Линклар

O‘qish boshlanmay turib paxtazorga haydalgan talabalar o‘ta og‘ir sharoitda ishlashga majbur qilinmoqda.

“Talabalarni fashistlardek qiynashayapti”

O‘zbekistonda talabalarning paxta terimi davrida mehnat normalariga javob bermaydigan sharoitlarda yashab, ishlashlari sobiq ittifoq davridan buyon kuzatib kelinmoqda.

Andijon Tibbiyot institutining pediatriya fakulteti talabalari Ozodlikka elektron maktub yo‘llab, o‘zlarining o‘ta nochor sharoitlarda paxta terayotganliklari haqida yozib, “fashistlarcha” munosabatda bo‘layotgan domlalarning bedodliklaridan qutqarish uchun ko‘mak so‘raydilar.

“Bizga yordam kerak, bizni yani studentlarni fashistlardek qiynashyapti. Ertalab soat 4:00 dan dala maydoniga olib chiqib kuniga 100kg dan paxta terdirishyapti. Suvimiz yöq. Obedni 13:00 da berishyapti. Kechqurun 12:00 dan keyin uxlagani yotyapmiz. Xoxlagan payti uxlagan joyimizdan turgizishib shtab qilishadi. Domla XUSAN G'ANIYEVICH tog'ri kelgan studentni chidab bo'lmas xaqoratlar bilan so'kadi. Bizga yordam so'rab qolamiz. Pediatriya fakulteti talabalari”

Ozodlik ushbu maktub ortidan Andijon Tibbiyot institutiga qo‘ng‘iroq qilib¸ Pediatriya fakulteti 189 nafar talabasining Ulug‘nor tumanidagi “Oltin chanoq” fermer xo‘jaligi dala shiyponiga joylashtirilganini aniqladi.



Andijonlik talabalar paxtaga ketayapti.

“Normani bajarmasak yuqoridan so‘kish eshitamiz”

Ozodlik muxbiri maktubda tilga olingan domla Husan G‘aniyevich Mamadiyev bilan telefon orqali bog‘lanib, talabalar shikoyati bo‘yicha izoh so‘radi.

Kutilganidek, Husan Mamadiyev talabalarning barcha shikoyatlarini inkor qildi.

Biroq domla Mamadiyev norma borasida o‘zining yuqoridan berilgan topshiriqni bajarishga majbur ekanligini yashirmadi.

- Soat 7 da dalaga tushadi bolalar. 5.30-6 da turishadi. O‘zlari turadi. Daje biz podëm ham qilmaymiz. O‘zlari uje o‘rganib qoldi turishga. Kechqurin 10 da ëtishadi. Biz uni nazorat qilamiz. Ustida shuncha domlalar bor. Hamma sharoit bor. Norma 75 kilo. Viloyat hokimi Ahmadjon Tugilovich tomonidan belgilangan. 75 kiloni bajarishayapti bizning talabalar. Endi Nigora Kamolovna bizga mas‘ul. Har kuni yig‘ilishga boramiz. Yig‘ilishda kunlik normani 75 kiloga chiqarayapmiz.

Ozodlik: Bolalar “Normani bajarmagan odamni chiqarib hammaning oldida haqorat qilishayapti” deb yozishgan.

- Yo‘q, hech kim haqorat qilgani yo‘q. Hali shtab ham boshlaganimiz yo‘q. Bizning vaqtimiz yo‘q. Mana kelib so‘rang. 35 kilo tergani bor, 55 kilo tergani bor. Hech kim haqoratlagani yo‘q. Kelib so‘rangchi ichidan mana. Endi "ko‘paytir" deyish mumkin. Axir bizga ham norma qo‘yilgan. Otryad rahbariman men. Ahmadjon Tugilovich “normani bajarasan” degan, bajarishimiz kerak o‘shani. Chunki bo‘lmasa u yerda biz so‘kish eshitamiz. Endi bir-ikki gapiramiz, terganini terayaptida. Biz hech qanaqa jazo qo‘llamaymiz. Talabaku u, dedi domla Mamadiyev.

