Линклар

Masjid Tinchlik prospektini qayta ta‘mirlash doirasida 11 sentabr kuni buzib tashlandi.

O‘tgan Ramazon hayitini nishonlash vaqtida Rossiya muftiylar kengashi raisi Ravil G‘aynuddin Moskva hokimiyatidan Tinchlik prospektidagi Jome‘ masjidi qurilishini davom ettirishga ruxsat olinganini gulduros ostida ovoza qilgan edi.

Ravil G‘aynutdin Moskvada tarixiy obidalarni nazorat ostiga olgan “Moskomnaslediye” davlat tashkiloti mutaxassislariga tayanib, poytaxtdagi Jome‘ masjidining tarixiy ahamiyatga ega emasligi va avariya holatiga kelib qolgan eski bino ibodatga kelayotgan musulmonlarga jiddiy xavf tug‘dirayotgani bois buzilganini ta‘kidladi.



Jome‘ masjidi qayta qurilishi haqida Ozodlikka gapirgan Rossiya muftiylar Kengashining xalqaro departamenti rahbari Rushan Abbasovga ko‘ra, aslida masjid binosini qayta ta‘mirlash ishlarini 2004 yili - binoqurilganining 100 yilligiga bag‘ishlab boshlash haqida Lujkov paytida qaror qabul qilingan¸ biroq bu jaraën so‘ngra kechiktirilgan.

- Masjidni chiroyli, ko‘rkam qilib ko‘tarishga qaror qilindi. Albatta¸ qog‘oz ishlari ko‘p vaqtni oldi, bu qog‘oz ishlarini tamomlagach, 2006 yilda biz yangi binoni ko‘tarishni boshladik. Shu payt eski binosida bir qator muammolar ko‘zga ko‘rindi. Birnchidan, masjidimiz ichida turli yoriq va tirqishlar paydo bo‘lgani aniqlandi. Bino darz ketgan ekan, Ka‘baga qarab 8 gradusga qiyshaygan. Binomiz texnik tomondan hech qanday himoyalanmagan. 2 sentabrda binoda yog‘ayotgan yomg‘ir oqibatida undanda katta yoriq paydo bo‘ldi. Shu sababli, bayramlarimizni tamomlagach, 10 sentabr kuni qurilishni olib borayotgan mutaxassislar 2009 yilda qabul qilingan qarorga binoan binoni buzishga kirishdi, deydi Rushan hazrat.



Rossiya muftiyati rasmiysining ma‘lum qilishicha, tarixiy bino yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, unga ming kishi sig‘ardi. “Yangi masjid binosida birdaniga 10 mingdan ziyod odam ibodat qilishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Rushan Abbasov.

Lekin Moskvadagi Jome‘ masjidi o‘rnida yangi¸ kattarog‘ining qurilishiga qarshi chiquvchilar ham oz emas. Ular 1904 yilda qurilgan bu bino tarixiy obida ekanligini ta‘kidlab, masjidni buzishga na qonuniy, na ma‘naviy asos borligini gapirishmoqda.

“Ishchilar maxsus texnika yordamida tarixiy masjid binosini poydevorigacha buzib tashlashdi”, dedi jurnalistlar oldida chiqish qilgan Moskva va Markaziy mintaqa muftiysi, Musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi raisi muovini Albir Krganov. U “AQShdagi 11 sentabr terrorchilik hujumlaridan roppa-rosa 10 yil o‘tib Moskvada yana fojia yuz berdi”, deya bayonot berdi.

2008 yilda Moskomnaslediye qoshidagi Tarixiy-madaniy ekspertlar kengashi (IKES) masjidni madaniy me‘ros obidalari qatoriga qo‘shgan, lekin 2009 yilning noyabrida bu qarorni bekor qilgan edi.

Masjid xarobalari.
Moskvadagi tarixiy obidalar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi “Arxnadzor” jamoat tashkiloti bino buzilishiga o‘z qat‘iy noroziligi to‘g‘risida bayonot berdi. “Biz umuman har qanday tarixiy bino buzilishiga qarshimiz”, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan “Arxnadzor” muvofiqlashtiruvchisi, moskvashunos olim Rustam Raxmatullin.

- Bu masjid¸ so‘zsiz¸ tarixiydir. Muxoliflarimizning binoning tarixiy obidalar ro‘yxatidan chiqarilganligi to‘g‘risida keltirayotgan iddaolari haqiqatga mos emas. Biz¸ albatta¸ 2009 yilda qabul qilingan ekspertlar qarorini qayta ko‘rib chiqamiz. Bu Lujkov davrida ovoz berish yo‘li bilan tepadan berilgan buyruq asosida qabul qilingan qarorlardan biri. Bugungi kunda u yoki bu binoning buzilishi to‘g‘risida qarorni faqat mutaxassislar qabul qiladi. Qolavyersa, diniy jamoat tashabbusi bilan Moskvada 100 yildan ortiqroq vaqt ichida birorta ibodatxona buzilmagan, deydi “Arxnadzor” harakati faoli.

Rustam Raxmatullin¸ masjid tarixiy qismini buzmasdan yoniga boshqa qurish mumkin edi, degan fikrda. U Sobyanin boshqarayotgan Moskva hukumatini irodasizlik va Moskvada sodir bo‘layotgan qator vahshiylik aktlariga ko‘z yumayotganlikda aybladi.

Buzilishdan avvalgi bino.
“Tarixiy binoning avariya holatiga kelib qolgani uni buzib tashlash uchun asos bo‘la olmaydi”, deya xulosa qildi Moskvadagi Jome‘ masjidi buzilishiga qarshi chiqayotgan moskvashunos olim Rustam Raxmatullin.

Olimpiyskiy stadioni yonginasida joylashgan Jome‘ masjid Moskvadagi masjidlar orasida eng yirigi va Tarixiy masjiddan keyin eng qadimgisi ham hisoblanadi.

Jome‘ masjid tarixi 1894 yildan boshlanadi. Shu sanadan boshlab Zamoskvorechega o‘rnashgan ko‘plab tatar oilalari Moskvada ikkinchi masjidni qurishga mahalliy hokimiyatdan ruxsat so‘rab kelgan. 1902 yildagina moskvalik S. Bakirov va savdogar X. Aqbulatovlarning Orenburg musulmonlar diniy yig‘ini nomidan topshirgan iltimosnomasi Moskva buyuk knyazi Sergey Aleksandorovich tomonidan ma‘qullangan.

1903 yilning dekabrida boshlangan masjid qurilishi boy savdogar Solih Yerzin hisobiga bir yilda qurib bitkazilgan.

Yuz yildan ortiqroq tarixga ega bu masjid biror marta ham yopilmagan, hatto qatag‘on yillarining eng og‘ir damlarida ham o‘z faoliyatini yuritavyergan.

Urush yillari frontga Moskva musulmonlari ana shu masjidda jamlagan xayr-ehson hisobiga tashkil topgan hatto bitta tank kolonnasi ham shu yerdan jo‘natilgan.

O‘z tarixi davomida bu masjidga Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir, Indoneziya prezidenti Sukarno, Liviya inqilobi yo‘lboshchisi Muammar Qaddafiy va boshqa rasmiy shaxslar tashrif buyurgan.

Mamlakatda musulmon jamoalarini birlashtirib turish maqsadida 1996 yili tashkil etilgan Rossiya muftiylar Kengashi hamda Rossiya Yevropa qismi musulmonlar diniy boshqarmasi (DUMER) ham shu yerda joylashgan.
XS
SM
MD
LG