Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:33

Tojikistonlik o‘qituvchilar qasamyodga keltiriladi


Tojikiston Ta‘lim vazirligi tomonidan tayyorlangan qasamyoddan maqsad o‘rta maktablarda ta‘lim sifatini yaxshilash ekani aytilmoqda.

Tojikiston Ta‘lim vazirligining bilim va innovatsiya bo‘limi xodimi Rajabali Sangov yangi o‘quv yilida respublika o‘rta maktablarining aksariyatida o‘qituvchilarni qasamyodga keltirish marosimi o‘tkazilganini ma‘lum qildi.

“Tojikiston Konstitutsiyasiga asoslangan va mas‘uliyatni his qilgan holda, ta‘lim-tarbiya ishlari bilan sidqidildan shug‘ullanib, hamkasblarim, shogirdlarim va ota-onalar sharafi va hurmatini bajo keltiraman. Jamiyatda paydo bo‘layotgan har qanday salbiy omillarga qarshi turaman. Har qanday vaziyatda zimmamdagi majburiyatni sabr bilan bajarishga intilaman”, deyiladi vazirlik mutaxassislari tomonidan tayyorlagan qasamyod matnida.

Ayni paytda mavzu yuzasidan muxbiringiz bilan suhbatlashgan o‘nga yaqin tojikistonlik o‘qituvchi hozircha qasamyod qabul qilmaganini, chunki qasamyod matni hali ularga topshirilmaganini bildirdi.

- Hozircha hech kim bizga bu borada biror narsa degani yo‘q. Bizda hozir faqat mustaqillikni nishonlash tadbirlari bo‘layapti, qasamyod matni bayramdan keyin biz tomonga kelsa kerak-da, - deydi suhbatdoshlarimizdan biri, Shahrituz tumanidagi 67-o‘rta maktabda ona-tili va adabiyotdan saboq berayotgan Mehriniso Qalandarova.

Asnoda bir guruh mustaqil tahlilchilar va huquqshunoslar Ta‘lim vazirligining respublika maktablarida ta‘lim sifatini yaxshilashga oid so‘nggi qarorini quvvatlamasliklarini aytmoqdalar.

Ish faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan huquqshunos Zafar Qurbonov vazirlik mutaxassislari tavsiyanomayu, qasamyod yozish o‘rniga, ko‘chalarga sochilgan o‘quvchilarni maktablarga qaytarish, ularning yetarli bilim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish ustida bosh qotirishi lozim, deya mulohaza bildiradi.

- Tojikiston Konstitutsiyasida ham, yaqinda qabul qilingan “Farzandlar tarbiyasida ota-ona mas‘uliyati to‘g‘risida”gi qonunda ham o‘qituvchi qasamyod qilishi qayd etilmagan. Nega vazirlar, shahar va tuman raislari: “Xalqimga halol xizmat qilaman” deya qasamyodga keltirilmaydi? Menimcha, o‘qituvchining qasamyodga keltirilishi juda kulgili, - deydi huquqshunos Zafar Qurbonov.

Undagi ma‘lumotlarga ko‘ra, mustaqillik yillarida respublika o‘rta maktablarida ta‘lim va tarbiya sifati keskin yomonlashgan.

- Maktabni bitirgan o‘quvchilar orasida o‘z ism-familiyasini yoza olmaydigan o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil qilishi fikrimizning isbotidir, - deya qo‘shimcha qildi huquqshunos Qurbonov.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil birgina So‘g‘d viloyatida taxminan to‘rt yuzga yaqin yosh o‘qituvchi maktabni tark etgan. Bunga esa o‘qituvchilar oylik maoshlarini o‘z vaqtida ololmagani sabab bo‘lgani aytiladi.

Tojikiston ta‘lim vaziri Abdujabbor Rahmonov shu yil iyun oyida jurnalistlarga bergan matbuot anjumanida har yili minglab mutaxassislar tayyorlanayotganiga qaramay, respublika maktablarida 17 mingdan ortiq o‘qituvchi yetishmasligini e‘tirof etgandi.

Tahlilchilar esa buning sababini o‘qituvchilarning oylik maoshi juda ozligi bilan izohlaydilar.

Ayni paytda Tojikiston mustaqilligining yigirma yillik yubileyi arafasida Ta‘lim vazirligi tomonidan qabul qilingan yangi qarorga binoan qasamyod qilgan, ammo unga xilof ish ko‘rgan o‘qituvchilar jazoga tortilishi aytilmoqda.

- Huquqiy asosga ega bo‘lgan hujjat talablarini buzgan yoki bajarmagan o‘qituvchilar Tojikiston Mehnat kodeksining 123-bandiga muvofiq, intizomiy jazoga tortiladi, - deya ma‘lum qildi Tojikiston Ta‘lim vazirligining yuristi Sayvali Qodirov.

Ko‘pchilik tojikistonliklarga g‘ayrioddiy tuyulayotgan o‘rta maktab o‘qituvchilarni qasamyodga keltirish tadbirining oliy o‘quv yurtlari muallimlariga daxli yo‘qligi bildirildi.
XS
SM
MD
LG