Shuningdek, Husan Mamadiyev talabalarning suv yo‘qligi va oziq-ovqat borasidagi shikoyatini ham o‘rinsiz deb topdi.

- Vaziyat eng zo‘r. Suv bor shiyponimda. Hech kimda yo‘q suv. Maktabda ëtaëtganlarda yo‘q. Prizivnoy suv olib boradigan joylari bor. Menda hamma sharoit bor dam olish uchun, boshqa uchun. Men tushunmadim nimaga unaqa yozishgan. Obedgacha taxminan 100 litr qaynatilgan suv berdim iloji boricha. Qaynatib olib kelib berayapmiz hammasini. Alohida menda familiyalar bor. Suv bilan ta‘minlaydigan bolalarim bor. Ikkitasi suv bilan, chanoq bilan ta‘minlaydi bolalarni. Ovqatda kuniga 20-22 kilo go‘sht ishlatayapman 15 500 so‘mdan olib. Bizga rektorimizning buyrug‘i bilan har kuni sentrilizovanniy keladi. 20-22 kilo go‘sht keladi shtabga. Men uni ikkiga bo‘lib obedga va kechqurunga solaman bolalarga. Siz o‘zingiz kelib ko‘ring. Hozir kelib ko‘rishingiz mumkin sharoitni, dedi Husan Mamadiyev.

Husan Mamadiyev bilan suhbat:


“Uch kundan buyon ovqat berishmadi”

Domla Husan Mamadiyev “vaziyat zo‘r”ligini ta‘kidlagan bir paytda, Ozodlikka Surxondaryoning Chiroqchi tumanidan Ozodbek ismli yigit qo‘ng‘iroq qilib, talabalar bilan bog‘liq sharoitlarning o‘ta og‘irligidan shikoyat qildi.

Ozodbekka ko‘ra, Chiroqchi Tibbiyot kollejida o‘qiyotgan singlisi buyragi xastaligi haqida tibbiy ma‘lumotnoma (VKK)si bo‘lishiga qaramasdan paxtaga olib ketilgan.

Ozodbek singlisi va uning kursdoshlari oziq-ovqatdan qiynalayotgani, o‘ta nochor sharoitlarda yashashga majbur bo‘layotganliklari, shuningdek, talabalar domlalar tomonidan bosimga uchrayotgani haqida xabar qildi.

- Palatkada yotishar ekan. Joylari zax deydi. “Ko‘rpachalarimiz ho‘l bo‘lib ketadi. Chiqarib ëyamiz. Shunda ham qurimaydi” deydi. Keyin uch kun ovqat berishmagan. Ertalab choy ham qilib berishmagan. Uylaridan olib borgan produkta bilan ovqatlanishgan. Hozir yana telefon qilayapti “produktam qolmadi, bularning ovqati yaxshi emas, juda kam” deb. Shtab degan narsasi bor ekan. 65 kilo terish kerak ekan. Lekin 65 kilo teradigan paxtaning o‘zi yo‘q, deyishayapti. Kam terganlarni shtab qilar ekanda, bolalarni o‘rtaga chiqarib, qiz bola bo‘ladimi, o‘g‘il bola bo‘ladimi o‘zlarining kursdoshlarining oldida haqorat qilar ekan, deydi chiroqchilik Ozodbek.

Chiroqchi Tibbiyot kolleji rahbariyatidan bu borada biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Kollej direktori kotibasi rahbariyatning barcha xodimi dalaga ketganini aytdi. Kollejning daladagi paxta shtabi bilan esa bog‘lana olmadik.

Odatda talabalar o‘qishdan haydalish xavfi bois paxtaga chiqishga majbur bo‘ladilar.

O‘tgan yili Guliston davlat univyersiteti Agroiqtisodiyot fakultetining talabasi Javlon Tog‘ayev paxta terish normasini bajarmagani uchun o‘qishdan haydalgan va keyinchalik univyersitet ma‘muriyatini sudga berib, sud hukmiga ko‘ra, o‘qishga qayta tiklangan edi.
XS
SM
MD
LG