan.
XS
SM
MD
LG