Линклар

logo-print

HRU: "Gulnora Karimova moda olamidan haydalishi kerak!"


O‘zbekiston Xalq harakati a‘zolari Nyu Yorkda norozilik tadbiri o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston Xalq harakati a‘zolari Nyu Yorkda norozilik tadbiri o‘tkazmoqda.

Guli kolleksiyasi ko‘rgazmasining Nyu York Moda haftaligi dasturidan olib tashlanishi ortidan Hyuman Rayts Uotch shunga umid qilmoqda.

- Bundan keyin Nyu York Modalar haftaligi kabi obro‘li tadbirlar shohsupasida repressiv hukumat manoyandasi bo‘lgan dizaynerga o‘rin berilmaganidan mamnunmiz, deydi Ozodlik bilan suhbatda Hyuman Rayts Uotch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Hyu Uilyamson.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi o‘z kolleksiyasini Nyu Yorkning Linkoln markazida 15 sentabr kuni dizayn olamining Ralf Loren, Kelvin Klayn, Naim Xan kabi nomdorlari bilan bir qatorda taqdim etishni rejalayotgan edi.

Ammo Moda haftaligi tashkilotchilari Hman Rayts Uotch inson huquqlari tashkiloti bosimlari, O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida bolalar mehnatidan foydalanilishiga qarshi norozilik namoyishlari hamda Amerika matbuotida bosilgan bir qator maqolalar bois Karimova xonim liboslari ko‘rgazmasini bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Nyu York Modalar haftaligi tashkilotchisi bo‘lgan IMG (International Management Group) shirkati vakili Zak Eykman: "Xavotirga sabab bir necha masalalar ko‘tarilgani bois 15 sentabrga belgilangan “Guli” shousini bekor qildik", - deb bildirdi matbuotga jumladan.

- Bolalarni qul qilib ishlatish, dissidentlarni qiynoqqa solish hech qachon bezak bo‘lmagan. Moda haftaligi shohsupasida repressiv hukumat vakiliga o‘rin berilmagani bu rejim uchun to‘g‘ri mujda yo‘llaydi, deb umid qilamiz”, deydi Hyuman Rayts Uotch tadqiqotchisi Uilyamson Ozodlik bilan suhbatda.

Huquq faollari hamda jurnalistlar Moda haftaligi tashkilotchilari e‘tiborini O‘zbekistonda prezident Islom Karimov rejimi ostida sodir etilayotgan jiddiy qonunbuzarliklar, mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli, bolalar mehnatidan voz kechilmayotganiga qaratishdi.

Hyuman Rayts Uotch tashkilotiga ko‘ra, o‘zbek qamoqxonalarida bir qancha jurnalist, huquq va muxolifat faoli azob chekmoqda, muntazam qiynoqqa solinmoqda.

Har yili ikki milliondan ortiq bola maktabda o‘qish o‘rniga paxta dalasiga haydaladi¸ deb davom etadi tashkilot rasmiysi.

- Gulnora Karimova, inson huquqlari eng abgor bo‘lgan o‘zbek rejimining asosiy namoyandalaridan biri hisoblanadi. Bu kabi tadbirlar uning o‘zi va otasi bosh bo‘lgan hukumat imidjini oqlashga yordam beradi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deydi Hyu Uilyamson.

Hyuman Rayts Uotch tashkiloti bayonotlari hamda gazetadagi chiqishlardan tashqari, O‘zbekiston Xalq harakati faollari ham Moda haftaligi o‘tayotgan Linkoln markazi qarshisida namoyish o‘tkazishdi, nyu yorkliklarga varaqalar tarqatishdi.

Shior va varaqalarda "O‘zbek bolalari Gulnora Karimovani boyitish uchun qul kabi paxta termoqda"¸ " Gulnora sen 4 yil oldin mening haqqimni yegansan!" degan mazmundagi ëzuvlar bor edi.

Moda haftaligi tashkilotchilaridan biri shanba kuni namoyish qatnashchilari oldiga chiqib, “Sizlar g‘olib bo‘ldingizlar, Gulnoraning tomoshasini bekor qildik, u qatnashmaydigan bo‘ldi”, deb aytgan.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi so‘nggi yillarda dunyo aslzodalari davralarida saxovatpesha ayol sifatida Sheron Stoun, Elton Jons va hatto AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton qatnashgan davralarda ko‘zga tashlana boshlagan edi.

O‘tgan yili u o‘zining Guli brendi ostidagi kiyimlari va taqinchoqlari bilan Nyu Yorkdagi Modalar haftaligida ishtirok etgan edi.

Hyuman Rayts Uotch tashkiloti Nyu Yorkdagi Moda haftaligi tashkilotchilari va homiylariga maktub yo‘llab, toki O‘zbekistonda inson huquqlari vaziyati yaxshilanmas ekan¸ Gulnora Karimovani bundan buyon ham o‘z tadbirlariga taklif etmaslikni so‘radi va boshqa shirkatlarni ham shunga chaqirdi.

Ikki yil avval Gulnora Karimovani "Dunyoning eng yomon qizlari" ro‘yxatiga kiritgan "Foreign Policy" jurnali “Karimova xonim Yevropada xushbichim qomatli, saxovatpesha ayol sifatida tanilgan, uni katta davralarda yulduzlar bilan birga ko‘rish mumkin, vatani O‘zbekistonda esa Karimova xonim qattol diktator otasining vorisi bo‘lishga tirishayotgan va yirik moliya orttirish yo‘lida otasining mavqeidan foydalanayotgan shaxs" ekani haqida yozgan edi.

Avvalroq, bu ro‘yxatga Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Irning qizi Kim Jong Nam, Xitoy Prezidenti Xu Jintao qizi Xu Nayfeng, Birmaning so‘nggi bosh vaziri Ne Vinning qizi Sandar, Tailand sobiq bosh vaziri Taksin Shinavatraning qizi Pinxongtalar kiritilgan edi.

Gulnora Karimovaning Guli kolleksiyasi ko‘rgazmasining Nyu Yorkdagi Moda haftaligi dasturidan olib tashlanishi huquq himoyachilarining navbatdagi g‘alabasi o‘laroq ko‘rilmoqda.

Bundan oldin O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning yana bir qizi Lola Karimova-Tillayevaning Rue89 nashri ustidan bergan shikoyat arizasi Parij sudida qondirilmagan edi.

Sud prezidentning qizi va O‘zbekistonning YuNESKOdagi vakili Karimovani "diktatorning qizi", O‘zbekiston prezidentini esa "diktator", deb atagan fransuz jurnalisti Ogusten Skalbert o‘z maqolalarida bildirgan fikrlarni haqiqat deb tan olgan edi.
XS
SM
MD
LG