Линклар

logo-print
8 sentabr - Jurnalistlarning halqaro birdamligi kuni. Bu kun chex jurnalisti Yulius Fuchik sharafiga 1958 yildan buyon nishonlanib keladi.

1943 yilning 8 sentabrida Yulius Fuchik gitlerchi fashistlar tomonidan konsentratsion lagerda qatl etilgan edi.

Fuchikning “Dor ostidan reportaj kitobi” 70 dan ortiq tilga tarjima qilingan.

Yillar o‘tib, 8 sentabr nafaqat mashhur chex jurnalisti xotirlanadigan, balki jurnalistlar boshiga ish tushgan hamkasblaridan xabar oladigan kunga ham aylangan.

Xo‘sh, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz orasida birdamlik bormi? Birov bor, deydi. Birov – yo‘q.

***

O‘zbekiston teleradiokompaniyasida 20 yil ishlagan jurnalist Malohat Eshonqulova o‘z sobiq hamkasblari orasida birdamlik oshkora ko‘rinmasligini aytib, buni ichki qo‘rquv bilan bog‘ladi:

- Ehtimol, ichki qo‘rquvni yenga ololmasligi. Masalan, bizning kurashlarimizga bag‘ishlangan bir nechta katta yig‘ilishlar bo‘ldi. Yig‘ilish boshlanishidan oldin hamkasblarimiz oldimizga kelib, shaxsan menga: “bugun sizlarni qo‘llab yig‘ilishga chiqamiz, rahbariyatga qarshi chiqamiz”, deganlar bo‘lgan. Yig‘ilish boshlanganida haqiqattan minbarga chiqqan. Rahbarning salobati bosibmi, qo‘rqibmi - bizga aytgan gaplarining teskarisini aytib, lol qoldirgan, - deydi soxta birdamlik haqida jurnalist.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasidagi korrupsiya, mahalliychilik haqida jar solgan Malohat Eshonqulova va Saodat Omonovalarni o‘z kurashlarida mutlaqo yolg‘iz qolgan, deb ham bo‘lmaydi.

- Go‘yo birdamlik yo‘qdek ko‘rinadi. Birdamlik bo‘lganida edi, mana shu nohaqliklarni ko‘rib, bilib, guvohi bo‘lib turgan hamkasblarim bizga qo‘shilganida, kurashlarimiz taqdiri ayanchli yakun topmagan bo‘lar edi. Lekin aytishim kerak, qisman, qaysidir ma‘noda birdamlik bor. Bu birdamlik yashirin tarzda. Bizni qo‘llab turgan hamkasblarimiz ham yo‘q emas edi. Lekin men bu birdamlik ochiq, oshkora bo‘lishini istagan bo‘lar edim, - deydi jurnalist Malohat Eshonqulova.

“Farg‘ona.ru” axborot agentligida o‘zining o‘tkir maqolalari bilan tanilgan jurnalist Aleksey Volosevich mahalliy matbuot jurnalistlari orasida birdamlik umuman yo‘q ekanini aytadi:

- Bema‘ni qo‘rquv ko‘proq seziladi. Agar biror nima bo‘lib qolsa, lavozimidan quruq qolishidan qo‘rqishadi. Birdamlik so‘zsiz mustaqil jurnalistlar orasida hozir kuchli, - dedi Aleksey Volosevich.

Volosevichning fikriga O‘zbekistonning chekka viloyatida faoliyat yuritadigan jurnalist Sergey Naumov ham qo‘shiladi:

- Agar birdamlik bo‘lgan taqdirda ham, u yuzaki birdamlik. Aslida jurnalist boshiga muammo tushsa, bu hamkasblarning uni chiqmay qoladi. Mustaqil jurnalistlar orasida birdamlikning kuchliligiga ularning doimiy mudofaada turishga majburligidan, - deydi xorazmlik jurnalist Sergey Naumov.

8 sentabr "Xalqaro Jurnalistlar birdamligi kuni" deya e‘lon qilinganiga 50 yildan oshdi.

Ushbu kun 1958 yil Buxarestda bo‘lib o‘tgan jurnalistlar halqaro tashkilotlarining 4-kongressida e‘lon qilingan edi.

Ayni paytda o‘zbek qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tayotgan jurnalistlar soni 11 nafarga yetdi. Bu raqamni halqaro “Chegara bilmas tashkiloti” shu yilda chiqarilgan hisobotida tilga olgan. Mahalliy jurnalist va huquq faollari bu ro‘yxatga yana bir necha jurnalistlarni qo‘shadi.

“Qamoqxonada ijod qilayotgan jurnalist Xayrullo Hamidovning hamkasblarida ham birdamlik yo‘q”, - deydi toshkentlik mustaqil jurnalist Sid Yanishev.

- Biz u ishlagan tahririyatga telefon qilganimizda jurnalistlar bu voqeadan xabari yo‘qligini aytishgan edi. Hatto Xayrullo Hamidov haqida so‘ramoqchi bo‘lganimizda telefon go‘shagini ham qo‘yib qo‘yishgan. Qo‘rquv bo‘lgan joyda birdamlik haqida gapirish mushkul. Shuning uchun ham jurnalistlar birdamligi nisbiy tushuncha. Boshiga kulfat tushgan O‘zbekiston matbuoti jurnalistini o‘zinikilar qo‘llamaydi, - dedi toshkentlik mustaqil jurnalist Sid Yanishev.

Sid Yanishevga ko‘ra, toshkentlik yosh jurnalist Yelena Bondarni bir necha soat bojxonachilar ushlab turgani O‘zbekistondagi mustaqil jurnalistlarni birlashtirgan.

- Menimcha, birdamlik mustaqil jurnalistlar orasida bor. Eng so‘nggi voqea - Yelena Bondar misolida aytishim mumkinki, biz tezda birlashdik, voqeani qo‘limizdan kelgancha matbuotda yoritdik. To‘g‘ri, biz norozilik namoyishi qila olmaymiz. Biz voqea joyiga borib, qandaydir yordam qilishga harakat qilamiz, - dedi toshkentlik jurnalist Sid Yanishev.

O‘zbekistonni so‘nggi o‘n yil ichida turli ta‘qiblar ostida o‘nlab jurnalistlar tark etgan. Ayni paytda o‘zbekistonlik jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash vazifasi hamkasblarining emas, balki xalqaro tashkilotlar zimmasida qolmoqda.
XS
SM
MD
LG