Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:55

Qamchi Ko‘lbayev ozod qilindi


Qirg‘iziston jinoyat olami yetakchilaridan biri, AQSh prezidenti Barak Obama tomonidan “Dunyodagi eng yirik narkoqirollar” qora ro‘yxatiga kiritilgan, shu yilning 21 iyul kuni Abu Dabi shahrida zargarlik do‘konini to‘naganlikda gumonlanib, mahalliy politsiya tomonidan qo‘lga olingan qirg‘izistonlik Qamchi Ko‘lbayev ozodlikka chiqdi.

Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahar sudi 6 avgust kuni Qamchi Ko‘lbayevni hibsda saqlashga asos yo‘q, deb hisoblab, uni ozod qildi.

Bu borada ma‘lum qilgan Qamchi Ko‘lbayevning advokati Ikramiddin Aytqulovga ko‘ra, tekshiruvlar natijasida uning jinoyatga aloqadorligi aniqlanmagan:

- Avval ma‘lum qilinganday, uning Abu Dabidagi zargarlik do‘konini to‘nalishiga aloqasi borligi tasdiqlanmadi. Rostdan ham u yerda bir do‘kon to‘nalgan va bu ishda Osiyo millatiga mansub shaxslar gumonlangan. Politsiya tashqaridan kelganlarni chaqirib, tekshira boshlagan. Keyin Ko‘lbayevni qamoqdan qochdi, deb Interpolga berilgan eski delo chiqib qolgan. Mazkur ish bo‘yicha Ko‘lbayev Chuy viloyat sudi tomonidan oqlangani isbotlanganidan keyin, uni hisbda saqlashga asos yo‘q, degan sabab bilan ozod qilishdi, - der ekan Ikramiddin Aytqulov Ko‘lbayev bilan birga qo‘lga olingan va uning o‘ng qo‘li sifatida talqin qilinuvchi Almanbet Anapiyayev hamda Adilet Kasenov hibsdan bo‘shatilgan-bo‘shatilmagani borasida ma‘lumotga ega emasligini, ularning ishi bilan shug‘ullanmaganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari rasmiylari Ko‘lbayevning ozod qilingani borasidagi ma‘lumotni na tasdiqlayaptilar, na-da inkor qilayaptilar.

Xususan, Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiylari bu borada izoh berishdan bosh tortdilar. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Baqit Seyitov esa Ko‘lbayevning ozodlikka chiqqan-chiqmagani hozirda aniqlanayotganini aytdi:

- Vazirligimizga u yoqdan uning bo‘shatilganini tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi ma‘lumot kelmadi. Biz o‘zimizning kanallar va Interpol orqali bu masalani o‘rganayapmiz. Biroq biz Ko‘lbayev bo‘yicha barcha hujjatlarni Bosh prokuraturaga o‘tkazib berganimiz bois bu masalaning oxiriga o‘sha organ yetishi kerak. Shuning uchun bu borada tasdiqlangan ma‘lumot yo‘q, - dedi Baqit Seyitov.

Qamchi Ko‘lbayev Qirg‘izistonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi urush e‘lon qilingach va jinoyat olamining 200 ga yaqin a‘zosi, jumladan, jinoiy guruhlar rahbarlari qamoqqa olingach, mamlakatni tark etgan edi.

Qamchi Ko‘lbayev Abu Dabi shahrida qo‘lga olinganidan keyin Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi uni Qirg‘izistonga qaytarish bo‘yicha arabistonlik hamkasblari bilan kerakli ishlar olib borilayotganini ham ma‘lum qilingandi.

Qirg‘iziston sobiq bosh prokurori Qubatbek Baybolov fikricha, Qirg‘iziston tergov organlari Ko‘lbayevni qaytarib kelish va jazoga tortish bo‘yicha yetarli dalillarni topa olmagani sababli Ko‘lbayev ozod qilingan:

- “Abu Dabida qo‘lga olindi” degan ma‘lumotga men ko‘p ham ishonmaganman. Sababi men o‘sha materiallarni bilaman. U yerda yetarli dalillar yo‘q bo‘lmagan ham. Abu Dabida ham qo‘yilgan ayblovlar yetarli darajada isbotlanmagan. Shu sababli qo‘yib yuborilgan bo‘lishi kerak, - dedi Qubatbek Baybolov.

37 yoshli Qamchi Ko‘lboyev 2006 yildan beri Qirg‘izistondagi uyushgan jinoiy guruhlarni boshqarib kelayotgani aytiladi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Melis Turg‘anbayev avvalroq Ozodlikka Qirg‘izistonda narkotiklar noqonuniy aylanmasi sobiq prezidentning ukasi Janish Bakiyev va jinoiy guruhlar rahbarlari Qamchi Ko‘lbayev hamda Almanbet Anapiyayev nazoratida bo‘lganini aytgandi.

Shu yilning 1 iyunida AQSh prezidenti Barak Obama qirg‘izistonlik Qamchi Ko‘lbayevni “narkotik qirollari” qora ro‘yxatiga kiritgan.
XS
SM
MD
LG